271-modda. Zararlarni taqsimlab oʻtkazish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan, chegirib tashlanishi lozim boʻlgan xarajatlarning jami daromaddan oshib ketishi zarar deb eʼtirof etiladi.
Soliq toʻlovchi koʻrilgan zararlarni zarar koʻrilgan hisobot yilidan keyingi besh yil muddat davomida taqsimlab oʻtkazishni amalga oshirishga haqlidir.
Oʻtgan hisobot yilida yoki oʻtgan hisobot yillarida ushbu moddaning birinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan zararga (zararlarga) ega boʻlgan daromad (foyda) soligʻi toʻlovchilar joriy yildagi soliq solinadigan daromadni (foydani) koʻrilgan zararlarning toʻliq summasiga yoki ushbu summaning bir qismiga kamaytirishga haqlidir.
Taqsimlab oʻtkazilayotgan zararning har bir navbatdagi yilda hisobga olinadigan jami summasi ushbu Kodeksga muvofiq hisoblab chiqarilgan joriy yildagi soliq solinadigan daromadning (foydaning) 50 foizidan oshmasligi kerak.
Soliq solinadigan baza oʻrni qoplanishi kerak boʻlgan zarar summasi miqdoriga faqat yil yakunlari boʻyicha kamaytirilishi mumkin.
Birdan ortiq kalendar yilda koʻrilgan zararlar ular koʻrilgan ketma-ketlikda taqsimlab oʻtkaziladi.
Soliq toʻlovchining daromad (foyda) soligʻidan ozod qilingan davrdagi zararlari keyingi davrlarga taqsimlab oʻtkazilishi mumkin emas.
