10-modda.
Chegaraoldi hududlarda fuqarolik maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasining radioxizmatlari tomonidan foydalaniladigan 30.0 — 1000.0 MGts radiochastota polosasidagi radiochastota oʻzlashtiruvlarini muvofiqlashtirish toʻgʻrisida · Sana: 20.03.2006 · Amalda
1. Bir Tomon uning uchun radiochastotalar roʻyxatlarida belgilanmagan yangi radiochastota oʻzlashtiruvidan foydalanishdan oldin yoki muvofiqlashtirilganlar toifasiga kiruvchi radiochastotalar roʻyxatiga oʻzgartish kiritishni xohlasa, u XEI Radioaloqa reglamenti talablariga asosan muvofiqlashtirishni oʻtkazishi kerak.
2. Muvofiqlashtirish uchun soʻrovnoma yuborilgan Tomon uni koʻrib chiqishi va 60 kun ichida asoslangan yozma javob yuborishi lozim. Agar u soʻralayotgan radiochastota oʻzlashtiruvidan foydalanishga rozi boʻlmasa, muammoni qoniqarli tarzda hal etish uchun oʻz takliflarini berishi kerak.
3. Agar muvofiqlashtirish uchun yozma soʻrov xatini yuborgan Tomon 90 kun ichida yozma tarzda javob olmasa, u boshqa Tomonning soʻralayotgan radiochastota oʻzlashtiruvidan foydalanishga eʼtirozi yoʻq deb hisoblaydi, uni muvofiqlashtirilgan radiochastotalar roʻyxatiga kiritadi va bu haqda boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor etadi.
4. Quyidagi hollarda radiochastota oʻzlashtiruvlarini muvofiqlashtirish talab qilinmaydi:
1) agar muvofiqlashtirilgan radiochastota oʻzlashtiruvidan foydalanuvchi stansiyada boshqa Tomon davlati hududida xalaqit paydo boʻlishiga olib kelmaydigan tavsiflargina oʻzgargan boʻlsa;
2) agar ilgari muvofiqlashtirilgan radiochastotada ishlaydigan qoʻshimcha stansiyaning ishga tushirilishi boshqa Tomon davlati hududida xalaqit paydo boʻlishiga olib kelmasa.
5. Muvofiqlashtirilgan radiochastota oʻzlashtiruvidan foydalanuvchi asosiy stansiyaning ishi toʻxtatilsa, boshqa Tomonga uning oʻrniga ishga tushirilgan stansiyaning texnikaviy tavsifi xabar qilinadi.
6. Barcha hollarda, Tomonlardan biri muvofiqlashtirilgan radiochastota oʻzlashtiruvlari roʻyxatiga muvofiqlashtirishni talab qilmaydigan oʻzgartirishlar kiritsa, jumladan muvofiqlashtirilgan stansiyadan foydalanishni toʻxtatgan holda ham, u bunday oʻzgartirishlar toʻgʻrisida boshqa Tomonga xabar beradi.
