21-modda. Fuqarolarga shaxsiy yordamchi xoʻjalik yuritish uchun yer berish (sotish)
Yer toʻgʻrisida (97-XII-son) · Sana: 20.06.1990 · Amalda
Har bir kolxoz xonadoniga, sovxozlar va boshqa qishloq xoʻjalik hamda oʻrmon xoʻjalik korxonalari, muassasalari va tashkilotlari ishchi va xizmatchilarining oilalariga, shuningdek qishloq joylarida yashovchi oʻqituvchilar, vrachlar va boshqa mutaxassislarning oilalariga umrbod meros qilib qoldiriladigan egalik huquqi bilan yordamchi qishloq xoʻjaligini yuritish uchun sugʻoriladigan yerlarda 0, 25 gektargacha va sugʻorilmaydigan yerlarda 0,50 gektargacha tomorqa yeri beriladi, binolar va hovlilar egallagan maydon ham shu jumlaga kiradi.
Oʻzlariga qarashli ayrim aholi punktlari shahar xududi tarkibiga qoʻshib yuborilgan jamoa xoʻjaliklari va davlat xoʻjaliklarida uzluksiz besh yildan ortiq ishlagan va hamon ishlab kelayotgan kolxozchilarning, davlat xoʻjaliklari ishchi va xizmatchilarining, shuningdek oʻqituvchilar, shifokorlar va boshqa mutaxassislarning oilalariga umrbod meros qilib qoldiriladigan egalik qilish huquqi bilan ularning ish joyidan yordamchi qishloq xoʻjaligini yuritish uchun shu xoʻjalikda belgilab qoʻyilgan miqdorda tomorqa yeri beriladi (binolar va hovlilar egallagan maydon ham shu jumlaga kiradi).
Shaxsiy yordamchi xoʻjalikni yuritish uchun beriladigan yer uchastkalarining aniq maydoni yer resurslarining mavjudligiga qarab va fuqarolarning oilalari ijtimoiy ishlab chiqarishda ishtirok etishini hisobga olgan holda, jamoa xoʻjaligida, boshqa jamoa korxonalarida — ularning yuqori boshqaruv idoralari tomonidan, davlat xoʻjaligida, boshqa qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarida — ularning maʼmuriyati tomonidan, ularning ustavlarida nazarda tutilgan hollarda esa ana shu korxona, muassasa va tashkilotlarning kengashlari tomonidan belgilanadi, mazkur Kengashlarning qarorlari qishloq va posyolka oʻzini oʻzi boshqaruv idoralari tomonidan tasdiqlanadi.
Shaxsiy yordamchi xoʻjalik yuritish uchun 0,06 gektargacha yer uchastkalari meros qilib qoldiriladigan umrbod egalikka kim oshdi asosida sotiladi.
Fuqarolarga shaxsiy yordamchi xoʻjalik yuritish uchun yer berish (sotish) tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari bilan belgilanadi.
Yer uchastkasiga ega boʻlmagan yoki shaxsiy yordamchi xoʻjalikni yuritish uchun muayyan kolxozda, sovxozda yoki boshqa qishloq xoʻjalik korxonasi, muassasasi va tashkilotida belgilab qoʻyilganidan kamroq miqdorda yer uchastkasiga ega normalar doirasida yakka tartibda qoʻshimcha ekinzorlar beriladi.
