Oʻzbekiston Respublikasi davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga xorijiy fuqarolar tomonidan oʻqishga kirish uchun hujjatlarni taqdim etish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (1992-son)
05.08.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 5-avgustda 1992-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 4-avgustdagi “Xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 169-sonli qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlaritoʻplami, 2008-y., 31-32-son, 304-modda) ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga xorijiy fuqarolar tomonidan oʻqishga kirish uchun hujjatlarni taqdim etish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
Xalq taʼlimi vaziri Gʻ. ShOUMAROV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-iyul,
180-son
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirining 2009-yil 6-iyuldagi 180-sonli buyrugʻiga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga xorijiy fuqarolar tomonidan oʻqishga kirish uchun hujjatlarni taqdim etish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi
yoʻriqnoma
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 4-avgustdagi 169-son “Xorijiy fuqarolarni Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va oʻqitish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga (bundan buyon matnda maktab deb yuritiladi) xorijiy fuqarolar tomonidan oʻqishga kirish uchun hujjatlarni taqdim etish va ularni koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.
2. Maktablarda xorijiy fuqarolarni oʻqishga qabul qilish va oʻqitish boʻyicha barcha ishlarni tashkil etish, oʻquv-uslubiy rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Maktablarga oʻqishga kirish istagini bildirgan xorijiy fuqarolar mazkur Yoʻriqnoma bilan tanishtirilishi lozim.
II. Xorijiy fuqarolarning hujjatlarini qabul qilish tartibi
4. Xorijiy fuqarolar maktabga oʻqishga kirish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
bola ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar yoxud notarial tasdiqlangan ishonchnoma orqali belgilangan vakillarning bolani maktabga qabul qilish toʻgʻrisidagi arizasi;
oʻrganilgan fanlar va ular boʻyicha imtihonlarda olingan baholar (ballar) koʻrsatilgan maʼlumoti haqidagi hujjatlarning asl nusxalari;
sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa;
“milliy pasport (amaldagi vizasi bilan) yoki identifikatsiyalovchi ID-karta yoxud tugʻilganlik haqidagi guvohnoma;
4 x 6 sm hajmdagi 6 dona fotosurat.
5. Hujjatlar xorijiy fuqaro oʻqish istagini bildirgan maktab maʼmuriyati qoshidagi qabul komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda qabul komissiyasi deb yuritiladi) taqdim etiladi.
6. Qabul komissiyasi xorijiy fuqaro ishtirokida uning til tayyorgarligidan oʻtish masalasini aniqlaydi va tegishli tavsiya beradi.
Maktablarga oʻqishga kirayotgan xorijiy fuqarolar, zarurat boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda, oʻqiyotgan joyida til oʻrganish boʻyicha tayyorgarlik kursini oʻtaydilar.
7. Qabul komissiyasi tomonidan maktabda oʻqish istagini bildirgan xorijiy fuqaroning hujjatlari, uni oʻqishga qabul qilish boʻyicha tuzilgan dalolatnoma hamda u bilan tuziladigan shartnoma (kontrakt) loyihasi tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimiga yuboriladi, shundan soʻng ular tomonidan hujjatlar jamlanib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi, viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalariga yuboriladi.
Vazirlik va idoralar tasarrufidagi maktablarda tashkil etilgan qabul komissiyasi tomonidan hujjatlar tegishli vazirlik va idoralarga yuboriladi.
III. Xorijiy fuqarolarning hujjatlarini koʻrib chiqish tartibi
9. Xorijiy fuqarolarning hujjatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari huzurida tuzilgan xorijiy fuqarolarni maktabga oʻqish uchun qabul qilish boʻyicha maxsus komissiya (keyingi oʻrinlarda maxsus komissiya deb yuritiladi) tomonidan 10 kunlik muddatda koʻrib chiqiladi.
Vazirlik va idoralar tasarrufidagi maktablarda oʻqish istagini bildirgan xorijiy fuqarolarning hujjatlari ushbu vazirlik va idoralar tomonidan 10 kunlik muddatda koʻrib chiqilib qaror qabul qilinadi.
10. Maxsus komissiya hujjatlarni oʻrganish jarayonida hujjatlarga aniqlik kiritish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari nomidan tegishli vazirliklar, idoralar va tashkilotlarga soʻrov xatlari yuborish huquqiga ega.
11. Maxsus komissiya oʻrganilgan hujjatlarga asoslanib, xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish yoki qabul qilmaslik toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
12. Maxsus komissiyaning xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish toʻgʻrisidagi qarori u bilan shaxsiy shartnoma (kontrakt) tuzish uchun asos boʻladi.
13. Maxsus komissiya tomonidan xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻng, hujjatlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan tegishli maktablarga yuborish uchun tuman (shahar) xalq taʼlimi boʻlimlariga yuboriladi.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalarining xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish boʻyicha yozma koʻrsatmasiga asosan maktab maʼmuriyati xorijiy fuqaroni maktabga qabul qilish yuzasidan oʻz buyrugʻini chiqaradi hamda xorijiy fuqaro va maktab oʻrtasida oʻqish boʻyicha shaxsiy shartnoma (kontrakt) tuzadi.
IV. Yakuniy qoidalar
15. Mazkur Yoʻriqnoma talablarining buzilishida aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
16. Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-iyun
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-iyun
Tashqi ishlar vaziri N. NOROV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-iyun
Sogʻliqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 10-iyun
