13-modda. Pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq, maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi lozim boʻlgan operatsiyalar
“Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-212-son) · Sana: 22.04.2009 · Amalda
Pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan ichki nazoratni oʻtkazish davomida shubhali deb topilgan sodir etilayotgan va tayyorlanayotgan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi kerak.
Pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq, tayyorlash, sodir etish jarayonida boʻlgan yoki sodir etib boʻlingan, ichki nazorat qoidalarida belgilangan mezonlar va belgilarga muvofiq jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish yoki terrorizmni moliyalashtirish maqsadida amalga oshirilganligi toʻgʻrisida shubha paydo boʻlgan operatsiya shubhali operatsiya, deb topiladi.
Agar pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulk bilan bogʻliq operatsiyalar taraflaridan biri jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikda ishtirok etmayotgan davlatda doimiy yashayotgan, turgan yoki roʻyxatga olingan shaxs boʻlsa, bunday operatsiyalar ham maxsus vakolatli davlat organiga xabar qilinishi kerak.
