“41-modda. Baholovchi tashkilot
“Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-208-son) · Sana: 09.04.2009 · Amalda
Baholovchi tashkilot baholash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxsdir.
Baholovchi tashkilot oʻz faoliyatida mustaqildir. Xizmatlarning isteʼmolchisi (bundan buyon matnda buyurtmachi deb yuritiladi) yoki boshqa manfaatdor shaxslarning baholovchi tashkilot faoliyatiga aralashishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Baholovchi tashkilot qonun hujjatlarida nazarda tutilgan istalgan tashkiliy-huquqiy shaklda tashkil etilishi va oʻz faoliyatini amalga oshirishi mumkin, ochiq aksiyadorlik jamiyati bundan mustasno. Bunda quyidagi majburiy shartlarga rioya etilishi kerak:
baholovchi tashkilotning rahbari baholovchi boʻlishi;
baholovchi tashkilotning shtat birligi tegishli malakaga ega boʻlgan baholovchilarning shtatdagi eng kam soniga doir, qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq boʻlishi;
baholovchi tashkilotda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan miqdordagi ustav fondining mavjudligi;
baholovchi tashkilotda baholovchi tashkilotning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchining majburiyatlari kuchga kirganligini tasdiqlovchi sugʻurta polisining mavjudligi.
Baholovchi (baholovchilar) faqat bitta baholovchi tashkilotning muassisi (ishtirokchisi, aksiyadori) boʻlishi mumkin.
Agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining baholovchi tashkilotni tashkil etishi, shuningdek baholash faoliyatini amalga oshirishi taqiqlanadi.
