16 yoshgacha boʻlgan bolalarni nogiron deb topish haqida tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2005-son)
15.09.2009
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 15-sentabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2005]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 277-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilamiz:
1. 16 yoshgacha boʻlgan bolalarni nogiron deb topish haqida tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (yangi tahrirda) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror kuchga kirishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklarining 2007-yil 12-iyundagi “16 yoshgacha boʻlgan bolalarga nogironlikni tayinlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 6, 29/1-son qarori (roʻyxat raqami 1695, 2007-yil 27-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 25-26-son, 277-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 13-avgust,
14-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 13-avgust,
51-QQ-son
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining 2009-yil 13-avgustdagi 14, 51-QQ-son qaroriga ILOVA
16 yoshgacha boʻlgan bolalarni nogiron deb topish haqida tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 277-modda) muvofiq 16 yoshgacha boʻlgan bolalarni nogiron deb topish haqida (bundan keyingi oʻrinlarda bolalar deb yuritiladi) tibbiy xulosani berish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. 16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalar deganda jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari borligi tufayli turmush faoliyati cheklanganligi munosabati bilan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda nogiron deb topilgan hamda ijtimoiy yordamga va himoyaga muhtoj shaxslar tushuniladi.
Bolalarning turmush faoliyati cheklanganligi ularning oʻz-oʻziga xizmat qilish, yurish, yoʻlni topa olish, muloqot qilish, oʻz xatti-harakatini nazorat qilish, shuningdek taʼlim olish va mehnat faoliyati bilan shugʻullanish qobiliyati yoki imkoniyatini toʻla yoxud qisman yoʻqotganligida ifodalanadi.
2. Bolalarni nogiron deb topish ularning qonuniy vakillari — ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning doimiy yashash joyidagi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan tibbiy-maslahat komissiyasi (bundan keyingi oʻrinlarda TMK deb yuritiladi) tomonidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. TMK davolash-profilaktika muassasaning tarkibiy tuzilmasi hisoblanadi va bevosita bosh shifokorga boʻysunadi.
4. TMKga tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasasi bosh shifokori oʻrinbosari raislik qiladi.
TMK tarkibi bosh shifokor oʻrinbosari, boʻlim boshligʻi va davolovchi shifokorlar (pediatr, terapevt, psixiatr, ftiziatr va boshqa mutaxassislar)dan tarkibidan iborat boʻlib, uning ish rejasi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasasi bosh shifokori tomonidan tasdiqlangan jadval asosida olib boriladi.
5. TMK tomonidan beriladigan bolalarni nogiron deb topish toʻgʻrisida tibbiy xulosa (bundan keyingi oʻrinlarda tibbiy xulosa deb yuritiladi) bolalarga ijtimoiy nafaqa tayinlashga asos boʻladi.
II. Bolalarni nogiron deb topish tartibi
6. Bolalarni tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish jarayonida shifokorlar (pediatr, terapevt, psixiatr, ftiziatr va boshqalar) tomonidan ularda ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan “16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalarga nafaqa olish huquqini beruvchi tibbiy koʻrsatmalar roʻyxati”da (bundan keyingi oʻrinlarda Tibbiy koʻrsatmalar roʻyxati deb yuritiladi) koʻrsatilgan kasalliklar va nogironlik belgilarini aniqlagan hollarda, bolalarning tibbiy hujjatlari (kasallik tarixidan koʻchirma, zaruriyat boʻlgan hollarda rentgen, UTT, EEG, kompyuter tomografiyasi, laboratoriya-bioximik sinamalari va oʻtkazilgan boshqa tekshiruvlar) asosida ularning qonuniy vakillari — ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning doimiy yashash joyidagi TMK tomonidan tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi.
