Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida (1948-son)
27.04.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 27-aprelda 1948-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonunining 7 va 51-moddalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi Yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ushbu qaror kuchga kirgan kundan boshlab quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
“Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror (2001-yil 10-noyabr, roʻyxat raqami 1080 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2001-yil, 21-son);
“Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaror (2003-yil 29-sentabr, roʻyxat raqami 1080-1 — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2003-yil, 17-18-son);
“Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaror (2007-yil 8-yanvar, roʻyxat raqami 1080-2 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil, 1-2-son, 17-modda);
“Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaror (2007-yil 7-avgust, roʻyxat raqami 1080-3 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-yil, 31-32-son, 337-modda);
“Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaror (2008-yil 31-may, roʻyxat raqami 1080-4 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-yil, 22-23-son, 216-modda).
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kundan soʻng kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2009-yil 16-mart,
7/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 16-martdagi 7/2-sonli qarori bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi va “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq, banklar tomonidan milliy va chet el valyutasida bank hisobvaraqlarini ochish, ularni qayta rasmiylashtirish hamda yopish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yoʻriqnomada quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
bank hisobvaragʻi — bank hisobvaragʻi shartnomasini tuzish orqali bank mijoz (hisobvaraq egasi) hisobvaragʻiga kelib tushgan pul mablagʻlarini qabul qilish va kiritib qoʻyish, mijozning hisobvaragʻidagi tegishli mablagʻlarni oʻtkazish va berish hamda hisobvaraq boʻyicha boshqa operatsiyalarni amalga oshirish toʻgʻrisidagi topshiriqlarni bajarish vazifasini oʻz zimmasiga olishi natijasida bank va mijoz oʻrtasida vujudga keladigan munosabatlarni amalga oshirish vositasi.
jamgʻarma depozit hisobvaragʻi — bu mijozlarning davriy badallari asosida shakllanib, muayyan maqsadni amalga oshirish uchun jamgʻariladigan va shu maqsad uchun yoʻnaltiriladigan yoxud shartnoma bekor qilinishi natijasida qaytariladigan mablagʻlar hisobi yuritiladigan hisobvaraq;
muddatli depozit hisobvaragʻi — shartnomada qatʼiy kelishilgan muddatga qoʻyilgan mijozlarning mablagʻlari hisobi yuritiladigan hisobvaraq;
ssuda hisobvaragʻi — belgilangan tartibda mijozlarga berilgan kreditlarning hisobi yuritiladigan hisobvaraq;
talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi — mijozlarning birinchi talabi bilanoq beriladigan yoki oʻtkazib beriladigan mablagʻlarning hisobi yuritiladigan hisobvaraq.
2. Mijozlar banklarda quyidagi turdagi hisobvaraqlarni ochishlari mumkin:
a) talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari;
b) jamgʻarma depozit hisobvaraqlari;
v) muddatli depozit hisobvaraqlari;
d) boshqa depozit hisobvaraqlari.
Xoʻjalik yurituvchi subyektning davlat roʻyxatidan oʻtganidan soʻng birinchi marta milliy valyutada ochgan talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi uning asosiy talab qilib olinguncha depozit hisobvaragʻi (bundan keyingi oʻrinlarda asosiy hisobvaraq deb yuritiladi) hisoblanadi. Xoʻjalik yurituvchi subyekt asosiy hisobvaragʻini ochgandan keyin milliy va chet el valyutasida ochadigan barcha talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari uning ikkilamchi hisobvaraqlari hisoblanadi.
3. Yuridik va jismoniy shaxslar oʻzlariga hisob-kitob va kassa xizmatlarini koʻrsatish uchun banklarni mustaqil ravishda tanlaydilar hamda bir yoki bir necha banklarda milliy va chet el valyutasidagi talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari, shuningdek, jamgʻarma, muddatli va boshqa depozit hisobvaraqlarini ochish huquqiga egalar.
4. Budjetdan mablagʻ oluvchi muassasalarga Davlat budjeti hisobidan ajratiladigan mablagʻlarni kirim qilish va bu mablagʻlardan foydalanish uchun budjet hisobvaraqlari, shuningdek ushbu muassasalarning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobini olib borish uchun talab qilib olinguncha, jamgʻarma va muddatli depozit hisobvaraqlari ochiladi.
Markazlashgan mablagʻlar hisobidan kapital qurilishni moliyalashtirish uchun yagona buyurtmachiga har bir qurilish obyekti boʻyicha alohida ikkilamchi talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlar ochiladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi “Bank siri toʻgʻrisida”gi Qonunining 11-moddasiga muvofiq, bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar davlat soliq xizmati organlariga bank mijoziga (vakiliga) soliq solish masalalariga taalluqli hollarda qonunchilik hujjatlariga muvofiq taqdim etiladi.
7. Mijozlar tomonidan bank hisobvaraqlari ochilayotganda, bank hisobvaragʻi shartnomasi (jismoniy shaxslarning omonati boʻyicha bank omonati shartnomasi) tuziladi.
Bank hisobvaragʻi shartnomasi (jismoniy shaxslarning omonati boʻyicha bank omonati shartnomasi) bank va uning mijozlari oʻrtasida tuzilgan shartnomaga asosan yozma shaklda yoki masofadan xizmat koʻrsatish tizimlari orqali oferta shartnomasini tasdiqlash orqali amalga oshiriladi.
