35-modda. Shahar va posyolka qurilish yerlarining tarkibi
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Shahar va posyolka qurilishi yerlariga uy-joy, kommunal-maishiy, madaniy-maʼrifiy, sanoat, savdo, maʼmuriy va boshqa binolar hamda inshootlar qurilgan va shundaylarni qurish uchun berilgan hamma yerlar kiradi.
Shahar va posyolka qurilishi yerlari korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga kapital qurilishning uy-joy hamda madaniy-maishiy, sanoat va boshqa turlari uchun foydalanishga beriladi, fuqarolarga esa yakka tartibda uy-joy qurish va uni obodonlashtirish uchun umrbod egalik qilishga beriladi.
Vaqtincha qurilish uchun foydalanilmayotgan shahar va posyolkaning qurilish yerlari yengil turdagi obyektlar (chodirlar, doʻkonlar, reklama inshootlari va h.k.) qurish uchun va oʻzga ehtiyojlar uchun vaqtincha foydalanishga yoki ijara shartlari bilan berilishi mumkin.
Agar yer uchastkasida bir yoki bir necha mulkdorga qarashli bir yoki bir necha imorat boʻlsa, yer uchastkasiga barcha imorat egalari umumiy egalik qiladilar yoki undan birgalikda foydalanadilar, deb hisoblanadi.
Uchastkaning yoki undagi imoratning u yoki bu qismi kommunal xizmat (yoritish, kanalizatsiya, vodoprovod, sugʻorish qurilmalari va h.k.), yer uchastkalarining egalari yoki undan foydalanuvchilar esa—mustaqil kirib-chiqish imkonidan mahrum boʻlib qoladigan yer uchastkasining boʻlinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar yer uchastkasiga xoʻjalik binolari (garaj, otxona, molxona, omborxona, yertoʻla va h.k.) qurish ushbu uchastkada joylashgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning yoki turar joy binolarida yashayotgan fuqarolarning manfaatlariga zarar keltirsa, bunday qurilishlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Tabiiy ofat yoki boshqa sabablar bilan imorat buzilib ketgan taqdirda buzilgan imoratning egasi imorat buzilgan kundan boshlab ikki yildan kechiktirmasdan imoratni tiklashga yoki ana shu uchastkada yangi imorat qurishga kirishsa, buzilgan imorat egasining yer uchastkasiga egalik qilish yoki undan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Shaharni planlashtirish va unga imorat solish loyihasida ana shu yer uchastkasidan boshqacha tarzda foydalanish nazarda tutilgan hollarda bundan mustasnodir. Bunday hollarda buzilgan imoratning egasiga Ushbu shahar ichida boshqa yer uchastkasi yoki boshqa obod turar joy binosi beriladi.