Ayrim hollarda nogiron bolalarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar pasporti boʻyicha roʻyxatda turgan joylarda yashamasdan boshqa joylarda ham yashashlari mumkin. Mazkur holatda bolalarning tibbiy hujjatlari yashash joyidagi tibbiy muassasadagi TMKga taqdim etilib, tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi va pasport boʻyicha roʻyxatda turgan joyidagi TMK tomonidan ham tasdiqlanadi.
7. Bolalarga TMK majlisi toʻliq tarkibda oʻtkazilgan holda tibbiy xulosa beriladi va bolalar nogiron deb topiladi.
8. TMK tibbiy xulosani berishda quyidagilarni eʼtiborga olishi lozim:
bolalarning tibbiy hujjatlaridagi maʼlumotlar (kasallik tarixidan koʻchirma, ayrim hollarda rentgen, UTT, EEG, kompyuter tomografiyasi, laboratoriya-bioximik sinamalari oʻtkazilgan tekshiruvlar);
nogironlikka sabab boʻlgan holatlar (tugʻma, nasldan-naslga oʻtadigan kasalliklar yoki jarohat va surunkali kasalliklar, orttirilgan patologik holatlar natijasida yuzaga kelgan turmush faoliyatining cheklanganligi);
kasallikning xususiyati, bolalarning yoshi, uning aʼzolari funksiyasining buzilish darajasi, kompensator mexanizmlar holati, kasalliklarning kechishi, ijtimoiy moslashuv imkoniyatlari;
bolalarning tibbiy, ijtimoiy, psixologik, pedagogik, jismoniy, kasbga va mehnatga doir komplekslarini qamrab olgan reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturida belgilanadigan ijtimoiy himoyaga muhtojligi va boshqalar.
9. Tibbiy xulosa bolalarni belgilangan tartibda shifoxona sharoitida tibbiy tekshiruvidan oʻtkazilib, davolash hamda reabilitatsiya tadbirlari natijalariga koʻra beriladi. Bunda, tibbiy xulosa bolalarning shifoxonalarda (shu jumladan ixtisoslashtirilgan shifoxonalarda) hamda ambulatoriya-poliklinika sharoitida davolangandan keyin ham 6 oydan ortiq davom etayotgan patologik oʻzgarishlarni inobatga olgan holda TMK tomonidan beriladi.
Tugʻma anomaliyalar hamda hayot davomida orttirilgan anatomik nuqsonlar va ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan kasalliklar (tuberkulyoz, onkologik kasalliklar (xavfli oʻsmalar), moxov, ruhiy kasalliklar, OITS va jinsiy aʼzolar orqali yuqadigan boshqa kasalliklar) aniqlanganda barcha davolash tadbirlari oʻtkazilgandan soʻng 6 oy kuzatuvidan ilgariroq tibbiy hujjatlar toʻliq taqdim etilganda, tibbiy xulosa umumiy asoslarda berilishi mumkin.
10. Kasalliklar va ularning patologik holatlariga muvofiq tibbiy xulosalar 1 yil muddatga, 2 yil muddatga yoki bir yoʻla 16 yoshgacha boʻlgan muddatga beriladi va bola 16 yoshga toʻlgan oyning oxirigacha nafaqa toʻlanadi.
11. Tibbiy koʻrsatmalar roʻyxatining I-boʻlimida koʻrsatilgan patologik holatlar, yaʼni kasalliklar jarohat yoki amalga oshirilgan tibbiy amaliyotlar natijasida bolalarning tana aʼzosi va aʼzolar tizimlarining funksiyasi buzilishi sababli, garchi davolash natijasida koʻrsatilgan holatlar tiklanishi mumkin boʻlsada, bolalarning yashash faoliyatini cheklanishiga va ijtimoiy hayotga moslasha olmaslikka olib kelgan holatlarda tibbiy xulosalar 1 yil muddatga beriladi.