Bank hisobvaragʻi shartnomasi (jismoniy shaxslarning omonati boʻyicha bank omonati shartnomasi) boʻyicha yuzaga keladigan munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Bank hisobvaragʻi shartnomasida bank mijozning hisobvaragʻiga kelib tushayotgan mablagʻlarni hisobvaraqqa kirim qilish va uni kiritib qoʻyish, mijozning hisobvaraqdagi mablagʻlarni tasarruf etish borasidagi topshiriqlarini ijro etish shartlari, bu boradagi mijoz hamda bank huquqlari va majburiyatlari, bank xizmatlari uchun toʻlanishi lozim boʻlgan komissiyalar hamda boshqa shartlar belgilab olinadi.
Bank hisobvaragʻi shartnomasida mijozlarning bank hisobvaragʻiga kelib tushgan mablagʻlarni kiritib qoʻyganlik uchun (kredit aylanmasi uchun) vositachilik haqi undirish borasida shart belgilanishi taqiqlanadi.
Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ularning hisobvaraqlaridan soliqlar va yigʻimlarni toʻlashda banklar xizmatlari uchun toʻlovlar undirilmaydi.
Banklar tomonidan tadbirkorlik faoliyati subyektlaridan hujjatlarga muhr qoʻyish yoki hujjatlarni muhr bilan tasdiqlashni talab etish taqiqlanadi.
8. Mijozlar tomonidan hisobvaraqlar ochish uchun bankka mazkur Yoʻriqnomada koʻzda tutilgan hujjatlar taqdim qilingan kundan soʻng, banklar keyingi ish kunidan kechiktirmay, agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha hollar nazarda tutilmagan boʻlsa, ularga hisobvaraqlar ochishlari shart.
Hisobvaraqlar ochish uchun hujjatlar mijozning imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqchasida koʻrsatilgan yoki mijozning ishonchnomasi asosida vakil qilingan shaxslar tomonidan shaxsan taqdim qilinadi, taʼsischilari Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida masofadan turib hisobvaraq ochish holatlari bundan mustasno.
Banklar tomonidan ushbu Yoʻriqnomada koʻzda tutilgan hujjatlardan boshqa qoʻshimcha hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Mijozlar hisobvaraq ochish uchun taqdim qilingan hujjatlarning haqiqiyligi uchun javobgar boʻladilar.
81. Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq mijozni lozim darajada tekshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, bank mijozga hisobvaraq ochishni rad etadi.
82. Banklar Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) talablaridan kelib chiqib, ariza beruvchilarni masofadan turib identifikatsiya qilish uchun zarur boʻlgan shart-sharoitlar mavjud boʻlganda taʼsischilari Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarga hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonida milliy va chet el valyutasidagi bank hisobvaraqlarini masofadan turib ochishi mumkin.
Bank hisobvaragʻini ochish tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimida joylashtirilgan bank hisobvaragʻi shartnoma ofertasini akseptlash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Mazkur yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan toʻlovlar ushbu Yoʻriqnomaning 3-ilovasiga muvofiq shaklda imzolar namunalari qoʻyilgan ikki dona varaqcha hamda ular nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki uni oʻrnini bosadigan hujjat) taqdim etilgandan soʻng, amalga oshirilishi mumkin. Shaxsni tasdiqlovchi hujjatdan nusxa olinib, asli qaytarib beriladi.
9. Mijozlarga hisobvaraqlar ochish va yopish, shuningdek hisobvaraqlardan mablagʻlarni hisobdan chiqarish amallarini vaqtincha toʻxtatib turish hamda ularni qayta harakatga keltirish shu kunning oʻzidayoq amalga oshirilib, Bank depozitorlarining Milliy axborotlar bazasi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga uzatiladi.
10. Bank mijozlari boʻlgan yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda dehqon xoʻjaliklari bank hisobvaraqlarini ochish uchun asos boʻlgan mazkur Yoʻriqnomada belgilangan barcha hujjatlar hamda ushbu hujjatlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar nusxalari har bir mijoz uchun ochilgan yuridik yigʻmajildlarda saqlanadi.
Yuridik yigʻmajildlardagi maʼlumotlar elektron shaklda bankning maxsus dasturiy taʼminotlari orqali har bir mijoz boʻyicha shakllantirilishi mumkin.
11. Banklarda mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq, mijozlarning hisobvaraqlarini roʻyxatga olish kitobi yuritiladi. Ushbu kitob elektron shaklda yuritiladi.
II. Milliy valyutada talab qilib olinguncha, jamgʻarma, muddatli va boshqa depozit hisobvaraqlarini ochish tartibi
12. Tadbirkorlik faoliyati subyektlari boʻlgan rezident yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar hamda dehqon xoʻjaliklari tomonidan milliy valyutada talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
a) hisobvaraq ochish toʻgʻrisida ariza;
b) mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq imzolar namunalari qoʻyilgan ikki dona varaqcha;
v) mijoz nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki uni oʻrnini bosadigan hujjat). Shaxsni tasdiqlovchi hujjatdan nusxa olinib, asli qaytarib beriladi.
13. Tadbirkorlik faoliyati subyekti boʻlmagan rezident yuridik shaxslar hamda Budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan milliy valyutada talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
a) hisobvaraq ochish toʻgʻrisida ariza;
v) mazkur Yoʻriqnomaning 3a-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan ikki dona varaqcha.
g) tadbirkorlik faoliyati subyekti boʻlmagan rezident yuridik shaxslar tomonidan taʼsis hujjatlari (taʼsis shartnomasi, ustav) hamda ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar, shuningdek yuridik shaxs nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati (pasport yoki uni oʻrnini bosadigan hujjat). Ushbu hujjatlardan nusxa olinib, asli qaytarib beriladi;
d) davlat soliq xizmati organlarida hisobga qoʻyilganligini tasdiqlovchi hujjat (maʼlumotnoma).
