Advokatlarning kasbiy malakasini oshirishni tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (2012-son)
06.10.2009
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 6-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2012]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-y., 2-son, 48-modda) 7-moddasiga muvofiq advokat har uch yilda kamida bir marta kasbiy malakasini oshirishi shartligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
advokatlarning kasbiy malakasini oshirish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazida ishlab chiqarishdan ajralgan holda faqat kunduzgi shaklda amalga oshiriladi;
advokatlarning malaka oshirish muddatining davomiyligi ikki haftadan kam boʻlishi mumkin emas;
sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan advokatga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi;
advokat tomonidan oxirgi uch yil ichida oʻzining kasbiy malakasini oshirmaslik tarzida advokatura toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishi uning advokatlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyasining amal qilishini qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda tugatishga asos boʻladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan kelishgan holda Advokatlarning kasbiy malakasini oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash tavsiya etilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari advokatlar tomonidan kasbiy malakasini oshirishga doir qismi boʻyicha litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan doimiy nazorat olib borsinlar.
5. Mazkur buyruq davlat roʻyxatiga olinsin va bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
6. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (D. Saʼdullayev) hamda Notariat, FHDY va advokatura boshqarmasi (D. Yakubova) ushbu normativ-huquqiy hujjatni oʻn kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazilishi va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
7. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
8. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-oktabr,
221-mh-son
Kelishilgan:
Advokatlar palatasi raisi v.b. R. AXMEDOV
2009-yil 6-oktabr
