80-modda. Aksiz soligʻi solish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqarilgan tovarlarga va import qilingan, aksiz toʻlanadigan tovarlarga aksiz soligʻi solinadi.
Quyidagilarga aksiz soligʻi solinmaydi:
eksportga chiqariladigan tovarlarga, roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ayrim tovarlar bundan mustasno;
tabiiy ofatlar, qurolli mojarolar, baxtsiz hodisalar yoki falokatlar yuz berganida yordam koʻrsatish uchun insonparvarlik yordami va begʻaraz texnik koʻmak sifatida Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan tovarlarga, shuningdek davlatlar, hukumatlar, xalqaro tashkilotlar tomonidan xayriya maqsadlarida olib kirilayotgan tovarlarga.