12. Tibbiy koʻrsatmalar roʻyxatining II-boʻlimida koʻrsatilgan patologik holatlar, yaʼni bolalar organizmi funksiyalarining kuchli darajada buzilgan, ularning oʻzgalar yordamiga muhtojligi sezilgan va oʻz-oʻziga xizmat qilishi chegaralangan, lekin bolalarda tuzalish ehtimoli boʻlgan holatlarda tibbiy xulosa 2 yil muddatga beriladi. Bunda, bolalarning fiziologik, anatomik, tana aʼzosi va aʼzolar tizimlarining kompensator holatlari, ularning tez oʻsuvchanligi va tiklanishi hisobga olinadi.
13. Tibbiy koʻrsatmalar roʻyxatining III-boʻlimida koʻrsatilgan holatlar, yaʼni oʻz-oʻziga xizmat qilishning toʻliq yoʻqolishiga olib keluvchi organizm faoliyatining keskin, turgʻun va orqaga qaytmas buzilishi natijasida bolalarning yashash faoliyatining kuchli darajada chegaralanishiga va ijtimoiy hayotga moslasha olmaslikka olib boradigan aʼzo va uning tizimlarining patologik holatlarida tibbiy xulosa bolalarning 16 yoshga toʻlgungacha boʻlgan muddatga beriladi. Bunda, bolalarning ahvolini dinamik kuzatish, ularni reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash va hayotga moslashuvchanligini belgilash maqsadida tibbiy xulosa dastlab 2 yil muddatga beriladi. Mazkur muddat tugagach TMK tomonidan tibbiy xulosa bolalarning 16 yoshga toʻlgungacha boʻlgan muddatga beriladi.
14. Tibbiy xulosa berilishi bilan birga TMK tomonidan nogiron bolalarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga farzandlariga tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatishlar lozimligi, shu bilan birga, bolalarning muhtojligidan kelib chiqib, tibbiy koʻrsatmalarga asosan protez-ortopediya mahsulotlari hamda reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlanishi tushuntiriladi va bu borada tibbiy xulosada qayd etiladi.
15. TMK kasallik tavsifiga koʻra nogiron bolaga reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturini tuzadi va uning ijrosini taʼminlaydi.
16. Nogironlik belgilangan bolalarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar bolalarning oʻz vaqtida dispanser nazoratidan oʻtkazilishi va ularning oʻz vaqtida davolanishi, sogʻlomlashtirilishi uchun masʼul ekanligi toʻgʻrisida hududiy tibbiy muassasalar mutaxassislari tomonidan targʻibot ishlari olib boriladi.
III. Tibbiy xulosani rasmiylashtirish tartibi
17. Tibbiy xulosa TMK tomonidan ushbu Nizomning 2-ilovasida belgilangan shaklda rasmiylashtiriladi va hududiy TMK raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi hamda mazkur davolash-profilaktika muassasasining muhri bilan tasdiqlanadi.
Tibbiy xulosada bolaning kasallik tarixidan olingan maʼlumotlar, shuningdek uning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasi, ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarning pasportidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim.
18. Tibbiy xulosa 1 yoki 2 yillik muddatga berilgan holatlarda tibbiy xulosada 17-bandda koʻrsatilgan maʼlumotlardan tashqari, shuningdek bolaning navbatdagi tibbiy koʻrikdan oʻtish sanasi ham koʻrsatiladi.
Bolani qayta koʻrikdan oʻtkazish muddatlari kasallikning ogʻirlik darajasi, uning kechishi, funksional yetishmovchilikning turgʻunligi, oʻz-oʻziga xizmat qila olish holati, harakatlanish, chamalash, muloqot, oʻqish, oʻz yurish-turishini nazorat qilish qobiliyatining bashorat qilinadigan dinamikasiga qarab belgilanadi.
19. Ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq tibbiy xulosada bolalarga berilishi lozim boʻlgan mazkur bolalar uchun protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari koʻrsatiladi.
20. TMK tomonidan ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq 16 yoshgacha nogironlikni qayd qilish daftari yuritiladi.
