Pochta aloqasida frankirlash mashinasidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2008-son)
19.09.2009
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 19-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2008]
Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-yil, 17-son, 209-modda) muvofiq buyuraman:
1. Pochta aloqasida frankirlash mashinasidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Bosh direktor A. ARIPOV
Toshkent sh.
2009-yil 25-avgust,
266-son
Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktorining 2009-yil 25-avgustdagi 266-son buyrugʻiga ILOVA
Pochta aloqasida frankirlash mashinasidan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Umumjahon pochta ittifoqi hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasining “Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq pochta aloqasida frankirlash mashinalaridan foydalanishning yagona tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Frankirlash mashinasi oddiy va buyurtma xatlar, oddiy va buyurtma banderollar, oddiy va buyurtma varaqchalarga (bundan keyin — yozma xat-xabarlar) pochta aloqasi xizmatlari uchun haq toʻlanganligini, shuningdek yozma xat-xabarlar qabul qilingan sana va joyi, pochta manzilini tasdiqlaydigan rasman qabul qilingan izlarni tushirish uchun moʻljallangan.
2. Frankirlash mashinalaridan pochta aloqasi milliy operatorining (bundan buyon matnda milliy operator deb yuritiladi) filiallari, pochta aloqasi obyektlari yozma-xat-xabarlarni qabul qilishda, shuningdek pochta aloqasi foydalanuvchilari (bundan buyon matnda foydalanuvchilar deb yuritiladi) (faqat yuridik shaxslar) shartnoma asosida milliy operatorning filiallari, pochta aloqasi obyektlari (pochta aloqasi bogʻlamalari, pochtamtlar)ning bevosita nazorati ostida foydalanishi mumkin.
3. Frankirlash mashinasi quyidagilarga ega boʻlishi kerak:
a) pochta aloqasi xizmatlari uchun toʻlov summasini qayd etish uchun maxsus qurilma (hisoblagich)
b) foydalanuvchi pochta manzilining tamgʻasi;
v) yozma xat-xabarlarni qabul qilishni amalga oshiradigan milliy operatorning filiali (bundan buyon matnda filial deb yuritiladi) yoki pochta aloqasi obyektining nomi va qabul qilish sanasi boʻlgan taqvim shtempel tamgʻasi;
g) pochta aloqasi xizmatlari toʻlanganligini tasdiqlaydigan tamgʻa (bundan keyin — toʻlov izi), frankirlash mashinasining roʻyxatga olish raqami.
4. Foydalanuvchilar tomonidan sotib olingan frankirlash mashinalari va pochta manzilining tamgʻasi ularning mulki, taqvim shtempeli va toʻlov izining tamgʻasi milliy operatorning nomli buyumlari hisoblanadi.
Frankirlash mashinalari, shuningdek milliy operator mulki boʻlishi va foydalanuvchilarga ijaraga berilishi mumkin.
5. Pochta aloqasi xizmatlarini toʻlash uchun milliy operator nomli buyumlarisiz frankirlash mashinalaridan foydalanish taqiqlanadi. Frankirlash mashinalarining tamgʻasi standartlashtirishga doir normativ hujjatlar talablariga muvofiq kelishi kerak.
6. Yozma xat-xabarlarni qabul qilish uchun filiallar, pochta aloqasi obyektlari tomonidan foydalaniladigan frankirlash mashinalari manzil tamgʻasi oʻrniga milliy operator logotipiga ega boʻlishi mumkin.
7. Filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt) tomonidan foydalanuvchilar, frankirlash mashinasida rasmiylashtirilgan yozma xat-xabarlarni qabul qilishni amalga oshiradigan, pochta aloqasi obyektiga biriktiriladi.
Frankirlash mashinasi tamgʻasining iziga ega yozma xat-xabarlarni joʻnatish faqat foydalanuvchilar biriktirilgan pochta aloqasi obyekti orqali amalga oshiriladi.
8. Pochta qutisiga tushirilgan frankirlash mashinasi tamgʻasining izi boʻlgan yozma xat-xabarlar belgilangan joyi boʻyicha joʻnatilmaydi, uni joʻnatuvchiga belgilangan tartibda topshirish uchun qaytariladi.
II. Frankirlash mashinalarini roʻyxatga olish va ulardan foydalanish
9. Frankirlash mashinalaridan foydalanishga, ular roʻyxatga olinganidan hamda filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt) bilan shartnoma tuzilganidan keyin yoʻl qoʻyiladi. Frankirlash mashinalarining mulkdori hisoblangan filiallar va pochta aloqasi obyektlari (pochta aloqasi bogʻlamalari, pochtamtlar) uchun shartnoma tuzish talab etilmaydi.
10. Frankirlash mashinalari va ularga nomli buyumlar tamgʻasini roʻyxatga olish filiallar va pochta aloqasi obyektlarida (pochta aloqasi bogʻlamalari, pochtamtlarda) olib boriladi.
