32-modda. Soliq solinadigan daromadning (foydaning) kamaytirilishi
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Yuridik shaxslarning soliq solinadigan daromadi (foydasi) quyidagi summaga kamaytiriladi:
ekologiya, salomatlik va xayriya fondlari, madaniyat, xalq taʼlimi, sogʻliqni saqlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport muassasalariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga beriladigan badallar summasiga, biroq soliq solinadigan daromadning (foydaning) bir foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda;
asosiy ishlab chiqarishni yangi qurilish shaklida kengaytirishga, ishlab chiqarish maqsadida foydalaniladigan binolar va inshootlarni rekonstruksiya qilishga, shuningdek ushbu maqsadlar uchun olingan kreditlarni uzishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasiga, hisobot davrida amortizatsiyaga hisoblangan summalardan toʻliq foydalanish sharti bilan, biroq soliq solinadigan daromadning (foydaning) oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori asosida kollejlar, akademik litseylar, maktablar va maktabgacha taʼlim muassasalari qurilishiga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga, biroq soliq solinadigan daromadning (foydaning) oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda;
diniy va jamoat birlashmalarining (kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va harakatlardan tashqari), xayriya fondlarining mulkida boʻlgan korxonalar daromadidan (foydasidan) shu birlashmalar va fondlarning ustavda belgilangan faoliyatni amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladigan ajratmalari summasiga;
Yuridik shaxslar soliq solinadigan daromadni (foydani) ishlab chiqarishni modernizatsiyalashga, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlashga, ushbu maqsadlar uchun berilgan kreditlarni uzishga va lizing obyekti qiymatini toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasiga, hisobot davrida hisoblangan amortizatsiya mablagʻlaridan toʻliq foydalanish sharti bilan uch yil mobaynida kamaytirish huquqiga ega. Mazkur soliq imtiyozi yangi texnologik jihozlar ishga tushirilgan paytdan eʼtiboran navbatdagi soliq hisoboti davri uchun qoʻllaniladi. Yangi texnologik jihozlar olingan (import qilingan) paytdan eʼtiboran uch yil mobaynida realizatsiya qilingan yoki tekinga berilgan taqdirda, mazkur imtiyozning amal qilishi imtiyoz qoʻllanilgan butun davr uchun daromad (foyda) soligʻi toʻlash boʻyicha majburiyatlar tiklangan holda bekor qilinadi.
Ishlovchilari umumiy sonining uch foizidan koʻprogʻini nogironlar tashkil etgan yuridik shaxslar uchun daromad (foyda) soligʻi summasi quyidagi tarzda: belgilangan normadan ortiq ishga joylashtirilgan nogironlarning har bir foiziga daromad (foyda) soligʻi bir foiz kamaytiriladi.