21. Bolalar TMK koʻrigidan mazkur Nizomda belgilangan tartibda taqdim etilgan tibbiy hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab 10 kun muddatda oʻtkaziladi.
Tibbiy xulosa bolalar tibbiy koʻrikdan oʻtgan kuni ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga topshiriladi.
22. Nogironlikni belgilash uchun asos boʻlgan anamnestik, obyektiv maʼlumotlar, reabilitatsiya qilishning yakka tartibdagi dasturi komissiya tomonidan bolaning ambulator kartasida (112-shakl) shu kuni qayd qilinadi va komissiya aʼzolari tomonidan imzo bilan tasdiqlanadi.
23. Bolalarning ota-onalari yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tibbiy xulosalar berilgan kundan boshlab 3 kun muddat ichida tibbiy xulosani oʻzlarining pasport boʻyicha roʻyxatda turgan joyidagi tuman (shahar) ijtimoiy taʼminot boʻlimlariga topshirishlari lozim.
24. Tibbiy xulosani qayta berilishi oldingi tibbiy xulosada qayd etilgan muddatdan kechikmasligi va uning rasmiylashtirilishi tibbiy xulosada koʻrsatilgan oydan oldingi oyining 1-sanasidan boshlanishi lozim.
25. 16 yoshga toʻlmasdan bir oy oldin nogiron bolalarni nogironlik guruhini belgilash maqsadida oʻrnatilgan tartibda tegishli tibbiy-mehnat ekspert komissiyasiga yuboriladi.
26. Tibbiy xulosani berish bilan bogʻliq boʻlgan barcha hujjatlar maxsus seyflarda saqlanib, uning hisob-kitobi tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasalarining rahbarlari tomonidan maxsus buyruq asosida yuklatilgan masʼul xodim tomonidan olib boriladi.
Hujjatlarning saqlanish muddati — 25 yil.
27. TMKning faoliyati ustidan nazorat qilish tuman (shahar) davolash-profilaktika muassasasining bosh shifokorlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi va viloyatlar hokimiyatlari sogʻliqni saqlash boshqarmalarining bosh pediatrlari zimmasiga yuklatiladi.
IV. Tibbiy xulosani bekor qilish tartibi va asoslari
28. Tibbiy xulosa quyidagi hollarda bekor qilinadi:
— sogʻayganligi tufayli;
— 16 yoshga toʻlganligi sababli;
— vafot etganligi sababli;
— bola oilasi bilan doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga yoki boshqa joyga koʻchib ketganda.
29. Tibbiy xulosani bekor qilish ushbu Nizomning 5-ilovasiga muvofiq TMK xulosasi asosida amalga oshiriladi.
V. Yakuniy qoidalar
30. Tibbiy xulosa natijalaridan norozi boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq sogʻliqni saqlash muassasasining yuqori tashkilotiga yoki sudga murojaat qilishlari mumkin.
31. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor boʻlgan shaxs qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
16 yoshgacha boʻlgan bolalarni nogiron deb topish haqida tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
16 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalarga nafaqa olish huquqini beruvchi tibbiy koʻrsatmalar
ROʻYXATI
I. 1 yil muddatga nogironlik belgilanadigan kasalliklarning nomlari va ularning klinik koʻrinishlari
II. 2 yil muddatga nogironlik belgilanadigan kasalliklarning nomlari va ularning klinik koʻrinishlari
A. Asab tizimi faoliyatining buzilishi
B. Ichki aʼzolar va tizimlarning buzilishi
V. Ortopedik va xirurgik kasalliklar
G. Koʻz kasalliklari
III. 16 yoshgacha boʻlgan muddatga nogironlik belgilanadigan kasalliklarning nomi va ularning patologik holatlari
A. Asab tizimining kasalliklari va ruhiy buzilishlar
1. Serebral falaj va boshqa falajli sindromlar (qoʻl-oyoqlarning uzoq vaqt falajligi yoki chuqur parezlari, turgʻun ikkilamchi tarqoq atetoz tipidagi giperkinezlar, xoreoatetoz, koordinatsiyaning yaqqol buzilishi).
