49-modda. Mehnatga haq toʻlash shaklida olinadigan daromadlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Mehnatga haq toʻlash shaklida olinadigan daromadlarga jismoniy shaxslarning mehnat shartnomasi boʻyicha qilingan ishlardan va fuqarolik-huquqiy shartnomalar boʻyicha oladigan daromadlari kiradi.
Mehnatga haq toʻlash shaklida olinadigan daromadlarga quyidagilar ham kiradi:
1) xodimlarga sotiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) qiymati bilan bunday tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) xarid qilish narxi yoki ularning tannarxi oʻrtasidagi manfiy farq;
2) ish beruvchi tomonidan oʻz faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan, xodimlarning chiqimlarini qoplash uchun qilingan xarajatlar;
3) xodim ish beruvchiga toʻlashi kerak boʻlgan, ammo ish beruvchining qarori bilan hisobdan chiqarilgan qarz summalari;
4) ish beruvchi oʻz xodimlarining hayoti yoki sogʻligʻini ixtiyoriy sugʻurtalash badallarini toʻlash uchun qilgan xarajatlar;
5) ish beruvchining jismoniy shaxsdan ushlab qolinishi kerak boʻlgan toʻlovlar yuzasidan toʻlagan summasi;
6) ish beruvchining oʻz xodimlarining bevosita yoki bilvosita daromadlarini tashkil etadigan boshqa xarajatlari.
Xodimlarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan normalar doirasida beriladigan xizmat safari toʻlovlarining summalari jami yillik daromadga kiritilmaydi.
