20-modda. Texnik reglamentlarni qabul qilish tartibi
Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida (O‘RQ-213-son) · Sana: 23.04.2009 · Amalda
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilgan umumiy texnik reglamentlar ekspertizadan oʻtkazish uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlariga ular faoliyatining yoʻnalishi boʻyicha topshiriladi.
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi tegishli ekspert komissiyasining xulosasi olinganidan keyin umumiy texnik reglamentlarni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda yuboradi.
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilgan maxsus texnik reglamentlar ekspertizadan oʻtkazish uchun texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlariga ular faoliyatining yoʻnalishi boʻyicha topshiriladi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlari, davlat boshqaruvi organlari oʻz faoliyatining yoʻnalishlari boʻyicha texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi tegishli ekspert komissiyasining xulosasi asosida maxsus texnik reglamentlarni tasdiqlaydi.
Tasdiqlangan umumiy va maxsus texnik reglamentlar rasmiy eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran kamida olti oy oʻtgach amalga kiritiladi.
Umumiy va maxsus texnik reglamentlarni eʼlon qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
