Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi tomonidan aksiyalar egalari reyestrini qabul qilish tartibi va hujjatli aksiyalarni harakatsizlantirish mexanizmi toʻgʻrisida vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida (1968-son)
12.06.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi huzuridagi qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlaShtirish va nazorat qilish markazi bosh direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 12-iyunda 1968-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 29-30-son, 278-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 30-martdagi 126-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi toʻgʻrisida”gi nizomga (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami. 1996-y., 3-son, 11-modda) muvofiq buyuraman:
1. Qimmatli qogʻozlar Markaziy depozitariysi tomonidan aksiyalar egalari reyestrini qabul qilish tartibi va hujjatli aksiyalarni harakatsizlantirish mexanizmi toʻgʻrisida vaqtinchalik nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiritilsin.
Bosh direktor K.TOLIPOV
Toshkent sh.,
2009-yil 6-may,
2009-27-son
Qimmatli qogʻozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish markazi Bosh direktorining 2009-yil 6-maydagi 2009-27-son buyrugʻi bilan TASDIQLANGAN
Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi tomonidan aksiyalar egalari reyestrini qabul qilish tartibi va hujjatli aksiyalarni harakatsizlantirish mexanizmi toʻgʻrisida
VAQTINChALIK NIZOM
Mazkur Vaqtinchalik nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 29-30-son, 278-modda) Qonuniga muvofiq Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi (keyingi oʻrinlarda — Markaziy depozitariy) tomonidan aksiyalar egalari reyestrini qabul qilish tartibi va hujjatli aksiyalarni harakatsizlantirish mexanizmini oʻrnatadi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Vaqtinchalik nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
deponentlash — hujjatli aksiyalar blanklarini depozitariylarga saqlashga topshirish;
harakatsizlantirish — hujjatli aksiyalarni ochiq saqlashga deponentlash;
oxirgi reyestr — reyestr yuritishni amalga oshirgan shaxslar maʼlumotlari boʻyicha 2008-yil 22-iyuldagi ish kunining oxiriga shakllantirilgan qimmatli qogʻozlar egalarining roʻyxati;
roʻyxatga olish jurnali — aksiyalarga boʻlgan huquqlarning oʻtishi, shuningdek aksiyalar egalari reyestrida (keyingi oʻrinlarda — reyestr) roʻyxatga olingan shaxs nomiga yozilgan aksiyalar sonining oʻzgarishi bilan bogʻliq yoki aksiyalarga majburiyatlar yuklatilishi faktini aks ettiruvchi boshqa har qanday hodisalar toʻgʻrisidagi yozuvlarni xronologik tartibda oʻzida saqlovchi jurnal;
roʻyxat — depozitariylar tizimi maʼlumotlari boʻyicha 2008-yil 22-iyuldagi ish kunining oxiriga shakllantirilgan qimmatli qogʻozlar egalarining roʻyxati;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi huzuridagi Qimmatli qogʻozlar bozorini muvofiqlashtirish va rivojlantirish markazi;
hujjatli aksiyalar egasi (keyingi oʻrinlarda — egasi) — hujjatli aksiyalar mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
egasining vakili (keyingi oʻrinlarda — vakil) — egasining nomidan ishonchnoma yoki topshiriq (vositachilik) shartnoma asosida ish olib boruvchi shaxs.
2. Depozitariylar tizimidan tashqarida saqlanayotgan, davlat roʻyxatidan oʻtgan, shuningdek depozitariydagi egasining depo hisobvaragʻida saqlanayotgan va hisobda turgan hujjatli aksiyalar mazkur Vaqtinchalik nizomda belgilangan tartibda harakatsizlantirilishi kerak.
3. Hujjatli aksiyalar bilan bitimlar faqat ular harakatsizlantirilgandan soʻng amalga oshiriladi.
4. Egasi mustaqil ravishda yoki oʻz vakili orqali oʻziga tegishli hujjatli aksiyalarni depozitariyga harakatsizlantirish uchun topshirishga haqlidir.
5.Depozitariy egasidan yoki uning vakilidan hujjatli aksiyalarni qabul qilishni faqat egasida depozitar shartnoma mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiradi.
Egasida depozitar shartnoma yoʻq boʻlgan taqdirda, u mustaqil ravishda yoki oʻz vakili orqali depozitar shartnoma tuzishga haqlidir.
Vakil orqali depozitar shartnoma tuzishda egasi tomonidan vakilga beriladigan ishonchnomada egasi nomidan depozitar shartnoma tuzish huquqi, shuningdek hujjatli aksiyalarni depozitariyga topshirish huquqi koʻrsatiladi.
