15-modda. Yongʻinlarni oʻchirish
Yongʻin xavfsizligi toʻgʻrisida (O‘RQ-226-son) · Sana: 30.09.2009 · Amalda
Yongʻinlarni oʻchirish odamlarning hayotini asrab qolish hamda sogʻligʻini saqlash, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkini, atrof tabiiy muhitni asrash hamda yongʻinlarni bartaraf etish harakatlaridan iboratdir.
Yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalari tomonidan yongʻinlarning oʻchirilishini tashkil etish tartibini Favqulodda vaziyatlar vazirligi belgilaydi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqaruv organlari va yongʻin-qutqaruv boʻlinmalarining yongʻindan saqlash xizmatining boshqa turlari, vakolatli organlar, avariya-taʼmirlash xizmatlari va oʻzga xizmatlar bilan yongʻinlarning oʻchirilishini tashkil etishni taʼminlashga doir hamkorligi kelishuvlar bilan tartibga solinadi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi yongʻin-qutqaruv boʻlinmalarining kuchlari va vositalarini favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishga jalb qilish tartibi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik bilan belgilanadi.
Yongʻinlarni oʻchirish uchun yongʻindan saqlash xizmati boʻlinmalarining kuchlari va vositalarini jalb qilishning mintaqalararo hamda mahalliy darajalardagi rejalari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tasdiqlanadi.
Yongʻinlar toʻgʻrisidagi xabarlarni qabul qilish uchun aholi punktlarining telefon tarmoqlarida yagona raqam — 101 oʻrnatiladi.
Yongʻin kelib chiqqanligi toʻgʻrisidagi xabarni olgach, Favqulodda vaziyatlar vazirligining yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari yongʻin joyiga darhol joʻnab ketishi shart.
Zarur hollarda, yongʻinlarni oʻchirish chogʻida yongʻin kuchayishining (tarqalishining) hamda yongʻin bilan bogʻliq boʻlgan, odamlarga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga, atrof tabiiy muhitga tahdid soluvchi xavfli omillarning oldini olish uchun:
yongʻinlar tarqalgan (tarqalish ehtimoli boʻlgan) va xavf keltirib chiqaradigan joylarga kirib borishga doir;
yongʻinlarning kuchayishiga (tarqalishiga) toʻsqinlik qiladigan va ularni bartaraf etishni taʼminlaydigan sharoitlarni yaratishga doir;
tashkilotlar va fuqarolarda mavjud boʻlgan aloqa, transport vositalaridan, asbob-uskunalardan, yongʻinni oʻchirish vositalari va olovni oʻchirish moddalaridan keyinchalik oʻrni belgilangan tartibda qoplanishi sharti bilan foydalanishga doir;
tegishli xizmatlarni jalb etgan holda jamoat tartibini taʼminlash, yongʻinlar oʻchirilayotgan joylarni qoʻriqlash (shu jumladan yongʻinlarning kelib chiqish va kuchayish (tarqalish) sabablarini, sharoitlarini tekshirish chogʻida), yoʻl harakatini tartibga solish, evakuatsiya qilish va (yoki) yongʻin kelib chiqqan joyda boshqa tadbirlarni amalga oshirishga doir harakatlar bajariladi.
