3-modda. Asosiy tushunchalar
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-213-son) · Sana: 23.04.2009 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
texnik jihatdan tartibga solish — mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilash, qoʻllash va bajarish;
mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligi — mahsulotning, uni loyihalash, ishlab chiqarish, ishlatish (undan foydalanish), montaj qilish, sozlash, saqlash, tashish, realizatsiya qilish va utilizatsiya qilish jarayonlarining, bajariladigan ishlar, koʻrsatiladigan xizmatlarning holati boʻlib, bunda insonning hayotiga, sogʻligʻiga, atrof muhitga, yuridik, jismoniy shaxslarning va davlatning mol-mulkiga zarar yetkazilishi ehtimoli bilan bogʻliq yoʻl qoʻyilmaydigan xavf mavjud boʻlmaydi;
texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar — texnik reglamentlar, standartlashtirishga doir normativ hujjatlar, sanitariya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya qoidalari va normalari, shaharsozlik normalari hamda qoidalari, ekologik normalar va qoidalar hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi boshqa hujjatlar;
texnik reglament — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi, mahsulotlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilovchi normativ hujjat;
umumiy texnik reglament — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi, bir turdagi mahsulotlar va xizmatlar guruhi xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilovchi normativ hujjat;
maxsus texnik reglament — texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi, umumiy texnik reglamentda nazarda tutilmagan mahsulotlar va xizmatlar ayrim turining xavfsizligiga doir majburiy talablarni belgilovchi normativ hujjat;
savdodagi texnik toʻsiqlar — mahsulotlar va xizmatlar xavfsizligiga doir majburiy talablarning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda mavjud boʻlgan tafovutlari yoki oʻzgarishlari oqibatida savdoda yuzaga keladigan toʻsiqlar.