6. Hujjatli aksiyalar, ular harakatsizlantirilgandan soʻng depozitariylar tizimida hujjatsiz aksiyalar uchun belgilangan tartibda hisobga olinadi.
7. Markaziy depozitariy emitentga emitentning yozma soʻrovi olingandan soʻng ikki ish kunidan kechiktirmasdan Roʻyxatni taqdim etishga majbur.
8. Emitent mazkur Vaqtinchalik nizom kuchga kirgan kundan boshlab bir oy ichida Markaziy depozitariyga quyidagilarni topshiradi, mazkur Vaqtinchalik nizomning 10-bandida nazarda tutilgan holat bundan mustasno:
a) Mazkur Vaqtinchalik nizomga 1-ilovaga muvofiq shaklda rasmiylashtirilgan qogʻoz va elektron koʻrinishdagi Oxirgi reyestr. Bir betdan koʻpni tashkil qiluvchi Oxirgi reyestr tikilgan, orqa tomonida emitentning, shuningdek Oxirgi reyestrni tuzgan shaxsning (reyestr ixtisoslashtirilgan reyestr saqlovchi tomonidan yuritilgan taqdirda) asosiy muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi zarur. Oxirgi reyestrning betlari raqamlangan boʻlishi lozim.
b) Mazkur Vaqtinchalik nizomga 2-ilovaga muvofiq shaklda rasmiylashtirilgan Roʻyxat va Oxirgi reyestr maʼlumotlarini Solishtirish dalolatnomasi (keyingi oʻrinlarda — Solishtirish dalolatnomasi).
9. Qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarida egasining nomi yozilgan hujjatli aksiyalar mavjud boʻlgan emitent Oxirgi reyestr va Solishtirish dalolatnomasi topshirilgan kundan boshlab ikki oy ichida Markaziy depozitariyga quyidagilarni topshiradi, Mazkur Vaqtinchalik nizomning 10 va 11-bandlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno:
a) qogʻoz va elektron koʻrinishdagi roʻyxatga olish jurnali. Qogʻoz koʻrinishdagi roʻyxatga olish jurnali tikilgan, orqa tomonida emitentning, shuningdek Oxirgi reyestrni tuzgan shaxsning (reyestr ixtisoslashtirilgan reyestr saqlovchi tomonidan yuritilgan taqdirda) asosiy muhri bilan tasdiqlangan boʻlishi zarur. Roʻyxatga olish jurnalining titul varagʻida uni yuritishning boshlangan va tugatilgan sanasi toʻgʻrisidagi axborot koʻrsatiladi. Roʻyxatga olish jurnalining betlari raqamlangan boʻlishi zarur.
b) reyestrni yuritishga tegishli boʻlgan va 2008-yilning 23-iyuliga qadar reyestrga yozuvlar kiritishga asos hisoblangan hujjatlar (keyingi oʻrinlarda — reyestrni yuritish tizimining hujjatlari). Agar reyestrni yuritish tizimining hujjatlari hajmi 200 betdan oshib ketsa, ular alohida jildlarga ajratilishi lozim. Har bir jild boʻyicha elektron va qogʻoz koʻrinishda xronologik tartibdagi roʻyxat tuziladi. Qogʻoz koʻrinishda taqdim etilayotgan roʻyxat emitent rahbarining imzosi va mazkur emitentning asosiy muhri bilan tasdiqlanadi.
10. Mazkur Vaqtinchalik nizomning 8 va 9-bandlarida belgilangan talablar mazkur Vaqtinchalik nizom kuchga kirgan sanasiga qadar Oxirgi reyestr, Solishtirish dalolatnomasi, roʻyxatga olish jurnali va reyestrni yuritish tizimining hujjatlarini Markaziy depozitariyga topshirgan emitentlarga tatbiq qilinmaydi.
11. Agar reyestr yuritish depozitariy tomonidan amalga oshirilgan boʻlsa, roʻyxatga olish jurnali va reyestrni yuritish tizimining hujjatlari belgilangan tartibda ushbu depozitariyda saqlanadi.
12. Hujjatli aksiyalar ular harakatsizlantirilganidan soʻng belgilangan tartibda Markaziy depozitariyda saqlanadi.
Bu holda aksiyalar egasi harakatsizlantirilgan aksiyalar blanklarini berishni talab qilishga haqli emas.
13. Hujjatli aksiyalar Markaziy depozitariy tomonidan emitentga aksiya chiqarilishini bekor qilish hollarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda yoʻq qilish uchun beriladi.
