Sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (2013-son)
08.10.2009
“SANOATKONTEXNAZORAT” DAVLAT INSPEKSIYASI BOShLIGʻINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 8-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2013]
Oʻzbekiston Respublikasi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 39-son, 386-modda) 15-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi 271-son “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar haqida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 50-son, 496-modda) 3-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Boshliq I. XOLMATOV
Toshkent sh.,
2009-yil 9-sentabr,
172-son
Oʻzbekiston Respublikasi Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2009-yil 9-sentabrdagi 172-son buyrugʻiga ILOVA
Sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirish
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 39-son, 386-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi 271-son “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar haqida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 50-son, 496-modda) muvofiq sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirish tartibini hamda ekspertiza xulosasini rasmiylashtirishga nisbatan qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
akkreditatsiya attestati — akkreditatsiya qilingan ekspert tashkilotlarining sanoat xavfsizligi ekspertizasi boʻyicha faoliyatni amalga oshirish vakolatini tasdiqlaydigan rasmiy hujjat;
buyurtmachi — sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirishga ariza bilan murojaat qilgan tashkilot;
sanoat xavfsizligi sohasidagi ekspert (keyingi oʻrinlarda ekspert deb yuritiladi) — sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshiradigan attestatsiyadan oʻtkazilgan mutaxassis;
sanoat xavfsizligi ekspertizasi (keyingi oʻrinlarda ekspertiza deb yuritiladi) — ekspertiza obyektining unga qoʻyiladigan sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligini baholash;
xavfli ishlab chiqarish obyektida ishlatiladigan texnik qurilmalar — xavfli ishlab chiqarish obyektida ishlatiladigan jihoz, uskuna, mexanizm, agregat, asbob va shu kabilar boʻlib, ulardan foydalanish xavfli ishlab chiqarish obyektlaridagi avariya yoki noxush hodisalarga olib kelishi mumkin;
ekspert tashkiloti — ekspertizani amalga oshiradigan, belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan tashkilot;
ekspertiza obyektlari — xavfli ishlab chiqarish obyektidagi loyiha hujjatlari, texnika qurilmalari, binolar va inshootlar, sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi va xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa hujjatlar;
ekspertiza xulosasi — ekspertiza obyektining sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligi (muvofiq emasligi) toʻgʻrisida asosli xulosalarni yoki xavfli ishlab chiqarish obyektlarining identifikatsiyalash natijalarini oʻz ichiga olgan hujjat.
2. Ushbu Qoidalarga muvofiq quyidagilarning ekspertizasi amalga oshiriladi:
xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishga doir loyiha hujjatlari;
xavfli ishlab chiqarish obyektida qoʻllaniladigan texnika qurilmalari (Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida foydalaniladigan texnik qurilmalarning turlari (tiplari) mazkur Qoidalarning 1-ilovasida keltirilgan);
xavfli ishlab chiqarish obyektidagi binolar va inshootlar;
sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi va xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bilan bogʻliq boshqa hujjatlar.
3. Ekspertiza ekspert tashkilotlari tomonidan mazkur Qoidalarning, shuningdek sanoat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlari va normativ texnik hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
4. Turli ekspertiza obyektlari ekspertizasini amalga oshirishda inobatga olinishi lozim boʻlgan talablar ekspertiza obyektlarining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi 271-son qarori bilan tasdiqlangan Sanoat xavfsizligi ekspertizasi tizimi toʻgʻrisidagi nizom hamda mazkur Qoidalarga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi deb yuritiladi) tomonidan belgilanadi.
5. Ekspertizani amalga oshirish sifati va natijalarining haqqoniyligi, shuningdek ekspertiza natijalarini saqlash uchun javobgarlik ekspertizani oʻtkazgan ekspert tashkiloti zimmasiga yuklatiladi.
6. Ekspertiza ekspert tashkiloti bilan xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanayotgan yoki undan foydalanishni moʻljallayotgan tashkilot oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
7. Ekspertiza xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanayotgan yoki undan foydalanishni moʻljallayotgan tashkilot mablagʻlari hisobidan oʻtkaziladi.
8. Ekspertizani amalga oshirish muddati ekspertiza obyektining murakkabligiga qarab belgilanadi, lekin sanoat xavfsizligi sohasidagi qonun hujjatlari va normativ texnik hujjatlarga muvofiq zarur boʻlgan materiallar va hujjatlar turkumi olingan hamda ekspertizani amalga oshirish boʻyicha boshqa barcha shartlar bajarilgan vaqtdan boshlab uch oydan oshmasligi kerak.
II. Ekspertizani amalga oshirish tartibi
9. Ekspertizani amalga oshirish jarayoni quyidagi bosqichlardan iborat:
a) dastlabki bosqich;
b) ekspertizani amalga oshirish uchun arizani qabul qilish;
v) hujjatlarni dastlabki baholash hamda ekspertizani amalga oshirish uchun shartnomani rasmiylashtirish;
g) ekspertiza obyektini baholash;
d) baholash natijalari boʻyicha ekspertiza xulosasini rasmiylashtirish.
