27-modda. Investitsiya institutlarining, fond birjalarining (birjalar fond boʻlimlarining) va qimmatli qogʻozlar egalarining axborotni oshkor qilishi
Qimmatli qogʻozlar bozorining faoliyat koʻrsatish mexanizmi toʻgʻrisida (218-I-son) · Sana: 25.04.1996 · Amalda
Investitsiya instituti quyidagi hollarda:
yilning bir choragi mobaynida bir emitentning faqat bir turdagi qimmatli qogʻozlari bilan operatsiyalar oʻtkazganda;
bir emitentning bir turdagi qimmatli qogʻozlari bilan bir marta operatsiya oʻtkazganda, agar bu operatsiya boʻyicha qimmatli qogʻozlarning soni mazkur qimmatli qogʻozlar umumiy sonining kamida 15 foizini tashkil etsa, oʻzlarining qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshirgan operatsiyalari haqidagi axborotni oshkor qilishi shart.
Fond birjalari (birjalarning fond boʻlimlari) va investitsiya institutlari har qanday manfaatdor shaxsga:
qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchisiga savdoga ijozat berish qoidalarini;
qimmatli qogʻozlarni savdoga qoʻyishga ijozat berish qoidalarini;
bitimlar tuzish va ularni solishtirish qoidalarini;
bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish qoidalarini;
bitimlarni ijro etish tartibini;
narxlar belgilashda aldovni cheklaydigan qoidalarni;
qimmatli qogʻozlar bozorida savdoni tashkil etuvchilarga xizmat koʻrsatish jadvalini;
yuqorida sanab oʻtilganlarga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish reglamentini;
savdoga qoʻyilgan qimmatli qogʻozlarning roʻyxatini oshkor etishlari shart.
Qimmatli qogʻozlar egasi emitentga qarashli har qanday qimmatli qogʻozlar turining Z5 foizi va undan ortigʻiga ega ekanligi haqidagi axborotni oshkor etishi shart.
