Atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasidagi xalqaro shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlarini bajarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (179-son)
25.06.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 28-moddasiga muvofiq, shuningdek atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasidagi xalqaro shartnomalar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlarini bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi:
Oʻzbekiston Respublikasi va Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlik oʻrtasidagi Yadroviy qurolni tarqatmaslik toʻgʻrisidagi 1994-yil 8-oktabrdagi shartnoma bilan bogʻliq boʻlgan kafolatlarni qoʻllash toʻgʻrisidagi Bitim hamda Bitimga 1998-yil 22-sentabrda Toshkent shahrida imzolangan Qoʻshimcha protokol boʻyicha;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Atom energiyasi boʻyicha Yevropa Hamjamiyati (Yevratom) oʻrtasida atom energiyasidan tinchlik yoʻlida foydalanish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida 2003-yil 6-oktabrda Bryussel shahrida imzolangan Bitim boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini taʼminlash boʻyicha vakolatli organ etib belgilansin.
2. Atom energiyasi boʻyicha xalqaro agentlikka (MAGATE) va Yevratomga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda axborotlar tayyorlash va ularni (bayonot, hisobotlar, xabarnomalar, hisobotlarga qoʻshimcha va tushuntirishlar) taqdim etish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasiga yuklansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi MAGATE va Yevratomni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan Bitimlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi majburiyatlarining bajarilishini taʼminlash boʻyicha vakolatli organ etib belgilanganligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda xabardor qilsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 25-iyun,
179-son