II. Markaziy depozitariyning emitentdan Oxirgi reyestrni, roʻyxatga olish jurnalini va reyestrni yuritish tizimining hujjatlari hujjatlarni qabul qilishi
14. Markaziy depozitariyning emitentdan mazkur Vaqtinchalik nizomning 8 va 9-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarni qabul qilib olishi qabul qilish-oʻtkazish dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
15. Markaziy depozitariy mazkur Vaqtinchalik nizomning 8 va 9-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarni qabul qilish va koʻrib chiqishni amalga oshirish muddati ularni Markaziy depozitariyga taqdim etilgan sanadan boshlab bir oydan oshmasligi lozim.
16. Markaziy depozitariy Oxirgi reyestrni, roʻyxatga olish jurnalini va reyestrni yuritish tizimining hujjatlarini agar ularni rasmiylashtirish mazkur Vaqtinchalik nizomning 8 va 9-bandlariga muvofiq boʻlmasa, emitentga qaytarishga haqlidir.
17. Emitent mazkur Vaqtinchalik nizomning 16-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni tegishli tarzda rasmiylashtiradi va ular Markaziy depozitariy tomonidan qaytarilgan sanadan boshlab oʻn ish kuni davomida ularni Markaziy depozitariyga takroran taqdim etadi.
18. Markaziy depozitariy Oxirgi reyestri maʼlumotlari asosida quyidagilarni amalga oshiradi:
agar egalari roʻyxatdan oʻtkazilmagan boʻlsa, ularni deponentlarning Yagona bazasida roʻyxatga oladi;
agar egalariga depo hisobvaragʻlari ochilmagan boʻlsa, ularga depo hisobvaragʻlarini ochadi;
agar egasining nomi yozilgan hujjatli aksiyalar harakatsizlantirilmagan boʻlsa, egalari depo hisobvaragʻlariga, Oxirgi reyestrda koʻrsatilgan egasining nomi yozilgan hujjatli aksiyalar soni va tipiga muvofiq ravishda “Harakatsizlantirilishi lozim qimmatli qogʻozlar” — boʻlimiga kirim yozuvini amalga oshiradi;
Emitentning depo hisobvaragʻiga taqdim etuvchiga tegishli hujjatli aksiyalar boʻyicha “Harakatsizlantirilishi lozim joylashtirilgan taqdim etuvchiga tegishli hujjatli qimmatli qogʻozlar” maxsus boʻlimiga kirim yozuvini amalga oshiradi.
19. Markaziy depozitariy roʻyxatga olish jurnali va reyestrni yuritish tizimining hujjatlarining mazmuniga javobgar boʻlmaydi.
III. Hujjatli aksiyalarni harakatsizlantirish mexanizmi
20. Hujjatli aksiyalarni deponentlash quyidagicha amalga oshiriladi:
a) Markaziy depozitariyga:
qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi tomonidan — hujjatli aksiyalarni tashkillashtirilgan qimmatli qogʻozlar savdolariga qoʻyilganda;
egasiga xizmat koʻrsatuvchi depozitariy tomonidan — boshqa hollarda;
jismoniy shaxs uchun — egasining merosxoʻri, yuridik shaxs uchun — huquq vorisi tomonidan;
b) egasiga xizmat koʻrsatuvchi depozitariyga — egasi yoki uning vakili, jismoniy shaxs uchun — egasining merosxoʻri yoki yuridik shaxs uchun — huquq vorisi tomonidan.
21. Egasiga xizmat koʻrsatuvchi depozitariy va egasi (egasining vakili, egasining merosxoʻri, egasining huquq vorisi) oʻrtasida tuzilgan, egasiga xizmat koʻrsatuvchi depozitariyning vakolatli shaxsi tomonidan imzolangan hujjatli aksiyalarni qabul qilish-oʻtkazish dalolatnomasining nusxasi egasining depo hisobvaragʻiga unga tegishli hujjatli aksiyalarni saqlashga qabul qilish va egasining Markaziy depozitariydagi depo hisobvaragʻidan ushbu egasiga xizmat koʻrsatuvchi depozitariydagi depo hisobvaragʻiga oʻtkazish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
22. Qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarida oddiy hujjatli aksiyalar mavjud boʻlgan emitent depozitariyning yoki egasining soʻrovi boʻyicha mazkur aksiyalar blanklari (sertifikatlari) emitent tomonidan tayyorlanganligi toʻgʻrisida tasdiqlov beradi.
Aksiyalar blanklari (sertifikatlari) emitent tomonidan tayyorlanmaganligi hollarida, u mazkur fakt aniqlangan sanadan boshlab ikki ish kuni davomida shu haqda qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organini va tegishli tasdiqlov soʻrovini yuborgan shaxsni yozma ravishda xabardor qiladi.