14. Rezident yuridik shaxslarning vakolatxonalari va filiallariga talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun vakolatxona va filiallar tomonidan bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
a) hisobvaraq ochish toʻgʻrisida ariza;
b) yuridik shaxsning iltimosnomasi (iltimosnomada yuridik shaxsning “Soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami” va “Xos raqami” koʻrsatilgan boʻlishi shart);
v) tadbirkorlik faoliyati subyektlari uchun mazkur yoʻriqnomaning 3-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq imzolar namunalari qoʻyilgan ikki dona varaqcha;
v1) tadbirkorlik faoliyati subyekti boʻlmagan rezident yuridik shaxslar uchun mazkur Yoʻriqnomaning 3a-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan ikki dona varaqcha;
g) vakolatxona yoki filialga berilgan vakolatlarni belgilovchi hujjat hamda vakolatxona yoki filial nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi (pasport yoki uni oʻrnini bosadigan) hujjati. Ushbu hujjatlardan nusxa olinib, asli qaytarib beriladi.
15. Oʻz faoliyatini yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshirmoqchi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ustav kapitalini shakllantirish uchun davlat roʻyxatidan oʻtgunlariga qadar taʼsischilarning (ishtirokchilarning) dastlabki badallarini kiritish uchun milliy va/yoki chet el valyutasida vaqtinchalik (mablagʻ yigʻish uchun) 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” hisobvaragʻi ochilishi mumkin.
Vaqtinchalik hisobvaraq ochish uchun belgilangan tartibda bankka taʼsischilar (ishtirokchilar) nomidan ixtiyoriy shaklda hisobvaraq ochish toʻgʻrisida ularning ishonchli vakili tomonidan ariza taqdim qilinadi.
Davlat roʻyxatidan oʻtgandan keyin ushbu xoʻjalik yurituvchi subyektga mazkur Yoʻriqnomaga muvofiq asosiy hisobvaraq ochiladi hamda vaqtinchalik hisobvaraqdagi mablagʻlar ushbu hisobvaraqqa oʻtkaziladi va vaqtinchalik hisobvaraq yopiladi.
16. Faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiruvchi norezident yuridik shaxslar, tovar-xomashyo birjasining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchilar, tashkiliy savdolarda aksiyalarni sotuvchi (sotib oluvchi) chet ellik investorlar), shuningdek norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasida qonunchilik bilan belgilangan tartibda faoliyat yuritayotgan doimiy muassasalari milliy valyutada talab qilib olinguncha depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim qiladilar:
a) hisobvaraq ochish toʻgʻrisida ariza;
b) agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami berilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
v) mazkur Yoʻriqnomaning 4-ilovasida keltirilgan shaklga muvofiq imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan ikki dona varaqcha;
g) norezident yuridik shaxs nomidan pul-hisob-kitob hujjatlarini imzolash vakolatiga ega shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki uni oʻrnini bosadigan hujjat). Shaxsini tasdiqlovchi hujjatning asli koʻrsatilgandan soʻng, bank tomonidan undan nusxa olinadi.
d) faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiruvchi norezident yuridik shaxslar, tovar-xomashyo birjasining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchilar, tashkiliy savdolarda aksiyalarni sotuvchi (sotib oluvchi) chet ellik investorlar), shuningdek norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasida qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tartibda faoliyat yuritayotgan doimiy muassasalari taʼsis hujjatlari (taʼsis shartnomasi, ustav) hamda ularga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning konsullik yoki notarius tomonidan tasdiqlangan nusxasi;
e) tovar-xomashyo birjasining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchi norezident yuridik shaxs va birja brokeri oʻrtasida brokerlik xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma nusxasi;
j) tashkiliy savdolarda aksiyalarni sotuvchi (sotib oluvchi) chet ellik investorlar norezident yuridik shaxslar va investitsion vositachi oʻrtasida brokerlik xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma nusxasi.
17. Rezident va norezident jismoniy shaxslar tomonidan milliy valyutada depozit hisobvaraqlari ochish uchun bankka hisobvaraq ochish toʻgʻrisida ariza hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki uni oʻrnini bosadigan hujjat) taqdim qilinadi (nusxasi olinib, asli qaytariladi). Hisobvaraq ochish uchun ariza jismoniy shaxslar tomonidan shaxsan taqdim etilishi lozim, qonunchilik hujjatlarida koʻzda tutilgan hollar bundan mustasno.
Jismoniy shaxslar oʻzlari tanlagan bank (filial)da ushbu Yoʻriqnomada belgilangan tartibda depozit hisobvaraq ochganlaridan soʻng, shu bank (filial)da bank hisobvaraqlariga masofadan xizmat koʻrsatish tizimlaridan foydalangan holda boshqa depozit hisobvaraqlarni ochishlari mumkin.
Rezident jismoniy shaxslar bankning masofadan xizmat koʻrsatish tizimlari orqali bank xisobvaragʻi ochishlari mumkin, bunda bank rezident jismoniy shaxslarni identifikatsiyalash va lozim darajada tekshirish boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli choralarni amalga oshirishi lozim.