Ekspertizani amalga oshirishning keyingi har bir bosqichi avvalgi bosqichlarda ijobiy natijalarga erishilgan taqdirda amalga oshiriladi.
10. Ekspertizaning dastlabki bosqichi uni amalga oshirishga masʼul boʻlgan ekspert tomonidan buyurtmachi vakili bilan quyidagi maqsadlar uchun oʻtkaziladi:
ekspertizani amalga oshirish tartibi, mazmuni va borishi haqida maʼlumot berish;
ekspertizani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan materiallar va hujjatlarni muhokama qilish hamda aniqlab olish;
ekspertizani amalga oshirish davomida olingan har qanday maʼlumot va axborot ekspert tashkiloti xodimlari tomonidan maxfiy maʼlumot sifatida koʻrilishi haqida maʼlum qilish (qonunchilikda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);
bajariladigan ish hajmlari va muddatlarini muhokama qilish va aniqlab olish;
zarurat boʻlganda ekspertiza obyektini baholashni joyiga borib oʻtkazish uchun tayyorgarlik koʻrishni muhokama qilish.
11. Ekspertizani amalga oshirish uchun buyurtmachi mazkur Qoidalarning 2-ilovasida keltirilgan shakl boʻyicha rasmiylashtirilgan arizani ekspert tashkilotiga taqdim etadi.
Ekspertiza obyektlarining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinishi zarur:
a) buyurtmachi va ekspertiza obyekti haqidagi maʼlumotlar;
b) loyiha, konstruktorlik, foydalanish, taʼmirlashga oid hujjatlar, xavfli ishlab chiqarish obyektining sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi, texnik qurilmalar hamda bino va inshootlarning pasportlari, xavfli ishlab chiqarish obyektidagi avariyaning kengayib ketishiga yoʻl qoʻymaslik va uning oqibatlarini tugatish rejalari, yoʻriqnomalar, texnologik reglamentlar, ekspertiza va xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiya qilish uchun kerak boʻlgan shifrlangan yoki maxsus belgiga ega boʻlgan boshqa hujjatlar (obyektga bogʻliq holda);
v) zarurat boʻlganda sinov dalolatnomalari (bayonnomalari), diagnostika (tekshiruvlar) natijalari, sertifikatlar (zarur boʻlganda komplekt uskunalar uchun ham), litsenziyalar, shuningdek mustahkamlik hisoblari va shu kabilar.
12. Notoʻgʻri toʻldirilgan yoki notoʻgʻri rasmiylashtirilgan ariza koʻrib chiqishga qabul qilinmaydi.
Taqdim etiladigan hujjatlar asl yoki buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan nusxalarda topshirilishi lozim.
13. Ekspert tashkiloti topshirilgan arizalarni tikilgan betlar soni koʻrsatilgan, ekspert tashkiloti muhri bilan muhrlangan daftar (jurnal)larda roʻyxatga oladi.
14. Ariza roʻyxatga olingan kundan boshlab besh ish kuni muddatida taqdim etilgan hujjatlar dastlabki baholanadi.
15. Taqdim etilgan hujjatlarni dastlabki baholashda hujjatlarning toʻliqliligi hamda bu hujjatlarda maʼlumotlarning yetarliligi oʻrganiladi.
16. Taqdim etilgan hujjatlarni dastlabki baholash natijalari salbiy boʻlganda, ekspert tashkiloti buyurtmachiga uning arizasi rad etilganligini asoslangan sabablari koʻrsatilgan holda xabarnoma yuboradi va buyurtmachi bilan kelishgan holda kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat belgilaydi.
17. Ekspert tashkilotining xabarnomasida koʻrsatilgan kamchiliklar kelishilgan muddatda buyurtmachi tomonidan bartaraf etilmagan taqdirda, ekspertiza amalga oshirilmaydi hamda taqdim etilgan hujjatlar buyurtmachiga qaytariladi.
18. Taqdim etilgan hujjatlarni dastlabki baholashda ijobiy natijalarga erishilgan taqdirda, ekspert tashkiloti buyurtmachi bilan ekspertizani amalga oshirish uchun shartnomani rasmiylashtiradi.
19. Shartnoma qiymatining kamida 15 foizi miqdoriga teng mablagʻ buyurtmachi tomonidan ekspert tashkilotiga toʻlanganda va zarur boʻlgan materiallar va hujjatlar toʻliqligicha olingandan soʻng, ekspert tashkiloti ekspertiza obyektini baholashga kirishadi.
20. Ekspert tashkiloti tomonidan ekspertiza obyektini baholash uchun malakali ekspertlar guruhi rasman tayinlanadi.
Ekspertlar guruhiga boshqa mutaxassislar ham kiritilishi mumkin, bunda mutaxassislar soni guruhdagi ekspertlar sonidan koʻp boʻlmasligi kerak.
21. Ekspertlar orasidan ekspertiza obyektini baholashning bevosita oʻtkazilishi, ekspertlar oʻrtasida vazifalarning taqsimlanishi va ekspertiza natijalarini rasmiylashtirilishi uchun javobgarlik yuklangan yetakchi ekspert tayinlanadi.