2. 2 yil va undan ortiq doimiy ravishda davolashga qaramay davom etayotgan tez-tez qaytalanuvchi epilepsiyaning shaxs oʻzgarishi va aqliy pastligi bilan kechishi (oyiga 4 va undan ortiq katta yoki kunda tez-tez kichik yoki tutqanoqsiz kechuvchi).
3. Tashxisi tasdiqlangan nasl-genetik va degenerativ kasalliklar (stabil va zoʻrayuvchi turlari).
4. Kelib chiqishi har xil boʻlgan aqliy zaiflikning chuqur va ogʻir turi.
5. 6 oy davom etadigan (surunkali) ogʻir shizofreniya va boshqa ruhiy buzilishlar va xulq-atvor buzilishlari.
6. Meningoensefalitning (ensefalitning) 2 yil va undan ortiq doimiy ravishda davolashga qaramay tiklanmagan (chuqur parez, plegiya, paraparez, paraplegiya, triparez, triplegiya, gemiplegiya, gemiparez, tetraparez, tetraplegiya, afaziya, dizartriya, parsial va generallashgan epileptik xuruji, ruhiy, aqliy zaiflikning oʻrta, chuqur va ogʻir holatlari) turgʻun asoratlari.
B. Koʻz va uning qoʻshimcha apparati kasalliklari va jarohatlari
1. Koʻrish oʻtkirligining yaxshi koʻradigan koʻzda 0,04 - 0,08 (korreksiya bilan)ga pasayishi yoki koʻrish maydonining bogʻlanish nuqtasidan hamma yoʻnalish boʻyicha 15 gradusgacha torayishiga olib keladigan ikki tomonlama orqaga qaytmaydigan turgʻun va davolab boʻlmaydigan tugʻma va orttirilgan koʻrish aʼzosi shikastlanishlari.
2. Koʻrish oʻtkirligining yaxshi koʻradigan koʻzda 0,2 (korreksiya bilan)ga pasayishi yoki koʻrish maydonining bogʻlanish nuqtasidan hamma yoʻnalish boʻyicha 25 gradusgacha torayishiga olib keladigan ikki tomonlama orqaga qaytmaydigan turgʻun va davolab boʻlmaydigan tugʻma va orttirilgan koʻrish aʼzosi shikastlanishlari.
3. Bir tomonlama koʻz soqqasini yoʻqligi (anoftalm) yoki bir tomonlama koʻzni koʻrligi (0 dan 0,02 gacha qamrab olingan).
V. Ichki aʼzolar kasalliklari
1. Bronx-oʻpka tizimining tugʻma va irsiy kasalliklari (aniqlanmagan kistozli fibroz-mukovissidoz, alveolit surunkali kechishi bilan va oʻpka tugʻma anomaliyalari) nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligining II darajasi.
2. Tugʻma va orttirilgan xarakterdagi bronx — oʻpka kasalliklarida II-III darajali turgʻun nafas yetishmovchiligi. Astmaning garmonga bogʻliq turi.
3. Lokal formasi bilan dispanser hisobida turadigan sil kasalliklari: oʻpkaning oʻchoqli sili yalligʻlanish va yemirilish davri BK+, oʻpkaning infiltrativ sili yemirilish va tarqalish davri BK+, kavernali va fibrozli-kavernali shakli turgʻun nafas yetishmovchiligi II-III daraja, tsirrotik oʻpka sili. Oʻpkadan tashqari organlar sili surunkali kechishi (suyak va boʻgʻimlar sili, siydik-tanosil organlari sili, sil meningoensefalitlari asoratlari bilan va boshqalar).
