19-modda. Pochta aloqasi tarmoqlari va vositalarini rivojlantirish hamda rekonstruksiya qilish
“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-211-son) · Sana: 22.04.2009 · Amalda
Pochta aloqasi tarmoqlari va vositalarini rivojlantirish hamda rekonstruksiya qilish ularning mulkdorlari, egalari tomonidan oʻz mablagʻlari, manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlari, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullar, turar joy dahalari va majmualari, alohida binolar va inshootlar loyihalashtirilayotganda hamda rivojlantirilayotganda mahalliy davlat hokimiyati organlari pochta aloqasi obyektlarini joylashtirish uchun binolar yoki alohida xonalar qurilishini shaharsozlik hujjatlariga muvofiq nazarda tutishlari kerak.
Pochta aloqasi obyektlarini avtomobil va temir yoʻl vokzallari, aeroportlar qoshida, bozorlar va mehmonxonalarda joylashtirish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Avtomobil va temir yoʻl vokzallari, aeroportlar qoshida pochta aloqasi obyektlarining binolari va inshootlari qurilishi uchun yer uchastkalari bevosita ularga yaqin joylardan ajratilishi, shaharlarda pochtamtlar qurilishi uchun esa shaharning markaziy qismidan, pochta va kuryerlik joʻnatmalari almashinuvi uchun sharoitlar taʼminlangan holda ajratilishi kerak.
Aholi punktlarini va ayrim binolarni yangidan qurish, kengaytirish, rekonstruksiya qilish, foydali qazilmalarni qazib olish tufayli pochta aloqasi obyektlarini koʻchirish (qayta qurish) buyurtmachi tomonidan oʻz mablagʻlari hisobidan, pochta aloqasi operatorlarining texnologik shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Pochta qutilari foydalanuvchilar uchun hamda oddiy xatlar va pochta varaqchalarini yigʻib olish uchun qulay boʻlgan yerlarga joylashtirilishi kerak.
Abonent pochta javonlari qurilish tashkilotlari tomonidan koʻp kvartirali uylarning birinchi qavatlarida oʻrnatiladi. Abonent pochta javonlarini xarid qilish va oʻrnatish xarajatlari ushbu koʻp kvartirali uylarning qurilish smetasiga kiritiladi. Abonent pochta javonlarini soz holatda saqlash koʻp kvartirali uylarning mulkdorlari tomonidan amalga oshiriladi.