Bank boshqa bankda ochilgan bank hisobvaraqlariga ega boʻlgan rezident jismoniy shaxslarga masofadan xizmat koʻrsatish tizimlari orqali depozit hisobvaraqlarini ochish uchun ushbu rezident jismoniy shaxslarni identifikatsiyalash va lozim darajada tekshirish imkoniyatiga ega boʻlishi zarur.
Rezident jismoniy shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki uni oʻrnini bosadigan hujjat) elektron nusxada saqlanishi mumkin.
18. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan asosiy hisobvaraqqa xizmat koʻrsatuvchi bankda ikkilamchi, jamgʻarma va muddatli depozit hisobvaraqlarini ochish uchun hisobvaraq ochish toʻgʻrisida ariza taqdim qilinadi. Mazkur ariza elektron shaklda ham taqdim etilishi mumkin.
19. Yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar boshqa banklarda ikkilamchi talab qilib olinguncha, muddatli, jamgʻarma depozit hisobvaraqlarini ochishda ham asosiy hisobvaraq ochish uchun taqdim etiladigan barcha hujjatlarni taqdim etishlari shart.
20. Boshqa depozit hisobvaraqlarini ochish tartibi qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
III. Chet el valyutasidagi talab qilib olinguncha, jamgʻarma, muddatli va boshqa depozit hisobvaraqlarini ochish tartibi
21. Mijozlar tomonidan chet el valyutalarida hisobvaraqlar ochish uchun bankka quyidagi hujjatlar taqdim qilinadi:
a) tadbirkorlik faoliyati subyektlari tomonidan ushbu Yoʻriqnomaning 12-bandida keltirilgan hujjatlar;
b) tadbirkorlik faoliyati subyekti boʻlmagan rezident yuridik shaxslar, jumladan budjetdan mablagʻ oluvchilar tomonidan ushbu Yoʻriqnomaning 13-bandida keltirilgan hujjatlar;
v) faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiruvchi norezident yuridik shaxslar, tovar-xomashyo birjasining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchilar, tashkiliy savdolarda aksiyalarni sotuvchi (sotib oluvchi) chet ellik investorlar), shuningdek norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasida qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan tartibda faoliyat yuritayotgan doimiy muassasalari (jismoniy shaxslar bundan mustasno) tomonidan ushbu Yoʻriqnomaning 16-bandida keltirilgan hujjatlar;
g) rezident va norezident jismoniy shaxslar tomonidan ushbu Yoʻriqnomaning 17-bandida keltirilgan hujjatlar.
IV. Kredit shartnomasi asosida hisobvaraqlarni ochish tartibi
24. Kredit shartnomasi kuchga kirgandan soʻng keyingi bank ish kunidan kechiktirmasdan bank rahbari yoki rahbar tomonidan vakolat berilgan shaxs tomonidan beriladigan kreditning muddati, miqdori va foiz stavkasi koʻrsatilgan holda, mijoz uchun ssuda hisobvaragʻi ochish toʻgʻrisida buxgalteriyaga berilgan farmoyishga asosan shu ish kunidan kechiktirmasdan mijozga ssuda hisobvaragʻi ochiladi, kredit masofadan xizmat koʻrsatish tizimlari orqali rasmiylashtirish hollari bundan mustasno.
V. Vakillik hisobvaraqlarini ochish tartibi
25. Banklar uchun quyidagi vakillik hisobvaraqlari ochiladi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankidagi milliy va chet el valyutasidagi vakillik hisobvaraqlari;
b) rezident banklardagi vakillik hisobvaraqlari;
26. Rezident tijorat banklar milliy va chet el valyutasida vakillik hisobvaraqlarini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Hisob-kitob markazida ochadilar.
27. Yangi tashkil etilayotgan bank taʼsischilari bank roʻyxatga olingunga qadar taʼsis badallarini yigʻish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida yoki boshqa tijorat bankida vaqtinchalik 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” hisobvaragʻini ochadi.
Vaqtinchalik hisobvaraqni ochish uchun vakolatli shaxs taʼsischilar nomidan hisobvaraq ochish toʻgʻrisida ariza taqdim qiladi.
Banklarga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida roʻyxatga olinib, bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun litsenziya berilgandan keyin mazkur Yoʻriqnomaning 26 va 28-bandlariga muvofiq vakillik hisobvaragʻi ochiladi.
Vakillik hisobvaragʻi ochilayotganda, vakillik munosabatlari toʻgʻrisida shartnoma tuziladi.
28. Tijorat banki milliy valyutada vakillik hisobvaragʻi ochish uchun quyidagilarni taqdim qiladi:
a) hisobvaraq ochish toʻgʻrisida ariza;
b) soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami berilganligi toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi;
v) bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan berilgan litsenziyaning nusxasi;
d) imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqcha.
29. Rezident banklarga chet el valyutasida vakillik hisobvaraqlari bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan boshqa rezident tijorat banklarida ochiladi.
31. Norezident banklar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida va Oʻzbekiston Respublikasining tijorat banklarida vakillik hisobvaraqlarini ochish uchun quyidagilar taqdim qilinadi:
a) norezident bankning toʻliq nomi va uni roʻyxatdan oʻtkazgan davlatdagi yuridik manzili koʻrsatilgan holda hisobvaraq ochish toʻgʻrisida ariza;
b) imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqcha hamda mazkur davlatning Markaziy (Milliy) banki tomonidan berilgan litsenziyaning legallashtirilgan nusxasi.
v) norezident bank tomonidan va u roʻyxatga olingan davlatda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar qoʻllanilishi toʻgʻrisidagi axborot.