11. Frankirlash mashinalarini roʻyxatga olish roʻyxatga olish varaqchalari (1-ilova) bilan amalga oshiriladi, unda frankirlash mashinasining roʻyxatga olish raqami, tipi, tayyorlovchi-zavod, zavod (seriya, hisobga olish) raqami, chiqarilgan sana, muvofiqlik sertifikati raqami, frankirlash mashinasi foydalanuvchisining rekvizitlari yoziladi. Filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt)da frankirlash mashinasidan foydalanilganda roʻyxatga olish varaqchasida ularning nomi, pochta manzili yoziladi va mashinadan foydalanish uchun masʼul pochta aloqasi obyekti xodimi koʻrsatiladi.
Roʻyxatga olish varaqchasining orqa tomoniga frankirlash mashinasining barcha tamgʻalarining izi tushiriladi.
12. Frankirlash mashinasi foydalanuvchisining pochta manzili yoki nomi yoxud roʻyxatga olish varaqchasiga kiritilgan rekvizitlar oʻzgargan taqdirda foydalanuvchi frankirlash mashinasini qayta roʻyxatdan oʻtkazishga majburdir.
13. Foydalanishda boʻlgan frankirlash mashinasi sotilgan taqdirda yangi foydalanuvchi mashinani roʻyxatdan oʻtkazishi va undan foydalanish uchun hududiy tegishliligi boʻyicha filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt) bilan belgilangan tartibda shartnoma tuzishi kerak.
14. Milliy operator tomonidan frankirlash mashinalari ijaraga berilgan taqdirda, mashinadan foydalanish uchun shartnoma filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt) va ijarachi (foydalanuvchi) oʻrtasida tuziladi. Bunda foydalanuvchi, uning pochta manzili tamgʻasini tayyorlash uchun buyurtma berishi kerak.
15. Filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt) vakili tomonidan foydalanuvchining vakili ishtirokida milliy operator taqvim shtempeli va tamgʻasi frankirlash mashinasiga qoʻyiladi. Bunda, frankirlash mashinasi hisoblagichining koʻrsatkichlari qayd etiladi.
Zarur boʻlganda, pochta aloqasi xizmatlarini taqdim etish uchun avans summasi kiritilishi mumkin.
16. Frankirlash mashinasi filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt) vakili tomonidan muhrlanadi.
17. Frankirlash mashinasidan foydalanishni joriy etishda filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt) vakili tomonidan, kiritish vaqtidagi hisoblagichning koʻrsatkichlari belgilanadigan dalolatnoma uch nusxada tuziladi. Birinchi nusxasi foydalanuvchida qoladi, ikkinchisi frankirlash mashinasi roʻyxatga olingan joy boʻyicha filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt)ga, uchinchisi xizmat koʻrsatuvchi pochta aloqasi obyektiga yuboriladi.
18. Frankirlash mashinasining mulkdori boʻlib filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt) hisoblansa, mashinadan foydalanishga kiritish dalolatnomasi ikki nusxada tuziladi.
19. Frankirlash mashinasidan foydalanganligi uchun shartnoma toʻxtatilgan yoki frankirlash mashinasining foydalanuvchisi oʻzgargan taqdirda nomli buyumlar tamgʻasi mashina roʻyxatga olingan filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt)ga beriladi.
20. Taqvim shtempeli tamgʻasi yoʻq qilinadi, buning uchun filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt) rahbari tomonidan komissiya tuziladi. Yoʻq qilish mexanik shikastlash yoʻli bilan amalga oshiriladi, bu haqda dalolatnoma tuziladi. Dalolatnomaga taqvim shtempeli tamgʻasining izi tushiriladi.
Pochta aloqasi xizmatlari toʻlovi izining tamgʻasi frankirlash mashinasidan foydalanish uchun yangi shartnoma tuzilgunga qadar, foydalanish imkoniyatini istisno qiluvchi tartibni taʼminlagan holda, filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt)da saqlanadi.
21. Yozma xat-xabarlarni qabul qilish amalga oshiriladigan filial yoki pochta aloqasi obyektining xodimi frankirlash mashinasi hisoblagichining koʻrsatkichini oyda bir marta, hisobot davrining oxirida oladi, bu haqda foydalanuvchi bilan birga bajarilgan ishlar dalolatnomasi tuziladi (2-ilova), u asosida hisob-kitoblar amalga oshiriladi. Dalolatnoma filial yoki pochta aloqasi obyekti va foydalanuvchining rahbarlari tomonidan imzolanadi.
Foydalanuvchilar tomonidan xizmatlar toʻlovi hisobot oyining 30 (31) sanasidan kechiktirmasdan har oyda tuziladigan bajarilgan ishlar dalolatnomasi asosida amalga oshiriladi.
Bajarilgan ishlar dalolatnomalari har bir foydalanuvchi boʻyicha, pochta aloqasi obyekti xodimi va foydalanuvchining vakili tomonidan imzolanadigan, joʻnatilgan yozma xat-xabarlar uchun roʻyxat ilova qilinib, ikki nusxada tuziladi. Dalolatnomaning birinchi nusxasi tilxat bilan toʻlash uchun foydalanuvchiga beriladi, ikkinchisi filial yoki pochta aloqasi obyekti (pochta aloqasi bogʻlamasi, pochtamt) buxgalteriyasiga beriladi.
III. Yakuniy qoida
22. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi raisi v.b. B. ULASHOV
Toshkent sh.,
2009-yil 20-avgust
Pochta aloqasida frankirlash mashinasidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Pochta aloqasida frankirlash mashinasidan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
