83-modda. Soliq solish obyekti
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, aksiz toʻlanadigan tovarlar uchun ularning qoʻshilgan qiymat soligʻi hisobga olinmagan holdagi (aksiz soligʻi summasini oʻz ichiga olgan) qiymati yoki tovarning fizik hajmi soliq solish obyekti hisoblanadi.
Agar tovar ishlab chiqaruvchi aksiz toʻlanadigan tovarni natural haq yoki sovgʻa sifatida bersa, soliq toʻlovchida tovarni topshirish paytida tarkib topgan, lekin amalda qilingan xarajatlardan kam boʻlmagan narxlar darajasidan kelib chiqib hisoblangan qiymat soliq solish obyekti hisoblanadi.
Ushbu modda birinchi va ikkinchi qismlarining qoidalari, tovarlar oʻz xomashyosidan yoki berilgan xomashyodan ishlab chiqarilganidan qatʼi nazar, qoʻllaniladi.
Berilgan xomashyodan ishlab chiqarilgan tovarlar boʻyicha aksiz soligʻi ularni buyurtmachiga berish paytida ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlari qoidalariga muvofiq belgilangan narxlar boʻyicha hisoblab chiqariladi.
