34-modda. Davlat yongʻin nazorati
Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida (O‘RQ-226-son) · Sana: 30.09.2009 · Amalda
Davlat yongʻin nazorati vakolatli organlar, tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolar tomonidan yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishini tekshirish va tekshiruv natijalari boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish maqsadida amalga oshiriladigan nazoratdir.
Davlat yongʻin nazorati Favqulodda vaziyatlar vazirligining davlat yongʻin nazorati organlari boʻlgan boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining obyektlarida, oʻrmon xoʻjaliklari hududlarida, kon qazilmalari va shaxta inshootlarida, portlovchi materiallar ishlab chiqarilayotganda, tashilayotganda, saqlanayotganda, ulardan foydalanilayotganda va ular utilizatsiya qilinayotganda, sanoat uchun moʻljallangan portlovchi materiallardan foydalangan holda portlatish ishlarini olib boruvchi tashkilotlarda, havo, suv, temir yoʻl, avtomobil transportidan hamda elektr transportidan foydalanilayotganda davlat yongʻin nazoratini amalga oshirish tartibi Favqulodda vaziyatlar vazirligi va tegishli vakolatli organlar oʻrtasidagi kelishuvlar bilan belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan davlat yongʻin nazorati Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan diplomatik va boshqa chet el vakolatxonalari egallab turgan obyektlarda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi ustidan davlat yongʻin nazorati ushbu muassasalar rasmiy vakilining Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali qilgan yozma murojaati asosida davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat yongʻin nazorati organlari va mansabdor shaxslarining roʻyxati, vazifalari, huquq va majburiyatlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan Davlat yongʻin nazorati toʻgʻrisidagi nizom bilan belgilanadi.
