35-modda. Davlat budjetini belgilangan parametrlar doirasida ijro etish
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va mahalliy hokimiyat vakillik organlari, agar muayyan harakatlari budjet taqchilligining qonun hujjatlarida belgilangan eng yuqori darajasidan oshib ketishiga olib keladigan boʻlsa, Davlat budjeti daromadlarini qisqartiruvchi yoki xarajatlarini oshiruvchi biron-bir harakat qilishga haqli emaslar.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti hamda mahalliy budjetlar qabul qilinganidan keyin moliya yili mobaynida ayrim turlar boʻyicha budjet daromadlarini qisqartirishga olib keluvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va tegishli mahalliy hokimiyat vakillik organining qarori, agar unda boshqa turlar boʻyicha daromadlarni koʻpaytirish va (yoki) budjet xarajatlari tegishli miqdorda qisqartirilishi kerak boʻlgan moddalar nazarda tutilgan boʻlsagina, qabul qilinishi va amalga kiritilishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlar qabul qilinganidan keyin moliya yili mobaynida tegishli budjet xarajatlari qisqartirilishiga va (yoki) daromadlari koʻpayishiga olib keluvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va mahalliy hokimiyat vakillik organining qarori qabul qilingan taqdirda hosil boʻladigan ortiqcha mablagʻlar mazkur qaror qabul qilingan darajadagi budjetga mablagʻlarni qayta taqsimlash uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda olib qoʻyiladi.
Agar Davlat budjeti qabul qilinganidan keyin moliya yili mobaynida Davlat budjetidan olingan budjet mablagʻlarini koʻpaytirish (kamaytirish) toʻgʻrisida qaror qabul qilinadigan boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya organlari tomonidan tegishli darajadagi budjetlar hajmiga oʻzgartirishlar kiritiladi. Xarajatlarni koʻpaytirish yoki ularni qisqartirish budjetlar oʻrtasida oʻzaro hisob-kitob qilish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Budjetlar oʻrtasida oʻzaro hisob-kitob oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Soliq va budjet toʻlovlari intizomini mustahkamlash yuzasidan koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlarga tasdiqlangan koʻrsatkichlardan tashqari tushgan qoʻshimcha daromadlar aylanma kassa mablagʻi meʼyori tasdiqlanganidan kam boʻlmagan miqdorda saqlanib qolgan taqdirda qabul qilingan budjetdagidan tashqari xarajatlarga yoʻnaltirilishi mumkin. Mazkur masalaga doir qarorlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va tegishli hokimlar tomonidan qabul qilinadi.
