15-modda. Annuitetlar shartnomasi
Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-210-son) · Sana: 16.04.2009 · Amalda
Annuitetlar shartnomasi ommaviy shartnomadir.
Annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi annuitetlar shartnomasida shartlashilgan haq (sugʻurta mukofoti) evaziga, sugʻurta summasi doirasida tegishincha:
jabrlanuvchiga u oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinishi yoki sogʻligʻining boshqacha tarzda shikastlanishi munosabati bilan uning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun;
xodim oʻz mehnat vazifalarini bajarishi bilan bogʻliq holda vafot etgan taqdirda sugʻurta tovonini olish huquqiga ega boʻlgan naf oluvchiga joriy toʻlovlar tarzida bir yildan ortiq muddat uchun sugʻurta tovoni toʻlash majburiyatini oladi.
Annuitetlar shartnomasi sugʻurtalovchi, ish beruvchi va annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi oʻrtasida tuziladi. Annuitetlar shartnomasini tuzish uchun ish beruvchining arizasi asos boʻladi.
Annuitetlar shartnomasi shartlari va uni tuzish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Annuitetlar shartnomasida koʻrsatilishi lozim boʻlgan shartlarning toʻliq emasligi uchun javobgarlik annuitetlar shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi zimmasida boʻladi.
Annuitetlar shartnomasi qonunchilikka muvofiq jabrlanuvchiga mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik darajasi belgilangan muddatga yoki naf oluvchi sugʻurta tovonini olish huquqiga ega boʻladigan muddatga tuziladi.
