16-modda. Arxeologiya ashyolarini davlatga topshirish hamda fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirib qoʻyish
Arxeologiya merosi obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida (O‘RQ-229-son) · Sana: 13.10.2009 · Amalda
Arxeologiya ashyolari ularni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda keyinchalik fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirib qoʻyish uchun davlatga topshirilishi kerak.
Ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeolog arxeologiya ashyolari davlatga topshirilishiga qadar ularning but saqlanishini taʼminlashi lozim.
Arxeologiya ashyolari davlatga topshirilganidan keyin ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeologga topshirilganlik faktini tasdiqlovchi hujjat beriladi.
Arxeologiya ashyolarini fan, madaniyat va taʼlim muassasalariga biriktirib qoʻyish toʻgʻrisida qaror qabul qilinayotganda, mazkur muassasalarda moddiy-texnika bazasining, shu jumladan, xona yoki xonalar, saqlash uchun zarur asbob-uskunalar, muhofaza vositalari hamda yongʻinga qarshi vositalarning mavjud boʻlishi majburiy shart hisoblanadi.
Arxeologiya ashyolari ular aniqlangan joyda qoldirilgan taqdirda, ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeolog madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi tegishli organ bilan birgalikda mazkur ashyolarni konservatsiyalash chora-tadbirlarini koʻrishlari lozim. Bunda mazkur arxeologiya ashyolari tavsiflanishi, suratga olinishi va ilmiy hisobotda koʻrsatib oʻtilishi kerak.