VI. Imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqcha
32. Imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqcha ikki nusxada taqdim qilinadi. Varaqchaning bir nusxasi buxgalterda, ikkinchisi esa, pul cheklarini rasmiylashtiruvchi nazoratchida turadi. Banklarda mijozlarning bir nechta hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatiladigan boʻlsa, ulardan imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqchalar qoʻshimcha ravishda talab qilinishi mumkin. Imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqchalarda hisobvaraqlarning raqamlari koʻrsatiladi.
33. Buxgalteriya hisobi subyektining rahbari imzolash huquqiga ega boʻlgan shaxslarning ikkita roʻyxatini tasdiqlaydi. Birinchi roʻyxatga buxgalteriya hisobi subyektida rahbarlik vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar, ikkinchisiga esa, buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxslar kiradi. Agar buxgalteriya hisobi subyekti rahbari buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini oʻz zimmasiga olgan boʻlsa, u holda har ikkala roʻyxatda ham oʻzini koʻrsatadi.
Toʻlovga taqdim etiladigan cheklarning raqamlarini tekshirish maqsadida bank mijozlarga bergan pul cheklari raqamlarini bankka topshirilgan imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqchada qayd etadi.
34. Mijozlar imzolarni bevosita oʻz qoʻllari bilan qoʻyishlari shart (faksimile imzo muhri qoʻyilishiga yoʻl qoʻyilmaydi).
Birinchi imzo huquqi ikkinchi imzo huquqiga ega boʻlgan bosh buxgalter yoki boshqa shaxslarga berilishi mumkin emas, buxgalteriya hisobi subyekti rahbari buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini oʻz zimmasiga olgan hollar bundan mustasno.
35. Rahbar shaxslarga vaqtincha birinchi yoki ikkinchi imzo huquqi berilganda, shuningdek, rahbar tomonidan vakolat berilgan shaxslardan birortasi vaqtincha oʻzgarganda, vaqtincha vakolat berilgan shaxsning imzo namunasi qoʻyilib, amal qilish muddati koʻrsatilgan qoʻshimcha varaqcha taqdim qilinadi. Ushbu vaqtinchalik varaqcha rahbar tomonidan imzolanadi va muhrlanadi (tadbirkorlik faoliyati subyektlaridan muhr qoʻyish talab etilmaydi).
36. Imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqchaga yuridik shaxslarga berilgan asosiy muhr yoki yuridik shaxs filialining yoxud vakolatxonasining muhr izining namunasi qoʻyilishi shart. Maxsus maqsadlar uchun, masalan, “Paketlar uchun”, “Ruxsatnomalar uchun”, “Devonxona”, “Maʼlumotlar uchun”, “Guvohnomalar uchun” va shu kabilarga moʻljallangan muhrlardan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Muhr almashtirilganda yoki yoʻqolib qolganda, mijoz tomonidan birinchi va ikkinchi imzo huquqi berilgan shaxslar tomonidan rahbari va bosh buxgalteri (agar mijoz yakka tartibdagi tadbirkor yoki dehqon xoʻjaligi boʻlsa — yakka tartibdagi tadbirkor yoki dehqon xoʻjaligi boshligʻi) tomonidan imzolangan iltimosnoma asosida bank filiali rahbari tomonidan muhr tayyorlatish uchun zarur boʻlgan muhlat beriladi. Ushbu muhlat bir kalendar oyidan oshishi mumkin emas. Bir vaqtning oʻzida u muhr boʻlmagan vaqtda hisob-kitob-pul hujjatlarini rasmiylashtirish tartibini belgilaydi, vaziyatdan kelib chiqqan holda hujjatlar muhr izisiz topshirilishiga ruxsat beradi. Bunday hollarda bank rahbari yoki bosh buxgalteri imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqchaga tegishli qaydlarni kiritadi.
Mazkur band talablari tadbirkorlik faoliyati subyektlariga nisbatan tadbiq etilmaydi.
37. Yuridik shaxslar va yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat koʻrsatadigan dehqon xoʻjaliklari va yakka tartibdagi tadbirkorlarning yuridik manzili – ularning davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnomasida koʻrsatilgan manzil hisoblanadi.
Jismoniy shaxsning manzili — uning shaxsini tasdiqlovchi yoki unga tenglashtirilgan hujjatda qayd etilgan roʻyxatga olingan manzili hisoblanadi.
Hisobvaraq egasi oʻz manzilining oʻzgarganligi toʻgʻrisida oʻzining hisobvaragʻiga xizmat koʻrsatayotgan bankka besh ish kuni davomida yozma xabar berishi shart.
38. Yuridik shaxsning muhri oʻzgarganda, varaqchada koʻrsatilgan imzolardan birortasi almashtirilganda yoki qoʻshilganda hisobvaraq egasi yangi imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqchani taqdim qiladi. Bekor qilingan imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqchalar yuridik shaxsning yuridik yigʻmajildiga tikiladi.
VII. Mijozning yuridik yigʻmajildida oʻzgarishlarni rasmiylashtirish tartibi
39. Qayta tashkil etilishi natijasida yangi tashkil etilgan yuridik shaxslarga hisobvaraqlar ushbu Yoʻriqnomada koʻrsatilgan tegishli hujjatlar taqdim qilinishi asosida ochiladi.
