3-modda. Asosiy tushunchalar
Budjet tizimi toʻgʻrisida (158-II-son) · Sana: 14.12.2000 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aylanma kassa mablagʻi meʼyori — moliya yilida respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va mahalliy budjetlar hisobvaraqlarida turishi mumkin boʻlgan pul mablagʻlarining qonun hujjatlari bilan belgilanadigan eng kam miqdori;
budjet jarayoni — Davlat budjetini tuzish, koʻrib chiqish, qabul qilish va ijro etish, uning ijrosini nazorat qilish, ijrosi haqidagi hisobotni tayyorlash va tasdiqlash, shuningdek Davlat budjeti tuzilmasiga kiruvchi budjetlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning qonun hujjatlari bilan tartibga solingan jarayoni;
budjet dotatsiyasi — oʻz daromadlari va budjetni tartibga soluvchi boshqa mablagʻlar yetishmagan taqdirda quyi budjetning xarajatlari bilan daromadlari oʻrtasidagi farqni qoplash uchun yuqori budjetdan quyi budjetga qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablagʻlari;
budjetdan mablagʻ ajratish — qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda Davlat budjetidan budjet tashkilotlariga hamda boshqa budjet mablagʻlari oluvchilarga ajratiladigan pul mablagʻlari;
budjet profitsiti — muayyan davrda budjet daromadlarining budjet xarajatlaridan ortiq boʻlgan summasi;
budjet ssudasi — yuqori budjetdan quyi budjetga yoxud respublika budjetidan rezident-yuridik shaxsga yoki chet el davlatiga qaytarish sharti bilan ajratiladigan mablagʻ;
budjet subvensiyasi — qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda muayyan maqsadlarga sarflash sharti bilan yuqori budjetdan quyi budjetga qaytarmaslik sharti bilan ajratiladigan pul mablagʻlari;
budjet soʻrovi — budjet tasnifi boʻyicha tushumlarni shakllantirish va budjetdan mablagʻ ajratish toʻgʻrisidagi soʻrov;
budjet tashkiloti — zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan oʻz faoliyatini amalga oshirishi uchun Davlat budjetidan mablagʻ ajratish nazarda tutilgan va bu mablagʻ moliyalashtirishning asosiy manbai hisoblanadigan vazirlik, davlat qoʻmitasi, idora, davlat tashkiloti;
budjet taqchilligi — muayyan davrda budjet xarajatlarining budjet daromadlaridan ortiq boʻlgan summasi;
budjet transferti — budjetdan yuridik yoki jismoniy shaxsga bevosita yoxud vakolatli organ orqali ajratiladigan qaytarilmaydigan pul mablagʻlari;
Davlat budjeti — davlat pul mablagʻlarining (shu jumladan davlat maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlarining) markazlashtirilgan jamgʻarmasi boʻlib, unda daromadlar manbalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek, moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablagʻlar sarfi yoʻnalishlari va miqdori nazarda tutiladi;