22. Ekspertlar ekspertiza obyektini unga nisbatan qoʻyiladigan sanoat xavfsizligi talablariga muvofiqligini baholashadi. Zarurat boʻlganda, ekspertlar taqdim etilgan maʼlumotlar va hujjatlarning toʻliqliligini, ishonchliligini va toʻgʻriligini aniqlashadi hamda ularning qonun hujjatlari va normativ texnik hujjatlar talablariga muvofiqligini baholashadi.
23. Zarurat boʻlganda ekspertlar ekspertiza obyektini baholashni joyiga borib oʻtkazishi mumkin.
24. Joyiga borib baholash oʻtkazilganda ekspertlar ekspertiza obyektiga bogʻliq ishlar talab darajasida olib borilishini kuzatadilar, shuningdek, kompleks tarzda quyidagilarga baho beradilar:
a) bino va inshootlar hamda asbob va uskunalarning yaroqliligi, shuningdek, sinov vositalari va asboblarning ularga xizmat koʻrsatilishi boʻyicha holatiga;
b) qadoqlash (markirovka) va identifikatsiya qilishning ishonchli tizimi mavjudligiga;
v) tegishli qonun hujjatlari, normativ texnik va uslubiy hujjatlar, qoidalar, ishchi yoʻriqnomalari mavjudligi hamda ularga amal qilinishiga;
g) hisobot hujjatlarining mazmuni va ularni rasmiylashtirish talablariga rioya etilishiga.
Buyurtmachi ekspertlar talabi boʻyicha ekspertiza obyektiga bogʻliq barcha tekshirish, diagnostika va sinov natijalari, hujjatlar, hisoblar, bayonnomalar va hisobotlarni taqdim etishi lozim.
25. Ekspertiza obyektining murakkabligiga qarab, yetakchi ekspert talabiga muvofiq mutaxassislar oʻzlari bajargan ishlar natijalari boʻyicha maʼlumotnoma tayyorlashadi.
26. Zarur hollarda ekspertizani amalga oshirish jarayonida ekspert tashkiloti qonun hujjatlari hamda normativ texnik hujjatlarda koʻrsatilgan uslublar yoki buyurtmachi bilan kelishilgan uslub va dastur asosida sinovlar oʻtkazadi.
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi oʻz vakolati doirasida beradigan xavfli ishlab chiqarish obyektlarida ishlarni bajarish uchun ruxsatnomalarga ega boʻlgan boshqa laboratoriyalarning sinov natijalaridan ham foydalanish mumkin.
27. Ekspertizani amalga oshirish jarayonida nomuvofiqliklar va kamchiliklar aniqlangan hollarda mazkur Qoidalarning 3-ilovasida keltirilgan shakl boʻyicha bayonnoma tuziladi.
Bayonnomada nomuvofiqliklar va kamchiliklarni bartaraf etish muddatlari buyurtmachi bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Bayonnomada koʻrsatilgan nomuvofiqliklar va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar buyurtmachi tomonidan mazkur Qoidalarning 3a-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq ekspert tashkilotiga yuboriladi.
Ekspert tashkiloti buyurtmachi tomonidan nomuvofiqliklar va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni, keltirilgan asoslarni va xavfsiz foydalanish boʻyicha koʻrilgan choralarni tahlil qiladi. Zarurat boʻlganda ekspertiza obyektini takroran joyiga borib baholash va tegishli sinovlar oʻtkazilishi mumkin.
28. Quyidagi hollarda ekspert tashkiloti tomonidan salbiy ekspertiza xulosasi rasmiylashtiriladi:
bayonnoma rasmiylashtirilgan sanadan oʻn ish kuni muddatida buyurtmachi tomonidan aniqlangan nomuvofiqliklar va kamchiliklarni bartaraf etish muddatlari kelishib berilmasa;
kelishilgan muddatlarda mazkur Qoidalarning 3a-ilovasiga muvofiq shaklda nomuvofiqliklar va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuborilmasa;
kelishilgan muddatlarda buyurtmachi tomonidan bayonnomada koʻrsatilgan nomuvofiqliklar va kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlari amalga oshirilmasa yoki amalga oshirilgan chora-tadbirlar, keltirilgan asoslar va xavfsiz foydalanish boʻyicha koʻrilgan choralar ekspert tashkiloti tomonidan yetarli emas deb hisoblanganda.
Salbiy ekspertiza xulosasida aniqlangan nomuvofiqliklar va kamchiliklar asoslantirilgan holda koʻrsatilishi lozim.
Ekspertiza natijalaridan norozi boʻlgan buyurtmachilar salbiy ekspertiza xulosasi rasmiylashtirilgan kundan boshlab bir oy davomida “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasiga yozma shikoyat berishi mumkin”.
29. Salbiy ekspertiza xulosasi rasmiylashtirilgan hollarda buyurtmachi salbiy ekspertiza xulosasini rasmiylashtirishga asos boʻlgan nomuvofiqliklar va kamchiliklarni bartaraf etib, ekspertizani amalga oshirish uchun takroran ariza berishi mumkin.
