29-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorida reklama
Qimmatli qogʻozlar bozorining faoliyat koʻrsatish mexanizmi toʻgʻrisida (218-I-son) · Sana: 25.04.1996 · Amalda
Qimmatli qogʻozlar bozoridagi reklamada uni beruvchining nomi (ismi) aks etgan boʻlishi kerak. Investitsiya instituti boʻlgan reklama beruvchi reklama eʼloniga muvofiq qimmatli qogʻozlar bozorida oʻzi amalga oshiradigan faoliyat turlari haqidagi maʼlumotlarni ham reklamaga kiritishi lozim.
Reklama beruvchilarning:
oʻz faoliyati toʻgʻrisida, sotib olish yoki sotish yoxud boshqa bitimlar tuzish uchun taqdim etilayotgan qimmatli qogʻozlar turlari va ularning tavsiflari hamda bu bitimlarni tuzish shartlari haqida notoʻgʻri axborotni, shuningdek qimmatli qogʻozlar egalarini va bozorining boshqa qatnashchilarini aldashga yoki chalgʻitishga qaratilgan boshqa axborotni reklamada koʻrsatishi;
reklamada qimmatli qogʻozlar boʻyicha daromadlarning kutilayotgan miqdori va ularning kurs qiymati oʻsishi haqidagi taxminlarni koʻrsatishi;
xuddi shunday faoliyat bilan shugʻullanuvchi qimmatli qogʻozlar bozori professional qatnashchilarining yoki xuddi shunday qogʻozlarni chiqaruvchi emitentlarning haqiqiy yoxud gumon qilingan kamchiliklarini koʻrsatish yoʻli bilan reklamadan gʻarazli raqobat maqsadlarida foydalanishi taqiqlanadi.
Reklamada mazkur holatlardan biri mavjud boʻlgan taqdirda qimmatli qogʻozlar reklamasi gʻarazli reklama deb topiladi.
Qimmatli qogʻozlar va emitentlar toʻgʻrisidagi hamma foydalana oladigan axborot, shuningdek vakolatli organlar qimmatli qogʻozlar bozorini boshqarish sohasidagi oʻz vazifalarini bajarishlari munosabati bilan ularga Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq beriladigan axborot qimmatli qogʻozlar bozoridagi reklama deb hisoblanmaydi.
Emitent tomonidan qimmatli qogʻozlar chiqarilgani hamda u yozgan va (yoki) toʻlagan dividendlar toʻgʻrisidagi axborot reklama hisoblanadi.
