1-modda. Taʼriflar
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatini bartaraf etish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida · Sana: 26.04.2007 · Amalda
Ushbu Bitim maqsadlari uchun quyidagi atamalar qoʻllaniladi:
“soʻrovchi Tomon” — boshqa Tomonga yordam koʻrsatish boʻyicha guruhlarini, asbob-uskunalar va taʼminot materiallarini yuborish toʻgʻrisida iltimos bilan murojaat qiladigan Tomon;
“taqdim qiluvchi Tomon” — boshqa Tomonning yordam berish boʻyicha guruhlar, asbob-uskunalar va taʼminot materiallarini yuborish toʻgʻrisidagi iltimosini qanoatlantiruvchi Tomon;
“vakolatli organ” — ushbu Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarga rahbarlik qilish va muvofiqlashtirish uchun Tomonlardan har biri tayinlaydigan organ;
“yordam koʻrsatish boʻyicha guruh” — taqdim qiluvchi Tomonning mutaxassislaridan tashkil topgan, yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan, zarur guruhlar, asbob-uskuna va materiallar bilan taʼminlangan guruh;
“favqulodda vaziyat” — soʻrovchi Tomon davlati maʼlum hududida avariya, xavfli tabiat hodisasi, halokat, tabiiy va boshqa ofat natijasida yuzaga kelgan odamlarning qurbon boʻlishiga olib keladigan vaziyat boʻlib, odamlar sogʻligʻiga yoki atrof-muhitga zarar yetkazishi, katta moddiy talofatlarga va odamlarning yashash sharoitlarining buzilishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin holatdir;
“favqulodda vaziyatni oldini olish” — oldindan oʻtkaziladigan va favqulodda vaziyat paydo boʻlish xavfini mumkin qadar kamaytirishga qaratilgan va shuningdek bu vaziyat paydo boʻlgan taqdirda odamlar sogʻligʻini saqlashga, atrof-muhitga yetkazilgan zarar va moddiy talofat hajmini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;
“favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf qilish” — favqulodda vaziyat paydo boʻlganda qilinadigan va odamlar hayotini qutqarishga va sogʻligʻini saqlashga, atrof-muhitga yetkazilgan zarar va moddiy talofat hajmini kamaytirishga, shuningdek favqulodda vaziyat zonasini cheklashga zona uchun xavfli faktorlar harakatini toʻxtatishga qaratilgan avariya-qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlari;
“favqulodda vaziyat zonasi” — soʻrovchi Tomon davlatining maʼlum hududida yuzaga kelgan favqulodda vaziyat;
“avariya-qutqaruv ishlari” — favqulodda vaziyat zonasida odamlarni, moddiy va madaniy boyliklarni qutqarish, atrof-muhitni muhofaza qilish, favqulodda vaziyatni cheklash va vaziyat uchun omillarni yoʻqotish yoki unga xos boʻlgan xavfli omillarni minimal darajaga keltirish boʻyicha harakatlar;
