13-modda. Baholash obyektini baholash toʻgʻrisidagi shartnomaga oid majburiy talablar
“Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-208-son) · Sana: 09.04.2009 · Amalda
Baholovchi tashkilot va buyurtmachi oʻrtasidagi shartnoma yozma shaklda qonun hujjatlariga muvofiq tuziladi.
Shartnomada quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
baholash obyektining nomi;
baholash obyektini baholashning maqsadi;
baholash obyektining aniqlanadigan qiymati turi;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazish muddati;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazgani uchun pul mukofoti miqdori.
Shartnomaga baholovchi tashkilotda baholash faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaning mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ushbu litsenziyaning tartib (roʻyxatdan oʻtkazilganlik) raqami va berilgan sanasi koʻrsatilgan holda, shuningdek baholovchi tashkilotning fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchining majburiyatlari kuchga kirganligini tasdiqlovchi sugʻurta polisining mavjudligi haqidagi maʼlumotlar kiritilishi shart.
Baholash obyektini baholashdan oʻtkazganlik uchun pul mukofotining miqdori shartnomada belgilab qoʻyiladi va u baholash obyekti qiymatining baland-pastligiga bogʻliq boʻlishi mumkin emas.
