Haj mavsumida yangi a(H1N1) grippining respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida (223-son)
06.08.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tarqatayotgan maʼlumotlarga koʻra, yangi A(H1N1) grippi Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa, Avstraliya hamda Osiyodagi 150 dan ortiq mamlakatlarda qayd etilgan. Mazkur kasallikka chalingan bemorlar soni qariyb 200 ming nafarga yaqinlashib, ular orasida oʻlim holatlari qayd etilmoqda.
Yangi gripp boʻyicha vujudga kelgan vaziyat Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan pandemiya, deb eʼlon qilindi.
Jahonda epidemik vaziyatning murakkablashganligi, yangi A(H1N1) grippining chetdan respublikamizga kirib kelishi xavfi mavjudligini, xususan, Saudiya Arabistonida 595 nafar kishida mazkur virus aniqlanganligini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi aholisi, Haj mavsumida ziyoratchilar sogʻligʻini muhofaza qilish hamda mazkur kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Haj mavsumida yangi A(H1N1) grippining respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha komissiya tarkibi 1-ilovaga, tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari raisligida tegishli vazirliklar hamda idoralarning tarkibiy boʻlinmalari vakillaridan iborat tarkibda hududiy komissiyalar tuzilishi belgilab qoʻyilsin.
2. Komissiyaga:
tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda turli yuqumli kasalliklar, xususan yangi A (H1N1) grippining chetdan kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha haj mavsumida amalga oshiriladigan tadbirlarni muvofiqlashtirish hamda ularning oʻz vaqtida, toʻlaqonli bajarilishini taʼminlash;
haj mavsumida yangi A (H1N1) grippining respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan zarur chora-tadbirlarni belgilash vazifasi topshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligiga:
ziyoratchilarni safarga ketishdan oldin, Haj mavsumida va respublikaga kelgan vaqtida tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, tibbiy xizmat koʻrsatish, turli yuqumli kasalliklar, jumladan yangi A (H1N1) grippi kasalligiga qarshi zarur profilaktik choralarni koʻrish;
Haj mavsumida yangi A(H1N1) grippining respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha tegishli targʻibot-tashviqot materiallarini tayyorlash va mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yuqori saviyada tashkil etish vazifasi yuklatilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Saudiya Arabistonidagi epidemiologik vaziyat haqida tegishli vazirliklar va idoralar bilan oʻzaro axborot almashinuvini taʼminlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita Oʻzbekiston musulmonlar idorasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Haj mavsumida guruh rahbarlari va ziyoratchilar bilan oʻtkaziladigan mashgʻulotlarda yangi A(H1N1) grippi virusidan saqlanish boʻyicha tushuntirish va targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirsin.
6. Oʻzbekiston musulmonlari idorasining ziyoratchilar uchun zarur boʻlgan yangi A(H1N1) grippining oldini oluvchi dori-darmonlar, dezinfeksiyalovchi va profilaktik vositalarni xarid qilishga sarflanadigan xarajatlarning idora tomonidan qoplanishi toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
7. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi ziyoratchilar kuzatiladigan va kutib olinadigan aeroportlarning sanitariya- nazorat punktlarida zarur shart-sharoitlarni yaratsin.
8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga yuqumli kasalliklar, jumladan yangi A (H1N1) grippining chetdan kirib kelishi hamda tarqalishining oldini olish boʻyicha reja asosida mutaxassislarning ommaviy axborot vositalarida muntazam chiqishlarini uyushtirib borishi tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-avgust,
223-son
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 6-avgustdagi 223-son qaroriga 1-ILOVA
Haj mavsumida yangi A(H1N1) grippining respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha komissiya
tarkibi
Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 6-avgustdagi 223-son qaroriga 2-ILOVA
Haj mavsumida yangi A (H1N1) grippining respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish chora-tadbirlari
REJASI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 32-33-son, 361-modda)
