Sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida axborot almashish toʻgʻrisida
06.10.2008
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT PATENT IDORASI BILAN LATVIYA RESPUBLIKASI PATENT IDORASI OʻRTASIDA
Bitim*
* Imzolangan kundan kuchga kirgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat patent idorasi va Latviya Respublikasi Patent idorasi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida,
sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida axborot bilan taʼminlanganlikni oshirish maqsadga muvofiqligini tan olib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Latviya Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik chuqurlashib borayotganini eʼtiborga olgan holda,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda.
Tomonlar oʻz davlatlarining qonun hujjatlariga muvofiq va oʻz vakolatlari doirasida sanoat mulkini muhofaza qilish sohasida quyidagi axborot bilan begʻaraz almashadilar:
a) sanoat mulkini muhofaza qilish sohasidagi huquqiy aktlar bilan;
b) Bitim Tomonlarining rasmiy davriy nashrlari bilan.
Hamkorlik davrida Tomonlarning biri oladigan axborot uchinchi Tomonga faqat ushbu axborotni taqdim etgan Tomon roziligi sharti bilan berilishi mumkin.
2-modda.
Tomonlar Bitim imzolangan vaqtdan eʼtiboran ikki oy mobaynida 1-moddada qayd etilgan axborot bilan almashish boʻyicha Vakillar tayinlaydilar.
Tomonlar Vakillari 1-moddaga muvofiq har oyda bir marta almashinadigan axborotni oʻzaro kelishib oladilar,
Tomonlardan biri oʻz Vakilini boshqa shaxsga almashtirganda, u boshqa Tomonni 20 kun mobaynida bu haqida xabardor qiladi.
3-modda.
Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan Bitimga ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlgan bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
4-modda.
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi, besh yil mobaynida amal qiladi va, agar Tomonlardan biri ikkinchi Tomonni navbatdagi davr oʻtmasdan kamida 6 oy avval Bitimning amal qilishini tugatmoqchi ekanligi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amali keyingi besh yillik muddatga davom ettiriladi.
Ushbu Bitim qoidalariga tegishli masalalarni sharhlashda kelib chiqadigan bahs va munozaralar maslahatlashuv va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
5-modda.
Ushbu Bitimning amal qilishi tugaganda, mazkur Bitim doirasida boshlangan va oxiriga yetkazilmagan tadbirlarga nisbatan uning qoidalari qoʻllanishi davom etadi.
6-modda.
Ushbu Bitim Toshkent shahrida 2008-yil 6-oktabrda oʻzbek, latish va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini izohlashda kelishmovchiliklar kelib chiqqan hollarda Tomonlar ingliz tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)
