“11-modda. Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastri va Nomoddiy madaniy meros obyektlarining roʻyxati
“Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar kiritish haqida (O‘RQ-228-son) · Sana: 09.10.2009 · Amalda
Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastri Davlat kadastrlari yagona tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi hamda u moddiy madaniy meros obyektlarining geografik joylashuvi, huquqiy maqomi, miqdor, sifat tavsiflari va bahosi toʻgʻrisidagi yangilanib turiladigan maʼlumotlar va hujjatlar tizimidan iborat boʻladi.
Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini yuritishga quyidagilar kiradi:
moddiy madaniy meros obyektlariga doir mulk huquqi va boshqa huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
moddiy madaniy meros obyektlarining miqdor va sifat tavsiflarini hisobga olish;
moddiy madaniy meros obyektlarini sifat va qiymat jihatidan baholash;
kadastr axborotini tizimga solish, saqlash va yangilab borish;
moddiy madaniy meros obyektlarining holati haqida hisobotlar tuzish;
Davlat kadastrlari yagona tizimiga kiritish uchun tegishli axborot taqdim etish;
foydalanuvchilarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda kadastr axboroti bilan taʼminlash.
Nomoddiy madaniy meros obyektlarining roʻyxati nomoddiy madaniy meros obyektlari toʻgʻrisidagi yangilanib turiladigan maʼlumotlar koʻrsatilgan hisobga olish hujjatidan iborat boʻladi.
Nomoddiy madaniy meros obyektlarining roʻyxatini yuritishga quyidagilar kiradi:
nomoddiy madaniy meros obyektini identifikatsiya qilish;
tegishli nomoddiy madaniy meros obyektlarining tarmoqlari, yoʻnalishlari, janrlari va uslublarini tasniflash;
nomoddiy madaniy meros obyektlarini doimiy ravishda tiklovchi shaxslarni, guruhlarni koʻrsatish;
maʼlumotlarni tizimga solish, saqlash va yangilab borish;
nomoddiy madaniy meros obyektlarining sifat holatini aniqlash va uning natijalari boʻyicha hisobotlar tuzish.
Moddiy madaniy meros obyektlarining davlat kadastrini va Nomoddiy madaniy meros obyektlarining roʻyxatini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
