119-modda. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha imtiyozlar
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi · Sana: 24.04.1997 · Amalda
Quyidagi yuridik shaxslar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod qilinadilar:
tijorat bilan shugʻullanmaydigan yuridik shaxslar, tadbirkorlik faoliyati uchun suv resurslaridan foydalanuvchilar bundan mustasno;
yer osti maʼdanli suvlaridan davolash maqsadida foydalanuvchi sogʻliqni saqlash muassasalari, ular maʼdanli suvdan savdo tarmogʻida realizatsiya qilish uchun foydalangan hollar bundan mustasno;
farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanuvchi va suvdan dori vositalari tayyorlash uchun foydalanuvchi yuridik shaxslar;
atrof muhitga zararli taʼsir koʻrsatishining oldini olish maqsadida yer osti suvlarini chiqazib olayotgan yuridik shaxslar—ana shu yer osti suvlari uchun, ishlab chiqarish va texnika ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suv hajmlari bundan mustasno;
suv uchun budjetga haq oʻtkazgan yuridik shaxslardan suv olgan isteʼmolchilar;
foydali qazilmalar qazib olish va shaxtadan suvlarni qochirish vaqtida yer osti suvlarini chiqazib olgan yuridik shaxslar—ana shu yer osti suvlari uchun, ishlab chiqarish va texnika ehtiyojlari uchun foydalaniladigan suv hajmlari bundan mustasno;
gidroelektrostansiyalar — agregatlarni ishlatishda suvdan foydalanganlik uchun;
birlamchi tarzda foydalanganlik uchun haqi toʻlangan suvdan ikkilamchi tarzda foydalanuvchi yuridik shaxslar;
asosiy faoliyat turi boʻyicha qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtiruvchi yuridik shaxslar—shoʻrlangan yerlarni yuvish maqsadida suvdan foydalanganlik uchun;
nogironlarning jamoat birlashmalari, “Nuroniy” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston chernobilchilar assotsiatsiyasi mulkida boʻlgan, ishlovchilari umumiy sonining ellik foizini nogironlar tashkil qilgan yuridik shaxslar, savdo, vositachilik, taʼminot-sotish va tayyorlov faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar bundan mustasno;
