135-modda. Moliyaviy jazo choralari
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun soliq toʻlovchiga nisbatan quyidagi miqdorlarda moliyaviy jazo choralari qoʻllaniladi:
1) yuridik shaxslarning (shu jumladan norezidentlarning, bundan rezident tijorat tashkilotlari mustasno) soliq organida hisobga olinishdan boʻyin tovlashi:
agar faoliyat oʻttiz kungacha amalga oshirilgan boʻlsa — eng kam ish haqining ellik baravari miqdorida, biroq bunday faoliyat natijasida olingan daromadning (foydaning) oʻn foizidan kam boʻlmagan miqdorda;
agar faoliyat oʻttiz kundan ortiq amalga oshirilayotgan boʻlsa — eng kam ish haqining yuz baravari miqdorida, biroq bunday faoliyat natijasida olingan daromadning (foydaning) ellik foizidan kam boʻlmagan miqdorda jarima solishga olib keladi;
2) qonuniy kelib chiqishi tasdiqlangan hollarni istisno etganda, kirim qilinmagan tovarlar saqlangan yoxud tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum yashirilgan (kamaytirib koʻrsatilgan) taqdirda, soliq toʻlovchidan kirim qilinmagan tovar qiymati yoxud yashirilgan (kamaytirib koʻrsatilgan) tushum summasi undiriladi;
3) maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil ichida takroran sodir etilgan, soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlarni hisoblab chiqarish hamda toʻlash uchun zarur boʻlgan deklaratsiya, hisob-kitoblar va hisobotlarni taqdim etmaganlik, oʻz vaqtida taqdim etmaganlik yoki belgilanmagan shaklda taqdim etganlik uchun soliq toʻlovchidan toʻlov muddati oʻtkazib yuborilgan har bir kun uchun tegishli summaning bir foizi miqdorida, biroq tegishli hisobot davri uchun ilgari hisoblab chiqarilgan toʻlovlar chegirib tashlangan holda belgilangan toʻlov muddatiga tegishli toʻlov summasining oʻn foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima undiriladi;
4) buxgalteriya hisobining yoʻqligi yoki uni belgilangan tartibni hisoblab chiqarilishi lozim boʻlgan soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar summasini aniqlab boʻlmaydigan darajada buzib yuritganlik uchun soliq toʻlovchi yuridik shaxsdan aylanma summaning bir foizi miqdorida, biroq eng kam ish haqining ellik baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima undiriladi. Bunda soliq toʻlovchi yuridik shaxs buxgalteriya hisobini qayta tiklash majburiyatidan ozod qilinmaydi;
5) faoliyat turlari bilan litsenziyasiz shugʻullanganlik uchun soliq toʻlovchidan ularni amalga oshirganlik munosabati bilan toʻlangan soliqlar, yigʻimlar va boshqa majburiy toʻlovlar chegirib tashlangan holda, ana shu faoliyat turlarini amalga oshirishdan olingan butun daromad (foyda) undiriladi;
