Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar koʻtarishlari va tashishlari mumkin boʻlgan ogʻir yuk normalarining chegarasini belgilash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (1954-son)
12.05.2009
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISh VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI SOGʻLIQNI SAQLASh VAZIRLIGINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 12-mayda 1954-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi hamda “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh toʻgʻrisidagi Konvensiyani (Jeneva, 1973-yil 26-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi va “Bolalar mehnatining ogʻir shakllarini taqiqlash va yoʻq qilishga doir shoshilinch choralar toʻgʻrisidagi Konvensiyani (Jeneva, 1999-yil 17-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladi:
1. Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar koʻtarishlari va tashishlari mumkin boʻlgan ogʻir yuk normalarining chegarasini belgilash toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v. b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2009-yil 21-aprel,
17/QQ-son
Sogʻliqni saqlash vaziri F. NAZIROV
Toshkent sh.,
2009-yil 21-aprel,
8-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining 2009-yil 21-apreldagi 17/QQ, 8-sonli qarori bilan TASDIQLANGAN
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar koʻtarishlari va tashishlari mumkin boʻlgan ogʻir yuk normalarining chegarasini belgilash toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu nizom oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar koʻtarishlari va tashishlari mumkin boʻlgan ogʻir yuk normalarining chegarasini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, shuningdek, ayrim fuqarolar ixtiyorida mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlayotgan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarning mehnatga oid munosabatlarida qoʻllanishi shart.
2. Ushbu Nizom talablari taʼlim tizimidagi uslubiy qoʻllanmalarni ishlab chiqishda va ishlab chiqarish amaliyotida eʼtiborga olinishi lozim.
II. Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun yuklarni koʻtarishlari va tashishlari uchun ruxsat etiladigan normalar
3. Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar ish vaqtining uchdan bir qismi yuklarni koʻtarish va tashish bilan bogʻliq ishlardan iborat boʻlganda, ular uchun yuk koʻtarish va tashish normalarining chegarasi ushbu Nizomning ilovasiga muvofiq holda belgilanadi.
4. Oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarning ish vaqti faqat yuklarni qoʻlda koʻtarish va tashish bilan bogʻliq boʻlgan ishlardan iborat boʻlganda, ular uchun yuk koʻtarish va tashish normasining chegarasi 4,1 kg dan ogʻir boʻlmasligi, shuningdek ular aravacha va vagonetka yordamida yuk tashishlariga jalb etilmasligi lozim.
5. Oʻn olti yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlar ish vaqtining uchdan bir qismi yuklarni qoʻlda koʻtarish va tashish bilan bogʻliq ishlardan iborat boʻlganda, qoʻlda yuk koʻtarish va tashish normalarining chegarasi: oʻgʻil bolalar uchun — 6,5 kg, qiz bolalar uchun — 3,5 kg dan ogʻir boʻlmasligi lozim.
6. Oʻn olti yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlarning ish vaqti faqat yuklarni qoʻlda koʻtarish va tashish bilan bogʻliq ishlardan iborat boʻlganda, ular uchun yuk koʻtarish va tashish normasining chegarasi 2 kg dan ogʻir boʻlmasligi lozim.
7. Oʻn olti yoshgacha boʻlgan voyaga yetmaganlarga aravacha va vagonetka yordamida yuk tashishlariga ruxsat etilmaydi.
III. Yakuniy qoida
Ushbu Nizom Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2009-yil 15-aprel
Savdo-sanoat palatasi raisi A. ShAYXOV
Toshkent sh.,
2009-yil 15-aprel
Oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlar koʻtarishlari va tashishlari mumkin boʻlgan ogʻir yuk normalarining chegarasini belgilash toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Ish vaqtining uchdan bir qismi yuklarni koʻtarish va tashish bilan bogʻliq ishlardan iborat boʻlganda, oʻn olti yoshdan oʻn sakkiz yoshgacha boʻlgan xodimlarning yuk koʻtarish va tashish normalarining chegarasi
Izoh:
1. Barcha yuk normalari yukning ogʻirligi bilan birgalikda ularni koʻtarishlari va tashishlari mumkin boʻlgan moslamalarni ham oʻz ichiga oladi.
2. Ruxsat etilgan qiyalikning balandligi deganda qiyalikning eng yuqori balandligini yoʻlning uzunligiga nisbati tushuniladi.