Tadbirkorlik faoliyati subyekti boʻlmagan rezident yuridik shaxslar hamda Budjetdan mablagʻ oluvchilar, rezident yuridik shaxslarning vakolatxonalari va filiallari, faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiruvchi norezident yuridik shaxslar, tovar-xomashyo birjasining ochiq elektron savdolarida qatnashuvchilar, tashkiliy savdolarda aksiyalarni sotuvchi (sotib oluvchi) chet ellik investorlar), shuningdek norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda faoliyat yuritayotgan doimiy muassasalari taʼsis hujjatlarida (taʼsis shartnomasida, ustavda) koʻrsatilgan maʼlumotlar (muassislar, aʼzolar yoki boshqa maʼlumotlar) oʻzgargan taqdirda, ular taʼsis hujjatlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning nusxasini bankka taqdim qiladi.
40. Yuridik shaxsga nisbatan sanatsiya eʼlon qilinganda, uning hisobvaraqlari boʻyicha yuzaga keladigan munosabatlar “Sanatsiya qilinayotgan korxona maxsus sanatsiya hisobvaragʻining ishlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami 1636, 2006-yil 3-noyabr) asosida tartibga solinadi.
41. Yuridik shaxs tugatilayotganda, uning barcha bank hisobvaraqlari tugatish komissiyasining tasarrufiga oʻtadi. Bunday holda, asosiy hisobvaraqqa xizmat koʻrsatuvchi bankka tugatish komissiyasining amal qilish muddati koʻrsatilgan yuridik shaxsni tugatish toʻgʻrisidagi qarori hamda tugatish komissiyasi rahbari va bosh buxgalterining imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqcha taqdim qilinadi (yuridik shaxs boʻlgan nodavlat notijorat tashkilot tugatilayotganda bosh buxgalterning imzosi talab qilinmaydi). Shundan soʻng, yuridik shaxsning asosiy hisobvaragʻiga uni tugatishga doir yagona hisobvaraq maqomi beriladi.
VIII. Mijozning asosiy hisobvaragʻini boshqa bankka oʻtkazish
43. Asosiy hisobvaraqni boshqa bankka oʻtkazish uchun mijoz tomonidan xizmat koʻrsatuvchi bankka ariza taqdim etiladi va chek daftarchalari qaytariladi. Shundan soʻng bank mijozning hisobvaragʻidagi qoldiqni yozma ravishda tasdiqlaydi.
Mijoz asosiy hisobvaragʻi yopilayotgan bankdan olingan tasdiqnomani ariza bilan birga asosiy hisobvaraq ochilayotgan bankka taqdim etadi. Ushbu arizaga asosan, asosiy hisobvaraq ochilayotgan bank mijozga vaqtinchalik 29801 — “Mijozlar bilan hisob-kitoblar” hisobvaragʻini ochadi va bu toʻgʻrisida mijoz hamda hisobvaraq yopilayotgan bankka yozma ravishda xabar beradi.
44. Mijoz vaqtinchalik hisobvaraq ochilganligi toʻgʻrisidagi xabarni olgandan soʻng asosiy hisobvaraq yopilayotgan bankka asosiy hisobvaraqdagi mavjud mablagʻlar qoldigʻini asosiy hisobvaraq ochilayotgan bankdagi vaqtinchalik ochilgan hisobvaraqqa oʻtkazish toʻgʻrisida toʻlov topshiriqnomasi taqdim etadi. Asosiy hisobvaraqni yopayotgan bank mijoz yuridik yigʻmajildidagi hujjatlar va 2-sonli kartotekadagi (agar, mavjud boʻlsa) toʻlov hujjatlari roʻyxatini kiritib, ushbu hujjatlar asosiy hisobvaraq ochayotgan bankka topshirilganligi haqida ikki nusxada dalolatnoma tuzadi. Dalolatnomaga bank vakolatli xodimlarining imzolari va bank muhri qoʻyiladi.
Dalolatnomaning har ikki nusxasiga mijozning yuridik yigʻmajildidagi hujjatlar va 2-sonli kartotekadagi toʻlov hujjatlarining asl nusxalari ilova qilinib, pochta, feldyeger aloqasi yoki kuryer orqali asosiy hisobvaraq ochilayotgan bankka yetkazib beriladi.
Asosiy hisobvaraqni ochayotgan bank ushbu dalolatnomaga ilova qilingan hujjatlarni qabul qilib olgandan keyin mazkur dalolatnomaga ilova qilingan yuridik yigʻmajilddagi hujjatlar va 2-sonli kartotekadagi toʻlov hujjatlarining asl nusxalarini olganligini tasdiqlash uchun bank vakolatli xodimlarining imzolari va bank muhri qoʻyiladi. Dalolatnomaning bir nusxasi pochta, feldyeger aloqasi yoki kuryer orqali asosiy hisobvaraq yopilayotgan bankka yetkazib beriladi.
Ushbu hujjatlarni hisobvaraq egasi yoki uchinchi shaxslar orqali berib yuborish qatʼiyan taqiqlanadi.
45. Dalolatnomaning asosiy hisobvaraq ochayotgan bankning vakolatli xodimlari tomonidan imzolangan va muhr qoʻyilgan nusxasi olingandan keyin mijoz tomonidan yopilayotgan asosiy hisobvaraqdagi mablagʻlarni ushbu hisobvaraq ochilayotgan bankda ochilgan vaqtinchalik hisobvaraqqa oʻtkazish toʻgʻrisidagi toʻlov topshiriqnomasi ijro qilinadi.