30. Foydalanilayotgan ekspertiza obyektiga salbiy ekspertiza xulosasi rasmiylashtirilganda, ekspert tashkiloti tegishli xavfli ishlab chiqarish obyektidan xavfsiz foydalanish boʻyicha tezkor choralar koʻrish uchun “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasiga ekspertiza natijalari haqida tezkor xabar yuboradi.
31. Ekspertizani amalga oshirish uchun taqdim etilgan hujjatlarni oʻrganish, ekspertiza obyekti holatini baholash hamda oʻtkazilgan tegishli sinovlar natijalari ijobiy boʻlganda yoki nomuvofiqliklar va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, keltirilgan asoslar va xavfsiz foydalanish boʻyicha koʻrilgan choralar ekspert tashkiloti tomonidan yetarli deb hisoblanganda ijobiy ekspertiza xulosasi rasmiylashtiriladi.
32. Ekspertlar mazkur Qoidalarning 4-ilovasida koʻrsatilgan ekspertiza xulosasini rasmiylashtirishga nisbatan qoʻyiladigan talablarga muvofiq ekspertiza xulosasini rasmiylashtiradi.
III. Ekspertiza xulosasini tasdiqlash
33. Ekspert tashkiloti ijobiy ekspertiza xulosasini rasmiylashtirgandan soʻng, oʻn kun muddat ichida ekspertiza xulosasini tasdiqlash uchun “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasiga taqdim etadi. Agar koʻrsatilgan muddatning tugashi ish kuni boʻlmagan kunga toʻgʻri kelsa, u holda tasdiqlash uchun taqdim qilish muddati keyingi ish kuniga qadar uzaytiriladi.
Ekspertiza xulosasini belgilangan muddat davomida tasdiqlash uchun taqdim qilish fakti “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining devonxonasi tomonidan kelib tushgan kuzatuv xatiga qoʻyilgan sanadan, agar ekspertiza xulosasi pochta orqali yuborilgan boʻlsa, aloqa boʻlinmasi tomonidan joʻnatma qabul qilingan sanadan qayd qilinadi.
34. Ekspertiza xulosalari “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasiga ekspert tashkiloti rahbari tomonidan imzolangan kuzatuv xati bilan 3 ta nusxada (1 ta asli va 2 ta nusxasi) taqdim qilinadi. Kuzatuv xatida ekspertiza xulosasining hisobga olish raqami koʻrsatilishi lozim.
35. Kuzatuv xati va unga ilova qilingan ekspertiza xulosalari amaldagi ish yuritish tartibiga muvofiq qabul qilinadi va roʻyxatga olinadi.
36. Ekspertiza xulosalarini tasdiqlash “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan ekspertiza xulosasi kelib tushgan kundan boshlab oʻttiz kun muddat ichida amalga oshiriladi. Agar koʻrsatilgan muddatning tugashi ish kuni boʻlmagan kunga toʻgʻri kelsa, unda ekspertiza xulosasini tasdiqlash muddati undan keyingi birinchi ish kuniga qadar uzaytiriladi.
Ekspertiza xulosalarini tasdiqlash malakali mutaxassislarni yoki manfaatdor tomonlar (ekspert tashkiloti, buyurtmachi, laboratoriya va boshqalar) vakillarini jalb qilish orqali batafsil oʻrganib chiqishni talab qiladigan hollarda, ekspertiza xulosalarini tasdiqlash muddati “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi (uning oʻrinbosari) qaroriga asosan yigirma kungacha uzaytirilishi mumkin.
37. Ekspertiza xulosalarini tasdiqlash quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) ekspertiza xulosalarini koʻrib chiqish;
b) ekspertiza xulosalarini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qaror qabul qilish;
v) ekspertiza xulosalarini hisobga olish.
38. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasida ekspertiza xulosalarini koʻrib chiqish va hisobga olishga masʼul boʻlgan boʻlinma va (yoki) xodimlar (keyingi oʻrinlarda masʼul xodimlar deb yuritiladi) tayinlanadi. Ekspertiza xulosalarini koʻrib chiqishda tegishli tarmoq inspeksiyalari xodimlari ishtirok etishlari shart.
39. Ekspertiza xulosalarini koʻrib chiqish ekspertiza obyektining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha oʻtkaziladi:
a) ekspertiza xulosasini rasmiylashtirishga nisbatan qoʻyiladigan talablarga amal qilinganligi;
b) ekspert tashkilotining akkreditatsiya sohasiga amal qilganligi;
v) ekspertizani amalga oshirishda oʻrnatilgan tartibda attestatsiyadan oʻtgan ekspertlarning ishtirok etganligi;
g) ekspertizani amalga oshirishga qoʻyilgan talablarga amal qilinganligi;
d) ekspertizani amalga oshirishda sanoat xavfsizligi sohasidagi tegishli qonun hujjatlari hamda normativ texnik hujjatlardan foydalanilganligi;
e) ekspertizani amalga oshirishda tegishli sinovlar oʻtkazilganligi hamda ushbu sinovlarda zarur boʻlgan nazorat, sinov, diagnostik jihozlar va oʻlchash vositalaridan foydalanilganligi.