4. Yurakning inoperabel fonida qon aylanishining turgʻun yetishmovchiligi.
5. Jigarning tugʻma, irsiy, orttirilgan kasalliklarida kuchli turgʻun qayta tiklanmaydigan funksional buzilishlari.
6. Surunkali buyrak yetishmovchiligining III -bosqichi.
7. Birlamchi arterial gipertoniya (gipertoniya kasalligi), buyraklar shikastlanishi ustunligi bilan.
8. Diabetik nefroskleroz.
G. Oʻsma kasalliklar
Inkurabel yomon sifatli oʻsmalarning ogʻir shakli. Aʼzolar funksiyasining kuchli buzilishi kuzatilganda xirurgik muolajalar mumkin boʻlmagan holatdagi xavfsiz sifatli oʻsmalar.
D. Xirurgik kasalliklar va anatomik nuqsonlar hamda deformatsiyalar
1. Bir necha bor operativ rekonstruktiv amaliyotidan keyin tuzatib boʻlmaydigan doimiy najas va siydikni tutaolmaslik, yoʻgʻon, toʻgʻri ichak va orqa chiqaruv teshigining tugʻma va orttirilgan oqmalari, siydik tanosil aʼzolari oqmalari.
2. Muhim aʼzolar: oʻpka, jigar, ichaklar va anorektal sohasining, oʻt yoʻllarining atreziyasi, buyrak, siydik pufagining yoʻqligi, yaqqol rivojlanmaganligi tufayli patologik asoratlarda muhim aʼzolarning turgʻun funksional buzilishlari.
3. Suyak-mushak sistema va biriktiruvchi toʻqima kasalliklarida yaqqol qayta tiklanmaydigan funksional buzilishlari:
a) bir yoki ikkala oyoq va qoʻllarda tugʻma va orttirilgan ogʻir darajadagi deformatsiyalar va amputatsion choʻltoqlar;
b) ankiloz, kontraktura, patologik sinish, skelet deformatsiyasiga olib keladigan umurtqa pogʻonasining tizimli zararlanishi;
v) tayanch-harakat apparatining rivojlanish nuqsonlari tufayli mustaqil harakat va oʻz-oʻziga xizmat qilish imkoniyati yoʻqligi.
E. Endokrin tizimi kasalliklari
Ichki sekretsiya bezlari funksiyasining yetishmovchiligi:
qandli diabet (insulinga bogʻliq qandli diabet);
qandsiz diabet (pitiutrin-rezistent shakli), Itsengo-Kushinga sindromi, surunkali buyrak usti bezlarining boshqa buzilishlari (Adisson krizi), total adrenoektomiyadan keyingi holati, buyrak usti bezi poʻstlogʻining ogʻir tugʻma disfunksiyasi, ogʻir tugʻma yod yetishmovchiligi sindromi, gipofizar nanizm, tugʻma va orttirilgan gipotireozning ogʻir shakli, gipoparatireoz, tireotoksikoz.
J. Qon va qon yaratuvchi organlar kasalliklari
1. Leykozlar, gemoblastozlar, Xodjkin kasalligi (limfogranulomatoz), xavfli gistiotsitoz.
2. Qon ishlab chiqarishning tugʻma va orttirilgan aplastik anemiyalar.
3. Idiopatik trombotsitopenik purpura, koagulopatiya nasliy va surunkali shakllari.
4. Ogʻir gemorragik kriz bilan kechuvchi doimo qaytalanib turuvchi surunkali trombotsitopatiyalar, irsiy va orttirilgan shakllari, yilida 3 marotabadan ortiq gemorragik krizlar.
