38-modda. Asosiy vositalar lizingi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Amortizatsiya qilinishi kerak boʻlgan asosiy vositalarning ijarasi bir taraf (lizing beruvchi) ikkinchi tarafning (lizing oluvchining) topshirigʻiga binoan uchinchi tarafdan (sotuvchidan) lizing shartnomasida shartlashilgan mol-mulkni (lizing obyektini) mulk qilib sotib olganda hamda uni lizing shartnomasida belgilangan shartlarda haq evaziga egalik qilish va foydalanish uchun lizing oluvchiga berganda lizing (moliyaviy ijara) deb hisoblanadi. Bunda ijara muddati oʻn ikki oydan ortiq boʻlishi va lizing shartnomasi quyidagi shartlardan biriga muvofiq boʻlishi lozim:
lizing shartnomasining muddati tugagach, asosiy vositalar lizing oluvchining mulki boʻlib oʻtsa;
ijara muddati asosiy vositalar xizmat muddatining sakson foizidan ortiq boʻlsa;
lizing oluvchi asosiy vositalarni ularning bozor qiymatidan past narxda evazini toʻlab sotib olish huquqiga ega boʻlsa, bunda ana shu huquqni amalga oshirish kunidagi asosiy vositalar qiymati asos boʻladi;
ijaraga olingan asosiy vositalarning ijara tugaganidan keyingi qoldiq qiymati ularning ijara boshlanishidagi qiymatining yigirma foizidan kam boʻlsa;
lizing shartnomasining butun davri uchun lizing toʻlovlarining joriy summasi ijaraga olingan vositalar qiymatining toʻqson foizidan ortiq boʻlsa.