40. Ekspertiza xulosalarini koʻrib chiqishda ekspert tashkilotidan hamda buyurtmachidan qoʻshimcha maʼlumotlar soʻralishi mumkin. Zarur boʻlgan hollarda mavjud savollarni muhokama qilish uchun manfaatdor tomonlar vakillari jalb etilishi mumkin.
41. Ekspertiza xulosalarini koʻrib chiqish natijalari salbiy boʻlganda mazkur Qoidalarning 5-ilovasida keltirilgan shakl boʻyicha rasmiylashtiriladigan ekspertiza xulosasini tasdiqlash yuzasidan rad etish haqida qaror qabul qilinadi.
Qarorda ekspertiza xulosasini tasdiqlash rad etilganligining asoslangan sabablari koʻrsatiladi.
42. Ekspertiza xulosasini tasdiqlash yuzasidan rad etish haqida qaror qabul qilinganda ekspert tashkiloti ekspertiza xulosasini tasdiqlash rad etilganligining sabablarini eʼtiborga olgan holda, ekspertiza xulosasini qayta koʻrib chiqib, tasdiqlash uchun takroran taqdim etadi.
Ekspertiza xulosasi tasdiqlash uchun takroran taqdim etilganda kuzatuv xatida ekspertiza xulosasini tasdiqlash yuzasidan rad etish haqida qarorning sanasi va raqami koʻrsatilishi lozim.
43. Ekspertiza xulosalarini koʻrib chiqish natijalari ijobiy boʻlganda mazkur Qoidalarning 6-ilovasida keltirilgan shakl boʻyicha rasmiylashtiriladigan ekspertiza xulosasini tasdiqlash haqida qaror qabul qilinadi.
44. Ekspertiza xulosasini tasdiqlash yoki tasdiqlash yuzasidan rad etish haqidagi qaror “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi (uning oʻrinbosari)ning imzosi va “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining gerbli muhri bilan tasdiqlanadi.
45. Ekspertiza xulosasini tasdiqlash haqida qaror qabul qilingandan keyin masʼul xodimlar tomonidan mazkur Qoidalarning 4-ilovasi 4-paragrafi talablariga muvofiq ekspertiza xulosasini hisobga olish raqamining tegishli belgilar guruhlari toʻldiriladi.
46. Ekspertiza xulosasini tasdiqlash yoki tasdiqlash yuzasidan rad etish haqidagi qarorning hamda ekspertiza xulosasining asli ekspertiza xulosasini tasdiqlash uchun taqdim etgan ekspert tashkilotining xodimiga tilxat orqali buyurtmachiga topshirish uchun beriladi. Agar qaror qabul qilingandan keyin uch ish kuni mobaynida qarorning hamda ekspertiza xulosasining asli ekspert tashkiloti tomonidan olinmasa, ular “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan pochta orqali ekspertiza xulosasini tasdiqlash uchun taqdim etgan ekspert tashkilotiga yuborilishi mumkin.
IV. Yakuniy qoida
47. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi, Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi bilan kelishilgan.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
2009-yil 7-sentabr
Favqulodda vaziyatlar vaziri K. AXMEDOV
2009-yil 7-sentabr
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. XODJAYEV
2009-yil 8-sentabr
Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi raisi N. MAVLYaNOV
2009-yil 7-sentabr
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULAShOV
2009-yil 7-sentabr
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi Bosh direktori A. ABDUVALIYEV
2009-yil 7-sentabr
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi D. JAHONGIROVA
2009-yil 7-sentabr
Sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirish qoidalariga 1-ILOVA
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida foydalaniladigan texnika qurilmalarining turlari (tiplari)
1. 0,07 megapaskaldan ortiq bosim ostida yoki ishlatiladigan suyuqlikning normal atmosfera bosimidagi qaynash haroratidan ortiq haroratda ishlaydigan jihozlar (qozonlar, bosim ostida ishlaydigan idishlar, bugʻ quvurlari), isitish uskunalari, issiqlik punktlari va issiqlik tarmoqlari jihozlari, yuqorida nomlari keltirilgan jihozlarni foydalanishda ishlatiladigan avariyaga qarshi himoya, signalizatsiya va nazorat vositalari, asboblari va tizimlari.
2. Koʻtarish inshootlari (yuk koʻtarish kranlari, kran-manipulyatorlar, liftlar, quvurlarni yotqizuvchi kranlar, yuk koʻtargichlar (minoralar), qurilishda ishlatiladigan koʻtargichlar, osma poʻlat arqon yoʻllari, funikulyorlar (togʻ temir yoʻllari), eskalatorlar, koʻtarma platformalar, yukni tutib turuvchi echiladigan qismlar va moslamalar, maxsus ishlarni bajaradigan uskunalar, mashinalar va agregatlar).