5. Gemolitik anemiya irsiy, orttirilgan shakllari, yilida 3 marotabadan ortiq gemolitik krizlar.
6. Gemofiliyaning hamma turlari.
Z. Immun mexanizmini jalb etuvchi ayrim buzilishlar
1. Tugʻma immun tizim tanqislik holatlari:
a) ogʻir mujassamlashtirilgan antitelalar (antitanachalar) yetishmovchiligi ustun boʻlgan immunodefitsit holatlar, polimorfyadroli neytrofillar funksional buzilishlari, septik granulamatoz — jigar, oʻpka, limfa tugunlari va boshqa aʼzolarning qaytalanib turuvchi bakterial shikastlanishi bilan kechishi;
b) qon zardobida immunoglobulin “E” ning konsentratsiyasi 1000 KED/l.dan yuqori boʻlishi bilan jigarda, oʻpkada, teri ostida “sovuq” abssesslarning qaytalanishi bilan kechuvchi giperimmunoglobulin “E” sindromi.
2. Orttirilgan immuntanqislik holatlari:
a) OIV infeksiyasining III-IV darajasi.
b) OITS — odam immuntanqisligi sindromi.
I. Quloq, tomoq va burun kasalliklari
1. Ikki tomonlama konduktiv va neyrosensor karlik III-IV daraja yoki eshitish qobiliyatining toʻla yoʻqotilishi. Nutq buzilishi.
2. Eshitishning buzilishiga olib keluvchi quloq tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari). Ikki tomonlama quloqning tugʻma rivojlanmasligi yoki tuzatib boʻlmas anomaliyasi (quloq suprasi va tashqi eshituv yoʻlining boʻlmasligi).
3. Hiqildoq tugʻma anomaliyalari (rivojlanish nuqsonlari) mustaqil nafas olish funksiyasi buzilishi bilan.
4. Hiqildoq va kekirdak yuqori qismining orttirilgan chandiqli torayishi, 2-3-darajali nafas yetishmovchiligi bilan.
5. Ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavatining granulyoma va granulamasimon shikastlanishlari.
16 yoshgacha boʻlgan bolalarni nogiron deb topish haqida tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
16 yoshgacha boʻlgan bolalarni nogiron deb topish haqida tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 3-ILOVA
Nogiron bolalarga protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari berish uchun asos boʻluvchi tibbiy koʻrsatmalar
ROʻYXATI
I. Nogiron bolalarning protez-ortopediya mahsulotlariga muhtojligini aniqlash uchun tibbiy koʻrsatmalar
TMKlar nogiron bolalarning protez-ortopediya mahsulotlariga muhtojligi toʻgʻrisida tibbiy xulosa berishda quyidagi tibbiy koʻrsatmalarga asoslanadi (qayd etilgan kasalliklar tufayli nogironlik belgilangan boʻlsa):
1. Protez mahsulotlariga:
qoʻl choʻltoqligi;
bilak choʻltoqligi;
yelka choʻltoqligi;
son choʻltoqligi;
boldir choʻltoqligi;
oyoqning amputatsion choʻltoqligi.
2. Ortoped apparatlariga:
poliomiyelit (qoqshol) kasalligi asoratlari (shu jumladan, oyoq parezi);
son va boldir sohasidagi soxta boʻgʻimlar;
tugʻma yoki orttirilgan patologiyalar natijasida oyoqning 3 santimetr va undan ortiq kaltaligi;
bolalar tserebral falajligi.
3. Koʻkrak bezlari ekzoprotezlarga:
onkologik oʻsmalar va boshqa sabablar tufayli koʻkrak bezining olib tashlanganligi.
4. Tutorlarga:
poliomiyelit asoratlari;
sekin bitadigan siniqlar va soxta boʻgʻimlar.
5. Korsetlarga:
skolioz;
osteoxondroz asoratlari (disk churrasi, spondilolistez, orqa miya nerv tolasining ezilishi natijasida rivojlangan skolioz);
kifoz;
umurtqa kanali stenozi;
umurtqa pogʻonasi jarohati asoratlari (umurtqalar oʻynoqiligi, orqa miya faoliyatining buzilishi, spondilolistez).
6. Bandajlarga:
qaytalanuvchi yoki jarrohlik amaliyotini qoʻllash imkoni boʻlmagan churralar.
7. Reklinatorlarga:
skolioz.
