5-modda. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatini chaqirib olish zarurligi toʻgʻrisidagi qaror
Oʻzbekiston Respublikasida deputatni chaqirib olish tartibi toʻgʻrisida (229-I-son) · Sana: 26.04.1996 · Amalda
Ushbu Qonunning 1-moddasida nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, deputatlikka nomzod koʻrsatgan tegishli organ, yaʼni siyosiy partiyaning viloyat organi, xalq deputatlari shahar, tuman Kengashi yoki fuqarolar yigʻinida (vakillar yigʻilishida) saylovchilar deputatni chaqirib olish zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qilishlari mumkin. Fuqarolar yigʻini (vakillar yigʻilishi)ning qonuniy huquqqa egaligi “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.
Deputatlikka nomzod koʻrsatgan organning yoki saylovchilarning deputatni chaqirib olish zarurligi toʻgʻrisidagi qarori bayonnoma bilan yoki bayonnomadan koʻchirma bilan birga xalq deputatlari tegishli viloyat Kengashiga yuboriladi.
Deputatni chaqirib olish toʻgʻrisidagi taklif asosli boʻlsa, xalq deputatlari viloyat Kengashi hujjatlar olingan kundan eʼtiboran besh kunlik muddat ichida deputatni chaqirib olish boʻyicha ovoz berish oʻtkazish zarurligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi hamda uni viloyat saylov komissiyasiga yuboradi.
Viloyat saylov komissiyasi xalq deputatlari viloyat Kengashining qarori olingan kundan eʼtiboran besh kunlik muddat ichida deputatni chaqirib olish boʻyicha okrug komissiyasini tuzadi, ovoz berish kunini tayinlaydi va bu xususda xalq deputatlari viloyat Kengashiga axborot beradi.