23. Toshkent shahrida joylashgan depozitariy hujjatli aksiyalar qabul qilingan kundan boshlab, besh ish kunidan kechikmagan holda, Toshkent shahridan tashqarida joylashgan depozitariy, oyiga bir martadan kam boʻlmagan holda, Markaziy depozitariyga hujjatli aksiyalar yetkazib berishni amalga oshiradi.
IV. Egasining nomi yozilgan hujjatli aksiyalarni harakatsizlantirish xususiyatlari
24. Agar aksiya blankida (sertifikatda) boʻsh joy qolmaganligi sababli oʻtkazish yozuvida egasining nomi koʻrsatilmagan boʻlsa, depozitariy Markaziy depozitariyga topshirilgan Oxirgi reyestrdagi maʼlumotlar asosida egasining nomi yozilgan hujjatli aksiyalarni harakatsizlantirish uchun qabul qiladi.
25. Agar egasining nomi yozilgan hujjatli aksiyalarni topshirish vaqtida aksiyalar egasi Oxirgi reyestrga kiritilmagan va uning nomi aksiya blankidagi (sertifikatdagi) oʻtkazish yozuvida koʻrsatilmagan boʻlsa, u Markaziy depozitariyga oʻzining ushbu egasining nomi yozilgan hujjatli aksiyalarni sotib olganligining qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishi zarur.
26. Aksiyalar blanklari (sertifikatlari) qalbakiligining gumoni mavjud boʻlganda, Markaziy depozitariy qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlangan Depozitar hisob va hisobotlarining yagona qoidalari (standartlari) “Qimmatli qogʻozlarni saqlashga qabul qilish” boʻlimining 46.2, 46.3-bandlariga muvofiq harakatlarni amalga oshiradi.
Bunda, Markaziy depozitariy uch ish kuni davomida ularga nisbatan shubha paydo boʻlgan hujjatli aksiyalarni maxsus saqlash joyiga qabul qilish toʻgʻrisida dalolatnoma rasmiylashtiradi va ushbu aksiyalarni egasining depo hisobvaragʻidagi “Tekshiruvdan oʻtmagan qimmatli qogʻozlar” boʻlimiga kiritadi.
V. Yakuniy qoidalar
27. Mazkur Vaqtinchalik nizom talablarini buzganlikda aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
28. Aksiyalar egasi, emitent, Markaziy depozitariy va nominal saqlovchi vazifasini bajaruvchi depozitariy oʻrtasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
29. Mazkur Vaqtinchalik nizom talablariga amal qilinishi boʻyicha nazoratni qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi amalga oshiradi.
30. Mazkur Vaqtinchalik nizom Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi bilan kelishilgan.
Qimmatli qogʻozlar Markaziy depozitariysi Bosh direktori Sh. Abdujabbarov
Toshkent sh.,
2009-yil 6-may.
Qimmatli qogʻozlar Markaziy depozitariysi tomonidan aksiyalar egalari reyestrini qabul qilish tartibi va hujjatli aksiyalarni harakatsizlantirish mexanizmi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizomga 1-ILOVA
* Mavjud boʻlgan taqdirda koʻrsatiladi.
** Jismoniy shaxslar uchun — pasport yoki uni oʻrnini bosuvchi hujjat.
** Yuridik shaxslar uchun — davlat roʻyxatidan oʻtganlik toʻgʻrisidagi hujjat.
** Yuridik shaxs tashkil etmagan xususiy tadbirkorlar (XT) uchun — XTni hokimiyatda roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi hujjat.
*** Jismoniy shaxs uchun — u mavjud boʻlsa koʻrsatiladi.
*** Yuridik shaxs va XT uchun majburiy tarzda koʻrsatiladi.
**** Yuridik shaxs uchun majburiy tarzda koʻrsatiladi.
Qimmatli qogʻozlar Markaziy depozitariysi tomonidan aksiyalar egalari reyestrini qabul qilish tartibi va hujjatli aksiyalarni harakatsizlantirish mexanizmi toʻgʻrisidagi Vaqtinchalik nizomga 2-ILOVA
* Ushbu Dalolatnomaning ilovalari uning ajralmas qismi hisoblanadi.
“___” __________ 200__ y.dagi Dalolatnomaga 1-ILOVA
* 2008-yil 22-iyulga ish kunining oxiriga qadar reyestr yuritishni amalga oshirgan shaxs
“___” __________ 200__ y.dagi Dalolatnomaga 2-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 24-son, 281-modda; 2013-y., 48-son, 629-modda)