8. Murakkab ortoped poyabzaliga:
orttirilgan yoki tizimli, irsiy, tugʻma patologiyalar natijasida oyoqning 3 santimetrdan ortiq anatomik kaltaligi;
tovon yuzasining varus yoki valgusli deformatsiyasi natijasida oyoqni ichkariga yoki tashqariga qiyshayishi;
oyoq kafti amputatsiyasi yoki ekzoartikulatsiyasidan (Shopar, Lisfrank, Goranjo, Sharp usulida va boshqalar) keyingi choʻltoqlik;
oshiq-tovon boʻgʻimini mustahkamlashni talab etadigan oyoqlar yarim falajligi (parezi) va falajligi (paralichi);
bolalar tserebral falajligi;
oyoq panjasining rivojlangan ekvinus-varus qiyshiqligi, oyoq panjasi falajligi (ot tuyogʻi);
oyoq kafti yassi valgusli falajlik deformatsiyasi;
oyoq panjasining kuyish, sovuq olishi, elektr jarohati yoki jarrohlik muolajasi natijasidagi deformatsiyalari;
oyoq panjasining rivojlangan va turgʻun limfostazi (fil oyoqlik) va u bilan bogʻliq boʻlgan trofik oʻzgarishlar.
II. Nogiron bolalarni reabilitatsiya texnik vositalariga muhtojligini aniqlash uchun tibbiy koʻrsatmalar
TMKlar nogiron bolalarning reabilitatsiya texnik vositalariga muhtojligi toʻgʻrisida tibbiy xulosa berishda quyidagi tibbiy koʻrsatmalarga asoslanadi (qayd etilgan kasalliklar tufayli nogironlik belgilangan boʻlsa):
a) Nogironlar aravachasi (xonada foydalanish uchun):
surunkali qon aylanishi buzilishining III darajasi;
oʻpka yurak-yetishmovchiligining III darajasi;
gemiplegiya, rivojlangan gemiparez;
tananing pastki qismi rivojlangan paraparezi, paraplegiya;
rivojlangan triparez, triplegiya;
rivojlangan tetraparez, tetraplegiya;
giperkinetik amiostatik sindrom, kuchli rivojlangan ataksiya;
ikkala oyoqning boldir va undan yuqori qismi amputatsiyasi;
ikkala tizza boʻgʻimlari va tirsak panja boʻgʻimlarining deformatsiyalanuvchi IV darajali osteoartrozi.
b) Nogironlar aravachasi (sayr uchun):
gemiplegiya, rivojlangan gemiparez;
tananing pastki qismi rivojlangan paraparezi, paraplegiya;
rivojlangan triparez, triplegiya;
rivojlangan tetraparez, tetraplegiya;
ikkala oyoqning boldir va undan yuqori qismidan amputatsiyasi;
ikkala tizza boʻgʻimlari va tirsak-panja boʻgʻimlarining deformatsiyalanuvchi IV darajali osteoartrozi.
v) Eshitish moslamasiga:
tugʻma, ottirilgan va aralash Koxlear nevrit;
eshitish qobiliyati pasayishining III-IV darajasi (surdologning ikkala quloqning eshitish qobiliyati pasayganligi toʻgʻrisidagi xulosasi asosida).
g) Qoʻltiq tayoq:
bitta oyoqning tayanch-harakat faoliyati toʻliq buzilgan holatlarda hamda anatomik defektlarda.
d) Hassa:
oyoqning tayanch-harakat faoliyati qisman buzilgan holatlarda, shuningdek murakkab protez va ortez bilan taʼminlangan holatlarda;
koʻzi ojiz nogironlarga.
16 yoshgacha boʻlgan bolalarni nogiron deb topish haqida tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ILOVA
16 yoshgacha nogironlikni qayd qilish
DAFTARI
16 yoshgacha boʻlgan bolalarni nogiron deb topish haqida tibbiy xulosa berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 5-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 38-son, 419-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
