13-modda. Ovoz berish natijalarini aniqlash
Oʻzbekiston Respublikasida deputatni chaqirib olish tartibi toʻgʻrisida (229-I-son) · Sana: 26.04.1996 · Amalda
Ovoz berish natijalari ovoz berish oʻtkazilgan kunning ertasiga okrug komissiyasining majlisida aniqlanib, bayonnomaga kiritiladi va tegishincha Markaziy saylov komissiyasiga, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasiga yuboriladi.
Basharti, ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning yarmidan koʻpi deputatni chaqirib olishni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, u chaqirib olingan hisoblanadi.
Basharti, ovoz berishda qatnashgan saylovchilarning yarmidan kami deputatni chaqirib olishni yoqlab ovoz bergan boʻlsa, shuningdek ovoz berishda ovoz berish roʻyxatlariga kiritilgan saylovchilarning yarmidan kami ishtirok etgan boʻlsa, deputatni chaqirib olish rad qilingan hisoblanadi.
Deputatni chaqirib olishni yoqlab va chaqirib olishga qarshi berilgan ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, deputat oʻz vakolatlarini saqlab qoladi.
Markaziy saylov komissiyasi yoki viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi Qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilganligi oqibatida ovoz berish natijalarini haqiqiy emas deb topishi mumkin. Bunday holda takroriy ovoz berish tayinlanib, u kechi bilan ikki hafta ichida ushbu Qonun talablariga rioya etgan holda oʻtkaziladi.
Markaziy saylov komissiyasi, tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi kelib tushgan okrug komissiyasining bayonnomasiga asosan besh kunlik muddat ichida ovoz berish natijalarini qayd etadi hamda ular haqida mahalliy ommaviy axborot vositalari orqali xabar qiladi.
Oliy Majlis deputatini chaqirib olish boʻyicha ovoz berish yakunlari toʻgʻrisida Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis Kengashiga maʼlum qiladi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatini chaqirib olish boʻyicha ovoz berish yakunlari toʻgʻrisida esa viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tegishli hokimiyat vakillik organining rahbariga maʼlum qiladi.
Ovoz berish natijasida deputat chaqirib olingan boʻlsa, deputatni chaqirib olish boʻyicha ovoz berish yakunlari qayd etilgan paytdan eʼtiboran uning vakolatlari muddatidan ilgari toʻxtatilgan hisoblanadi.
