3-modda. Asosiy tushunchalar
Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida (O‘RQ-226-son) · Sana: 30.09.2009 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yongʻin — odamlarning hayoti va (yoki) sogʻligʻiga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, shuningdek atrof tabiiy muhitga zarar yetkazadigan, nazorat qilib boʻlmaydigan yonish;
yongʻin nazorati — yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishini tekshirish va tekshiruv natijalari boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish maqsadida belgilangan tartibda amalga oshiriladigan faoliyat;
yongʻinlar profilaktikasi — yongʻinlar kelib chiqishi ehtimolini istisno etishga va ularning oqibatlarini kamaytirishga qaratilgan ogohlantirish chora-tadbirlari majmui;
yongʻindan saqlash xizmati — odamlarning hayoti va sogʻligʻini, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni yongʻinlardan himoya qilish, shuningdek obyektlarda, aholi punktlarida hamda boshqa hududlarda yongʻin xavfsizligini talab darajasida saqlab turish maqsadida belgilangan tartibda tashkil etilgan boshqaruv organlari, kuchlar va vositalar majmui;
yongʻin xavfsizligi — odamlarning, yuridik va jismoniy shaxslar mol-mulkining, shuningdek atrof tabiiy muhitning yongʻinlardan himoyalanganligi holati;
yongʻin xavfsizligi talablari — yongʻin xavfsizligini taʼminlash maqsadida qonunchilikda belgilangan ijtimoiy va (yoki) texnik xususiyatga ega maxsus shartlar;
yongʻin xavfsizligi talablarining buzilishi — yongʻin xavfsizligi talablarini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik;
yongʻin-texnik mahsuloti — yongʻin xavfsizligini taʼminlashga moʻljallangan maxsus texnik, ilmiy-texnik va intellektual mahsulotlar, shu jumladan yongʻinni oʻchirish texnikasi va asbob-uskunalari, yongʻinni oʻchirish aslaha-anjomlari, olovni oʻchirish va olovdan himoya qilish moddalari hamda materiallari, maxsus aloqa va boshqarish vositalari, elektron hujjatlar, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturiy mahsulotlar va maʼlumotlar bazalari, shuningdek yongʻinlarning oldini olish hamda ularni oʻchirishning boshqa vositalari;
yongʻinga qarshi rejim — yongʻin xavfsizligi talablari buzilishining oldi olinishini va yongʻinlar oʻchirilishini taʼminlash yuzasidan odamlarning xatti-harakat qoidalari, ishlab chiqarishni tashkil etish va (yoki) binolarni (hududlarni) saqlash tartibi;
yongʻinga qarshi alohida rejim — yongʻin xavfi yuqori boʻlgan davrda muayyan hududlarda qonunchilikka muvofiq yongʻin xavfsizligining qoʻshimcha talablarini belgilash.