3. Portlashdan himoya qilingan I va II-guruh elektr jihozlari va konchilik elektr jihozlari.
4. Togʻ-konchilik va boyitish ishlarida qoʻllaniladigan jihozlar (jumladan: koʻmir va oltin qazib olish sanoati uchun moʻljallangan maxsus jihozlar, kon qazilmalari ventilatsiyasi va changini ushlab qoluvchi jihozlar, kon qazilmalarida ishlatiladigan mustahkamlovchi jihozlar, oʻzakli koʻtargich va kon transporti jihozlari, quduq va xandaklarni burgʻulash jihozlari, quduqlarni qazish va mahkamlash jihozlari).
5. Neft-gazni qazish va gazni qayta ishlash sanoati qurilishi jihozlari (jumladan: barcha turdagi quduqlarni burgʻulash va foydalanish uchun jihozlar, otish va portlatish ishlarida qoʻllaniladigan mexanizmlar, quduqlarni oʻzlashtirish, foydalaniladigan quduqlarni taʼmirlash va jadallashtirish uchun moʻljallangan jihozlar, neft kon(maydon)i va geologiya-qidiruv jihozlari uchun yordamchi jihozlar va asboblar).
6. Foydali qazilmalar kon(maydon)larini qidirish va qazishda olib boriladigan geologiya-qidiruv va geofizik ishlar uchun jihozlar.
7. Magistral quvurlar transporti obyektlari, neft-gaz mahsulotlari bilan taʼminlash obyektlari, elektrokimyoviy himoya vositalari uchun jihozlar va mexanizmlar.
8. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida foydalaniladigan texnika qurilmalarini ishlab chiqarish, oʻrnatish (montaj qilish), qayta qurish (rekonstruksiya qilish) va taʼmirlashda payvandlash, kavsharlash, putur yetkazmasdan tekshirish, eritish, termik ishlash va yuzasini tozalash uchun moʻljallangan jihozlar.
9. Metallurgiya sohasi uchun jihozlar va mexanizmlar:
qora va rangli metallurgiya uchun jihozlar;
elektr oʻchoqlari va induksion elektr oʻchoqlar agregatlari, induksion qizdiruvchi uskunalar va qurilmalar, yoysimon va ruda-termik elektr oʻchoqlari, yangi turdagi qizdiruvchi (eritadigan va qizdiradigan) qarshilik elektr oʻchoqlari va qurilmalari;
poʻlatni eritish uchun jihozlar.
10. Suyuqlik va vakuumda ishlaydigan nasoslar, nasos agregatlari, havo va gazda ishlaydigan kompressorlar hamda kompressor agregatlari.
11. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida qoʻllaniladigan armatura.
12. Texnologik jihozlar uchun metall konstruksiyalar, suyagichlar va himoya qoplamalari.
13. Gaz bilan taʼminlash (gazni taqsimlash va gazni isteʼmol qilish) tizimi jihozlari va texnika qurilmalari (jumladan: qozonlar, texnologik liniyalar va agregatlarning gaz jihozlari, sigʻimli va oqib oʻtkazuvchi suv isitgichlarning gaz goryelkali qurilmalari, polietilen gaz quvurlarini payvandlash uchun jihozlar va boshqa jihozlar).
14. Kimyo, neft-kimyo, neft-gazni qayta ishlash va xavfli moddalar ishlatiladigan boshqa ishlab chiqarish korxonalari va obyektlarida qoʻllaniladigan texnologik, transport va yordamchi jihozlar (jumladan: sigʻimli, ustunli, reaktorli, mashinali, kriogenli, vakuumli, sovutuvchi, elektrolizli, massa almashtiruvchi, issiqlik almashtiruvchi, filtrlovchi, ventilatsiyalovchi, maydalovchi, qurituvchi, aralashtiruvchi jihozlar, oʻchoqlar, sigʻim (rezervuar)lar, avariyaga qarshi himoya, signalizatsiya va nazorat vositalari, asboblari va tizimlari va boshqa jihozlar).
15. Gazdan himoya qiluvchi nafas olish apparaturalari uchun vositalar (izolatsiya qiladigan respiratorlar, havo apparatlari, izolatsiya qiladigan va filtrlovchi oʻz-oʻzini qutqarish vositalari), gazni nazorat qilish asboblari, avariya holatlarini bartaraf qilish uchun qurilmalar, shaxsiy himoya vositalari.
16. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarida qoʻllaniladigan avtomatlashtirish asboblari va vositalari, texnologik jarayonlarni boshqarish va nazorat qilish asboblari, avtomatlashtirilgan tizimlar uchun dasturiy-texnika komplekslari (jumladan: putur yetkazmaydigan nazorat qilish, mexanik va fizik kattaliklarni oʻlchash uchun qurilmalar va asboblar, xavfsizlik avtomatikasi asboblari, bosim rostlagichlari, hisoblagichlar, gazoanalizator (gaz tarkibini tahlil qiluvchi asbob)lar).
17. Xavfli moddalar uchun maxsus moʻljallangan sigʻim (sisterna)lar va konteynyerlar hamda idish (ballon)lar.
18. Xavfli yuklarni tashish (transportirovka qilish) uchun jihozlar.
19. Portlovchi va zaharli moddalarni hamda uning tarkibiga kiruvchi materiallarni yaratish, ishlab chiqarish va saqlashda qoʻllaniladigan jihoz va asboblar. Portlatish ishlarini olib borishda qoʻllaniladigan jihoz va asboblar.
