18-modda. Tuzatishlar
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasini toʻldiruvchi odam savdosining, ayniqsa ayollar va bolalar savdosining oldini olish hamda unga chek qoʻyish va uning uchun jazolash haqida · Sana: 15.11.2000 · Amalda
1. Mazkur Bayonnoma kuchga kirgandan keyin besh yil oʻtgach, bu Bayonnomaning Ishtirokchi-davlati tuzatish kiritishni taklif qilishi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga yuborishi mumkin, soʻngra taklif qilingan tuzatishni koʻrib chiqish va u boʻyicha qaror qabul qilish maqsadida Ishtirokchi-davlatlarga va Konvensiya Ishtirokchilarining konferensiyasiga yuboradi. Ishtirokchilar konferensiyada qatnashayotgan mazkur Bayonnomaning Ishtirokchi-davlatlari har bir tuzatishga nisbatan konsensusga erishish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshiradilar. Agar konsensusga erishish uchun barcha saʼy-harakatlar amalga oshirilgan va kelishuvga erishilmagan boʻlsa, unda oxirgi chora sifatida tuzatishni qabul qilish uchun mazkur Bayonnoma Ishtirokchi-davlatlarining Ishtirokchilar konferensiyasida hozir boʻlgan va ovoz berishda qatnashayotgan uchdan ikki qismining koʻpchilik ovozi talab etiladi.
2. Oʻzlarining vakolat doirasiga kiradigan masalalarda iqtisodiy integratsiyaning mintaqaviy tashkilotlari ushbu moddaga muvofiq oʻz ovoz berish huquqini mazkur Bayonnoma ishtirokchisi boʻlgan aʼzo-davlatlar soniga teng ovozlarga ega boʻlgan holda amalga oshiradilar. Bunday tashkilotlar, agar ularning aʼzo-davlatlari ovoz berish huquqini amalga oshirsa va aksincha boʻlsa, oʻz ovoz berish huquqini amalga oshirmaydi.
3. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq qabul qilingan tuzatish Ishtirokchi-davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilinishi, qabul qilinishi yoki tasdiqlanishi kerak.
4. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq qabul qilingan tuzatish Ishtirokchi-davlatga nisbatan ular tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga ratifikatsiya yorliqlari yoxud qabul qilish yoki tasdiqlash toʻgʻrisidagi hujjatlar saqlash uchun topshirilgan sanadan toʻqson kun oʻtgach kuchga kiradi.
5. Tuzatish kuchga kirgandan soʻng, unga rioya etishga oʻz roziligini bildirgan Ishtirokchi-davlatlar uchun majburiy hisoblanadi. Boshqa Ishtirokchi-davlatlar mazkur Bayonnoma qoidalari va ular tomonidan avvalroq ratifikatsiya qilingan, qabul qilingan yoki tasdiqlangan har qanday tuzatishlarni bajarishda davom etadilar.
