2-modda. Hamkorlik shakllari
Oliy taʼlim sohasida hamkorlik toʻgʻrisida · Sana: 17.11.2008 · Amalda
Tomonlar oʻz mamlakatlarida ushbu Anglashuv Memorandumi predmetini tartibga soluvchi oliy taʼlim sohasida amalda boʻlgan qonunlar, qoidalar, yoʻriqnomalar va milliy siyosatga asoslangan holda qoʻyidagi sohalarda texnikaviy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish uchun zarur boʻlgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga harakat qiladilar:
a) oʻzaro manfaatli deb topilgan dasturlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Malayziya Oliy taʼlim vazirligi bilan oʻtkaziladigan maslahatlashuvlar yordamida oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida professor va oʻqituvchilar, ekspertlar va talabalarning almashinuvini ragʻbatlantirish hamda qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish. Bunday almashinuv dars berish va/yoki izlanish boʻyicha qoʻshma hisobot tayyorlash, ilmiy maqola chop etish yoki ilmiy tashrifdan iborat boʻlishi mumkin. Qabul qiluvchi vazirlik tomonidan oʻtkaziladigan almashinuv dasturning muddatlari va shartlari har ikki vazirlik rahbarlari tomonidan belgilanadi;
b) texnikaviy, kasb-hunar va oliy taʼlimning manfaatli sohalarida oʻzaro yordamni qoʻllab-quvvatlash;
v) Tomonlarning oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishni davom ettirish uchun grantlar ajratish boʻyicha choralar koʻrish;
g) oliy taʼlim muassasalarining ikki tomonlama texnikaviy, kasb-hunar va oliy taʼlim sohalaridagi oʻzaro manfaatli boʻlgan dasturlarini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirish;
d) taʼlim sohasining maʼmuriy xodimlari va oʻqituvchilari, jumladan malaka oshirish sohasida mashgʻul boʻlganlarning malakasini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirish;
e) Tomonlarning oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida baholash tizimi va shunga oʻxshash dasturlar hamda akademik, kasb-hunar va malakaviy kvalifikatsiyalarini oʻzaro tan olish imkoniyatlarini oʻrganib chiqish;
yo) oʻquv adabiyotlari, oʻqitish boʻyicha yordam, axborot va koʻrgazmali qoʻllanmalar bilan almashishda, shuningdek muhim ahamiyatga ega boʻlgan maxsus koʻrgazmalar va seminarlar tashkil qilishda koʻmaklashish;
j) axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, matematika va tabiiy fanlar sohasidagi oʻzaro yordamni qoʻllab-quvvatlash; va
z) Tomonlar tomonidan oʻzaro kelishib olinadigan oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikning har qanday boshqa jabhalarida.
