6-modda. Pochta aloqasi sohasidagi maxsus vakolatli organ
“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-211-son) · Sana: 22.04.2009 · Amalda
Pochta aloqasi sohasidagi davlat boshqaruvini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan maxsus vakolatli organ (bundan buyon matnda maxsus vakolatli organ deb yuritiladi) amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli organ:
pochta aloqasini rivojlantirish davlat dasturlarini shakllantiradi va ularning amalga oshirilishini tashkil etadi;
Pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish qoidalarini tasdiqlaydi;
pochta toʻlovining davlat belgilari namunalarini tasdiqlaydi hamda pochta markalarini nashr etish, ularni muomalaga kiritish va muomaladan chiqarish tartibini belgilaydi;
pochta toʻlovining davlat belgilari davlat kolleksiyasini shakllantiradi;
universal xizmatlarga oid tariflarni tasdiqlaydi;
pochta aloqasi tarmoqlari va xizmatlarini rivojlantirish, pochta va axborot xavfsizligini taʼminlash masalalari boʻyicha pochta aloqasi operatorlari va provayderlarining faoliyatini muvofiqlashtiradi;
pochta aloqasi operatorlari va provayderlari uchun majburiy boʻlgan pochta indekslarini, shuningdek yozma xat-xabarlarni olib ketish davriyligi normativlarini hamda pochta joʻnatmalari oʻtishining nazorat muddatlarini tasdiqlaydi;
frankirlash mashinalaridan foydalanish tartibini belgilaydi;
koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi, foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, pochta aloqasi operatorlari, provayderlari va foydalanuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar masalalarini koʻrib chiqadi;
pochta aloqasi mutaxassislarini tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;
xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli organ qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
