3-modda. Asosiy tushunchalar
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-210-son) · Sana: 16.04.2009 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi — hayotni sugʻurta qilish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
jabrlanuvchi — oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan sogʻligʻiga zarar yetkazilgan, sugʻurta tovonini olish huquqiga ega boʻlgan xodim;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa — xodimning u mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha oʻz vazifalarini ish beruvchining hududida ham, undan tashqarida ham bajarishi bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlishiga yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishiga olib kelgan va xodimni boshqa ishga oʻtkazish zaruriyatini keltirib chiqargan, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini vaqtincha yoki turgʻun yoʻqotishiga yoxud vafot etishiga sabab boʻlgan hodisa;
ish beruvchi — qonunchilikda belgilangan tartibda jismoniy shaxs bilan mehnat shartnomasi (kontrakt) tuzgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi — umumiy sugʻurta qilish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
kasb kasalligi — xodimning unga ishlab chiqarishning zararli yoki xavfli omili taʼsiri natijasi boʻlgan va uning kasbga oid mehnat qobiliyatini vaqtincha yoxud turgʻun yoʻqotishiga sabab boʻlgan oʻtkir yoki surunkali kasalligi;
kasbga oid mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik darajasi — kasbga oid mehnat qobiliyatining ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yuz berguniga qadar boʻlgan, foizlarda ifodalangan, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi tomonidan aniqlanadigan pasayishi;
mehnatda mayib boʻlish — xodimning kasbga oid mehnat qobiliyatini ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa oqibatida vaqtincha yoki turgʻun yoʻqotishi;
naf oluvchi — xodim oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda vafot etgan taqdirda sugʻurta tovonini olish huquqiga ega boʻlgan shaxs;
sugʻurta hodisasi — ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasining amal qilishi davrida xodim oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan xodimning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash boʻyicha ish beruvchining fuqarolik javobgarligi vujudga kelganligi belgilangan tartibda tasdiqlangan fakt;
