1271-modda. Oʻzaro aloqador yuridik shaxslarga soliq solish maqsadida narxlarga oʻzgartish kiritish
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Agar oʻzaro aloqador yuridik shaxslar oʻzlarining tijorat va moliyaviy munosabatlarida oʻzaro aloqador boʻlmagan yuridik shaxslar oʻrtasida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan narxlardan farq qiladigan narxlarni qoʻllasalar, oʻzaro aloqador boʻlmagan yuridik shaxslar oʻrtasida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan narxlardan soliq organlari soliq solish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanishlari mumkin.
Oʻzaro aloqador yuridik shaxslar, shu jumladan chet ellik yuridik shaxslar quyidagilardan iborat:
unitar (shoʻba) korxonalar va ularni taʼsis etgan yuridik shaxslar;
birgina yuridik shaxs tomonidan taʼsis etilgan yuridik shaxslar;
birgina jismoniy shaxs tomonidan yoki oʻzaro qarindosh yoxud qayin-boʻyin va quda-anda jismoniy shaxslar tomonidan taʼsis etilgan yuridik shaxslar.
Er (xotin), uning toʻgʻri va yon shajara boʻyicha qarindoshlari, opa-singillari, aka-ukalari va ularning bolalari, nevaralari, chevaralari hamda evaralari, xotinning (erning) ota-onasi, opa-singillari va aka-ukalari ushbu modda maqsadiga koʻra oʻzaro qarindosh yoki qayin-boʻyin va quda-anda jismoniy shaxslar hisoblanadi.