20. Oʻsimlik xomashyosini saqlash va qayta ishlash boʻyicha portlash xavfi boʻlgan ishlab chiqarish obyektlarida qoʻllaniladigan texnologik, transport va yordamchi jihozlar (jumladan: texnologik jarayonlarni tartibga solish, oʻlchash va nazorat qilish uchun texnika asboblari va vositalari, texnologik jarayonlarni boshqarishning dasturiy-texnika komplekslari va tizimlari, signalizatsiya va avariyaga qarshi himoya qurilmalari va tizimlari (portlashdan himoya va ogohlantiruvchi qurilmalar, tez harakatlanuvchi qurilmalar, portlashlarni mahalliylashtirish vositalari) va boshqa jihozlar).
21. Gaz holatdagi, mayda dispers va suyuq holatdagi otqin va oqimlardan foydali ravishda ishlatish (utilizatsiya qilish) boʻyicha jihozlar.
Sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirish qoidalariga 2-ILOVA
Sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirish qoidalariga 3-ILOVA
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011-yil 6-yanvardagi 2-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2013-1, 13.01.2011-y.) tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 1-2-son, 19-modda)
Sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirish qoidalariga 3a-ILOVA
* Koʻrsatilgan nomuvofiqliklar va kamchiliklar buyurtmachi tomonidan qabul qilinmagan yoki ularni bartaraf etish ekspertiza obyektining ishonchliligiga (mustahkamligiga) salbiy taʼsir etish sabablari asoslab beriladi;
** Koʻrsatilgan nomuvofiqliklar va kamchiliklar bartaraf etilmagan holatlarda tegishli xavfli ishlab chiqarish obyektidan xavfsiz foydalanish boʻyicha koʻrilgan choralar va (yoki) chora-tadbirlar amalga oshirilgan muddatlari bayonnomada koʻrsatilgan muddatlardan kechiktirilganligi sabablari koʻrsatilishi kerak.
Sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirish qoidalariga 4-ILOVA
Ekspertiza xulosasini rasmiylashtirishga nisbatan qoʻyiladigan
TALABLAR
1-§. Umumiy qoidalar
1. Ijobiy ekspertiza xulosasining titul varaqasi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda ekspert tashkilotlariga tarqatilgan maxsus blankda rasmiylashtirilishi lozim.
2. Salbiy ekspertiza xulosasining titul varaqasi ekspert tashkilotining rasmiy blankida rasmiylashtirilishi lozim.
21. Ekspertiza xulosasining matni A4 formatdagi qogʻoz varagʻining bir tomonida masshtab kichraytirilmagan holda qogʻoz varagʻining kitob holatida joylashishi, “Times New Roman” 12 oʻlchamli shriftida Microsoft Word matn redaktoridan foydalanilgan holda kompyuter vositasida bosib chiqarilishi lozim.
Ekspertiza xulosasining asosiy qismi 1,2 qator oraligʻida yozilishi, har bir bet hoshiyasi: yuqoridan va pastdan 1,5 sm, chapdan 2,5 sm, oʻngdan 1,5 sm boʻlishi, xatboshi besh-olti belgiga teng va bir xilda boʻlishi lozim.
Ekspertiza xulosasida jadvallar, grafiklar, xaritalar, sxemalar berilsa, ularni A3 formatdagi qogʻoz varagʻida joylashtirish mumkin.
22. Ekspertiza xulosasida qoʻllaniladigan qisqartmalarga tushunchalar berilishi lozim”;
3. Ekspertiza xulosasi rasmiylashtirilganda ekspertiza xulosasi tegishli boʻlgan obyektlar sanab oʻtilishi lozim.
4. Ekspertiza xulosasi ekspert tashkiloti rahbari va ekspertizani amalga oshirgan ekspertlar tomonidan imzolanishi, ekspert tashkiloti muhri qoʻyilishi hamda betlar soni koʻrsatilgan holda tikilishi lozim.
2-§. Ekspertiza xulosasini tuzilishiga talablar
5. Ekspertiza xulosasi quyidagi qismlardan iborat boʻladi:
a) titul varaqasi;
b) mundarija;
v) asosiy qism;
g) ekspertiza xulosasiga ilovalar.
6. Ekspertiza xulosasining titul varaqasi mazkur Talablarning 1-ilovasida keltirilgan shaklda rasmiylashtiriladi.
7. Ekspertiza xulosasining mundarijasida ekspertiza xulosasining barcha boʻlimlarining nomi va tegishli sahifalarning raqamlari koʻrsatiladi.
8. Ekspertiza xulosasining asosiy qismi quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
a) kirish qismi (bunda ekspertizani amalga oshirish uchun asos, ekspertizani amalga oshirgan va ekspertiza xulosasini rasmiylashtirgan ekspert tashkiloti hamda ekspertlari va mutaxassislari haqidagi maʼlumotlar hamda buyurtmachi haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim);
b) ekspertizaning maqsadi;
v) ekspertizani amalga oshirish jarayonida koʻrib chiqilgan hujjatlar haqidagi maʼlumotlar;
g) ekspertiza obyekti haqidagi maʼlumotlar (bunda ekspertiza obyektiga tegishli xavfli ishlab chiqarish obyekti hamda ekspertiza obyekti haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim).
