4-modda. Soliq haqidagi qonun hujjatlarining asosiy prinsiplari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Har bir shaxs ushbu Kodeksda belgilangan soliqlar va yigʻimlarni toʻlashi shart.
Soliq solish—yuridik shaxslarga nisbatan mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, qonun oldida tenglik, jismoniy shaxslarga nisbatan esa jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, qonun oldida tenglik asosida amalga oshiriladi.
Belgilanayotgan soliqlar va yigʻimlar tovarlarning (ishlar, xizmatlarning) yoki pul mablagʻlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida erkin muomalada boʻlishini bevosita yoki bilvosita cheklab qoʻyishi yoxud soliq toʻlovchining iqtisodiy faoliyatini boshqacha tarzda cheklab qoʻyishi yoki unga gʻov boʻlishi mumkin emas.
Olingan manbalaridan qatʼi nazar, barcha daromadlarga soliq solinishi shart.
Soliq imtiyozlarini belgilash ijtimoiy adolat prinsiplariga mos boʻlishi kerak.
Soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlarga oid normativ-huquqiy hujjatlardagi bartaraf etib boʻlmaydigan barcha shubhali, ziddiyatli qoidalar va noaniqliklar soliq toʻlovchi tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
