Advokat tomonidan ishni olib borishga order shaklini tasdiqlash toʻgʻrisida (1938-son)
08.04.2009
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 8-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1938]
Oʻzbekiston Respublikasi “Advokatura toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Axborotnomasi 1997-y., 2-son, 48-modda) muvofiq buyuraman:
1. Advokat tomonidan ishni olib borishga order shakli (keyingi oʻrinlarda order deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
order blankalari advokatlik tuzilmalarining, shuningdek, tegishli yuridik maslahatxonalar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi hududiy boshqarmalarining buyurtmalari boʻyicha bosmaxona usulida tayyorlanadi;
order blankalari ularning sarflanishini qatʼiy hisobi yuritiladigan tartib raqamiga ega;
advokatlik tuzilmasining rahbari order blankalarining hisobga olinishi, saqlanishi va maqsadli foydalanilishi uchun masʼuldir. Orderni boshqa shaxslar tomonidan imzolanishiga yoʻl qoʻyilmaydi;
lozim tarzda rasmiylashtirilmagan, dogʻ tushirilgan va yozuvlari oʻchirilgan orderlar haqiqiy emasdir;
order advokatlik tuzilmasining rahbari tomonidan imzolanadi, u orderda aks ettirilgan maʼlumotlar uchun shaxsan javobgardir;
order advokatlik guvohnomasi taqdim etilganda haqiqiydir.
3. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritilsin.
4. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (A. Inanbabayev) hamda Notariat, FHDY va advokatura boshqarmasi (D. Yakubova) ushbu normativ-huquqiy hujjatni oʻn kun muddat ichida barcha manfaatdor shaxslarga yetkazilishini va “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
5. Ushbu buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari E. Kanyazov zimmasiga yuklatilsin.
Adliya vaziri R. MUHITDINOV
Toshkent sh.,
2009-yil 8-aprel,
91-mh-son
Kelishilgan:
Advokatlar palatasining raisi T. SAYIDOV
Toshkent sh.,
2009-yil 8-aprel
Adliya vazirining 2009-yil 8-apreldagi 91-mh-son buyrugʻiga ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 15-son, 195-modda)