Asosiy hisobvaraqni yopayotgan bank berib yuborilgan barcha hujjatlardan nusxa koʻchirib, belgilangan tartibda oʻz arxivida saqlaydi.
Asosiy hisobvaraqni ochayotgan bank ushbu hisobvaraqni yopayotgan bankdan hujjatlar va mablagʻlarni olgandan keyin mijozga yangi asosiy hisobvaraqni ochadi, unga vaqtinchalik hisobvaragʻidagi qoldiqni oʻtkazadi va mazkur vaqtinchalik hisobvaraqni yopadi.
Asosiy hisobvaraq oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot axborotlar bazasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddatda saqlanadi. Ushbu muddat tugagandan soʻng oʻtkazilgan asosiy hisobvaraq toʻgʻrisidagi maʼlumot arxivlanadi va belgilangan tartibda saqlanadi.
Oʻtkazilgan asosiy hisobvaraq boʻyicha kelib tushgan toʻlov hisob-kitob hujjatlari roʻyxatdan oʻtkazilgach, quyidagi mazmundagi xabar bilan joʻnatuvchiga qaytariladi: “Hisobvaraq yopildi. __________ bankning __________ filialiga murojaat qiling”.
IX. Asosiy hisobvaraq boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatish va hisobvaraqni yopish
46. Asosiy hisobvaraq boʻyicha operatsiyalar faqat hisobvaraq egasining farmoyishiga koʻra yoki hisobvaraqdagi pul mablagʻlari tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi qarori boʻyicha yoxud sud ajrimiga koʻra xatlanganda, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida koʻzda tutilgan boshqa hollarda toʻxtatib qoʻyilishi mumkin. Bunday holda, pul mablagʻlari faqat qaror yoki ajrimda koʻrsatilgan summaga xatlanadi.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining banklardagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish sud tartibida amalga oshiriladi, qonunda koʻzda tutilgan holatlar bundan mustasno.
Banklardagi hisobvaraqlar boʻyicha operatsiyalar faqat chiqim qismida toʻxtatiladi.
Yuqoridagi tartibda xatlangan yoki toʻxtatilgan hisobvaraqlarni (ham asosiy, ham ikkilamchi) boshqa banklarga oʻtkazish hamda ushbu hisobvaraqlar egalarining boshqa hisobvaraqlarni ochishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
47. Bank hisobvaragʻi shartnomasi hisobvaraq egasining arizasiga yoki bankning talabiga koʻra bekor qilinadi.
Bankning talabiga koʻra bank hisobvaragʻi shartnomasi sud orqali quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
1) mijozning hisobvaragʻida saqlanayotgan pul mablagʻlari summasi bank qoidalarida yoki shartnomada koʻzda tutilgan eng kam miqdordan oz boʻlsa, agar bunday summa bank tomonidan bu haqda mijozni ogohlantirgan kundan boshlab bir oyda tiklanmasa;
2) bank hisobvaragʻi shartnomasida boshqa muddat nazarda tutilgan boʻlmasa, ushbu hisobvaraq boʻyicha bir yil davomida operatsiyalar amalga oshirilmagan boʻlsa.
Hisobvaraqdagi pul mablagʻlarining qoldigʻi mijozning tegishli yozma arizasi olingandan keyin kechi bilan yetti kun ichida mijozga beriladi yoki uning koʻrsatmasiga muvofiq boshqa hisobvaraqqa oʻtkaziladi.
Bank hisobvaragʻi shartnomasining bekor qilinishi mijozning hisobvaragʻini yopish uchun asos boʻladi.
Roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan harakatsiz holatga oʻtkazilgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar davlat reyestridan chiqarilgan kundan eʼtiboran bank hisobvaragʻi shartnomasi bekor qilinadi.
48. Ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarning bank hisobvaraqlarini yopish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini ixtiyoriy tugatish va ularning faoliyatini toʻxtatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarining bank hisobvaraqlarini yopish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-avgustdagi 704-son qarori bilan tasdiqlangan Moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat reyestridan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.
50. Xoʻjalik yurituvchi subyektning asosiy hisobvaragʻi yopilayotganda, oldindan u bilan bogʻliq boʻlgan barcha hisobvaraqlar yopiladi. Bir vaqtning oʻzida hisobvaraqni yopish moʻljallanayotgani toʻgʻrisida soliq va bojxona (chet el valyutasida hisobvaraq ochilgan boʻlsa) organlariga xabar beriladi, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektning budjet oldidagi qarzlari toʻgʻrisida maʼlumot soʻraladi. Soliq va bojxona organlari tomonidan bankka xoʻjalik yurituvchi subyektning budjet oldida majburiyatlari yoʻqligi toʻgʻrisidagi xulosa taqdim qilingandan keyin bank (bank filiali) tomonidan berilgan hamda toʻliq yoki qisman foydalanilmagan chek daftarchalari bankka (bank filialiga) qaytariladi. Shundan keyin, mijozning foydalanilmagan cheklar raqamlari koʻrsatilgan arizasiga asosan hisobvaraqni yopish kunida qoldiq tasdiqlangan holda hisobvaraq yopiladi.