Loyiha hujjatlari, sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi va xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bilan bogʻliq boshqa hujjatlarning ekspertiza xulosalarida bu hujjatlarni ishlab chiqish uchun asos hamda bu hujjatlarni ishlab chiqqan tashkilot haqidagi maʼlumotlar ham keltiriladi;
d) ekspertizani amalga oshirish natijalari (bunda ekspertizani amalga oshirish natijasida qabul qilingan xulosaning asoslangan sabablari koʻrsatiladi. Shuningdek, sanoat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan tavsiyalar ham koʻrsatilishi mumkin);
e) xulosa.
9. Ekspertiza xulosasiga ekspertizani amalga oshirish jarayonida aniqlangan nomuvofiqliklar va kamchiliklar bayonnomalari hamda nomuvofiqliklar va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar (ular mavjud boʻlganda), ekspertizani amalga oshirishda foydalanilgan qonun hujjatlari va normativ texnik hujjatlari roʻyxati hamda oʻtkazilgan sinov natijalari ilova qilinishi lozim”;
3-§. Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalash boʻyicha ekspertiza xulosasini rasmiylashtirishga nisbatan qoʻyiladigan talablar
10. Xavfli ishlab chiqarish obyektini identifikatsiya qilish boʻyicha ekspertiza xulosasi mazkur Talablarning 2-paragrafiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 10-dekabrdagi 271-son qarori bilan tasdiqlangan Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari hamda xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalash boʻyicha “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tavsiyalarini eʼtiborga olgan holda rasmiylashtiriladi.
11. Xavfli ishlab chiqarish obyektini identifikatsiya qilish boʻyicha ekspertiza xulosasiga xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalash varaqasi hamda mazkur Talablarning 2-ilovasida keltirilgan shaklda rasmiylashtiriladigan xavfli ishlab chiqarish obyektlarini umumlashtirish varaqasi ilova qilinadi.
4-§. Ekspertiza xulosasini hisobga olish boʻyicha talablar
12. Rasmiylashtirilgan ekspertiza xulosasi ekspert tashkiloti va “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan hisobga olinadi. Hisobga olish raqami ekspertiza xulosasi titul varaqasiga qoʻyiladi.
13. Hisobga olish raqami chiziqcha (defis) bilan ajratilgan beshta belgilar guruhidan tashkil topgan boʻlib, XXX-XX-XXXX-XXXXX-XX koʻrinishiga ega.
Birinchi belgilar guruhi (XXX) ekspert xulosasini rasmiylashtirgan ekspert tashkiloti roʻyxat raqamini bildiradi.
Ikkinchi belgilar guruhi (XX) ekspertiza obyektini bildiradi va ekspertiza obyektining shartli belgilarini quyidagi mazmunda aks ettiradi:
LH — xavfli ishlab chiqarish obyektini qurish, kengaytirish, qayta qurish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiyalash va tugatishga doir loyiha hujjatlari;
TQ — xavfli ishlab chiqarish obyektida qoʻllaniladigan texnika qurilmalari;
BI — xavfli ishlab chiqarish obyektidagi binolar va inshootlar;
XD — sanoat xavfsizligi deklaratsiyasi;
BH — xavfli ishlab chiqarish obyektidan foydalanish bilan bogʻliq boshqa hujjatlar.
Xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalash boʻyicha ekspertiza xulosalarini hisobga olish raqamining ikkinchi belgilar guruhiga IX (xavfli ishlab chiqarish obyektlarini identifikatsiyalash boʻyicha ekspertiza xulosasi) belgisi qoʻyiladi.
Uchinchi belgilar guruhi (XXXX) ekspertiza xulosasini ekspert tashkilotida rasmiylashtirish tartibidagi hisobga olish raqamini bildiradi.
Toʻrtinchi belgilar guruhi (XXXXX) ekspertiza xulosasini “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasida hisobga olish raqamini bildiradi.
Beshinchi belgilar guruhi (XX) ekspertiza xulosasini tasdiqlangan yilining oxirgi raqamlarini ifodalaydi.
Ekspertiza xulosasini rasmiylashtirishga nisbatan qoʻyiladigan talablarga 1-ILOVA
Izoh: * “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining ekspertiza xulosasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarorisiz ekspertiza xulosasi haqiqiy emas” yozuvi hamda “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining belgisi maxsus blankda koʻrsatiladi.
Ekspertiza xulosasini rasmiylashtirishga nisbatan qoʻyiladigan talablarga 2-ILOVA
Sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirish qoidalariga 5-ILOVA
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011-yil 6-yanvardagi 2-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2013-1, 13.01.2011-y.) tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 1-2-son, 19-modda)
Sanoat xavfsizligi ekspertizasini amalga oshirish qoidalariga 6-ILOVA
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2011-yil 6-yanvardagi 2-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2013-1, 13.01.2011-y.) tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 1-2-son, 19-modda)
