15-modda. Topshirilmay qolgan pochta, kuryerlik joʻnatmalaridan va pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalaridan foydalanish
“Pochta aloqasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-211-son) · Sana: 22.04.2009 · Amalda
Pochta, kuryerlik joʻnatmasini yoki pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmasini foydalanuvchining manziliga doir zarur maʼlumotlar aniq emasligi yoki yoʻqligi, adresat koʻchib ketganligi tufayli yetkazib berish (topshirish) imkoni boʻlmasa yoxud pochta aloqasi operatori va provayderi pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish shartnomasidagi oʻz majburiyatlarini bajara olishi imkoniyatini istisno etadigan boshqa holatlarda ular joʻnatuvchiga Pochta aloqasi xizmatlari koʻrsatish qoidalarida belgilangan muddatlarda qaytariladi.
Agar foydalanuvchining manziliga doir zarur maʼlumotlar aniq emasligi yoki yoʻqligi tufayli yetkazib berilmagan (topshirilmay qolgan) pochta, kuryerlik joʻnatmalarini yoki pul mablagʻlarini joʻnatuvchiga qaytarishning imkoni boʻlmasa yoxud joʻnatuvchi qaytarilgan pochta, kuryerlik joʻnatmasini yoki pul mablagʻlarini olishdan voz kechsa, u holda tarqatilmay qolgan sifatida vaqtincha saqlash uchun pochta aloqasi operatori yoki provayderi tomonidan qabul qilinadi.
Tarqatilmay qolgan pochta va kuryerlik joʻnatmalarini vaqtincha saqlash qonunchilikda belgilangan tartibda pochta aloqasi operatori yoki provayderi tomonidan olti oy davomida amalga oshiriladi.
Ushbu moddaning uchinchi qismida belgilangan muddat oʻtganidan soʻng:
qimmatli qogʻozlar, qimmatbaho metallar va boshqa predmetlar belgilangan tartibda realizatsiya qilinadi hamda pochta aloqasi operatorlari yoki provayderlari xarajatlarining oʻrni qoplanganidan soʻng tushgan pul mablagʻlari, shuningdek pochta va kuryerlik joʻnatmalarida aniqlangan pul mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromadiga oʻtkaziladi;
hujjatlar (pasportlar, diplomlar, shahodatnomalar, guvohnomalar va boshqalar) ularni bergan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga topshiriladi;
xatlar tegishli dalolatnoma tuzilib, yoʻq qilib tashlanadi.
Adresatlarni va joʻnatuvchilarni qidirishning iloji boʻlmaganda, tarqatilmay qolgan pul mablagʻlarining pochta oʻtkazmalari pochta aloqasi operatori tomonidan oʻn sakkiz oy davomida saqlanadi, shundan soʻng bu pul mablagʻlari mahalliy budjet daromadiga oʻtkaziladi.