51. Yopilayotgan, shuningdek, boshqa banklarga oʻtkazilayotgan hisobvaraqlar boʻyicha foydalanilmagan cheklarni mijozlardan faqat bosh buxgalter yoki uning oʻrinbosari qabul qilish huquqiga ega. Bosh buxgalter va uning oʻrinbosari topshirilgan har bir chekning imzo qoʻyiladigan qismini qirqib olish yoʻli bilan ularni darhol soʻndirishi zarur. Shundan keyingina cheklar unga xizmat koʻrsatuvchi masʼul ijrochiga beriladi. ijrochi hisobvaraqni yopish uchun taqdim qilingan toʻlov topshiriqnomasini dasturiy yoʻl bilan kiritishi hamda uni tekshirish va imzolash uchun bosh buxgalterga yoki uning oʻrinbosariga taqdim etishi shart.
52. Hisobvaraqlar yopilayotganda, bank bosh buxgalteri yoki uning oʻrinbosari yopilayotgan hisobvaraqdan mijozga oxirgi marta koʻchirma berilgan kundan boshlab ushbu hisobvaraqqa kiritilgan barcha yozuvlarni hujjatlar boʻyicha sinchiklab tekshirishi, ssuda va bank xizmatlari uchun hisoblangan hamda toʻlangan foizlarni inobatga olgan holda chiqarilgan oxirgi qoldiqning toʻgʻriligiga ishonch hosil qilishi va yopilayotgan hisobvaraqqa tegishli yozuvlarni kiritib, imzo chekishi shart.
Hisobvaraq yopilgandan soʻng bank mijozga (mijoz tugatilganda — taʼsischilarga) barcha taqdim qilingan talablardan ozod boʻlgan pul mablagʻlarning qoldigʻi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etadi.
53. Boshqa depozit hisobvaraqlarning barchasi mijozning arizasiga asosan istalgan vaqtda yopiladi. Bunda, ushbu mijozga ochilgan maxsus hisobvaraqlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda yopiladi.
Ssuda hisobvaraqlari bank rahbari yoki rahbar tomonidan vakolat berilgan shaxsning farmoyishiga asosan berilgan kreditlar va unga hisoblangan foizlar toʻlovi toʻliq amalga oshirilgandan keyin yoki ssuda hisobvaragʻining kredit qoldigʻi koʻzda tutilmagan holatlar hisobvaragʻiga oʻtkazilgandan keyin yopiladi.
54. Mijoz majburiy tugatilganda, mijozning asosiy hisobvaragʻi tugatish komissiyasi nomiga rasmiylashtiriladi va uning tasarrufiga oʻtkaziladi. Asosiy hisobvaraqqa xizmat koʻrsatuvchi bankka mijozni tugatish toʻgʻrisida qarorni, shuningdek, tugatish muddati koʻrsatilgan va tugatish komissiyasini tuzgan tashkilot yoki shaxs tomonidan tasdiqlangan rahbar hamda bosh buxgalterning imzolar namunalari va muhr izi qoʻyilgan varaqcha taqdim etiladi. Mijozning hisobvaraqlariga xizmat koʻrsatuvchi boshqa banklarga tugatish muddati koʻrsatilgan tugatish toʻgʻrisidagi qaror nusxasi taqdim etiladi. Shundan soʻng barcha ikkilamchi hisobvaraqlar yopiladi va ushbu hisobvaraqlardagi mablagʻlar majburiy ravishda tugatish komissiyasiga rasmiylashtirilgan asosiy hisobvaraqqa oʻtkaziladi.
55. Tugatish komissiyasi oʻz ishini yakunlaganidan keyin oʻz hisobvaragʻini yopish uchun bankka quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) xoʻjalik yurituvchi subyektlar budjet oldidagi oʻz majburiyatlarini bajarganliklari toʻgʻrisida davlat soliq xizmati organlarining xulosasi;
b) tugatish ishlari tugallanganligi toʻgʻrisida maxsus komissiya tomonidan rasmiylashtirilgan bayonnoma;
v) foydalanilmagan cheklar va foydalanilgan cheklarning milklari bilan chek daftarchasi.
56. Tugatish komissiyasining hisobvaragʻida taqdim qilingan talablardan ozod boʻlgan pul mablagʻlarining kredit qoldigʻi mavjud boʻlsa, ushbu qoldiq mijozlarning taʼsischilariga yoki tugatish komissiyasining va tugatilgan mijozning taʼsischilari majlisining qaroriga asosan boshqa hisobvaraqqa oʻtkaziladi.
57. Hisobvaraq yopilganligi uchun haq olinmaydi.
58. Tijorat banklarining vakillik hisobvaraqlari banklarni tugatish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari asosida yopiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi Yoʻriqnomaga 1-ILOVA
Mijozlarga ochilgan hisobvaraqlarni roʻyxatga olish kitobi
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-fevraldagi 3/4-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 1948-17, 20.02.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2019-y., 10/19/1948-17/2655-son)
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 3-ILOVA
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-fevraldagi 3/4-sonli qarori (roʻyxat raqami 1948-17, 20.02.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2019-y., 10/19/1948-17/2655-son)
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga 3a-ILOVA
(3a-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-fevraldagi 3/4-sonli qarori (roʻyxat raqami 1948-17, 20.02.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2019-y., 10/19/1948-17/2655-son)
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi Yoʻriqnomaga 4-ILOVA
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 16-fevraldagi 3/4-sonli qarori (roʻyxat raqami 1948-17, 20.02.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.02.2019-y., 10/19/1948-17/2655-son)
