22-modda. Qimmatli qogʻozlar bozorida operatsiyalarni amalga oshirish va ularni roʻyxatga olish
Qimmatli qogʻozlar bozorining faoliyat koʻrsatish mexanizmi toʻgʻrisida (218-I-son) · Sana: 25.04.1996 · Amalda
Investitsiya institutlarining qimmatli qogʻozlar bozorida operatsiyalarni amalga oshirishlariga ular tegishli litsenziyaga ega boʻlsalar ruxsat etiladi.
Qimmatli qogʻozlar bozorida amalga oshiriladigan va ularning narxi, egasi, daromad keltirish darajasi oʻzgarishi, shuningdek qimmatli qogʻozlar yuzasidan qilinadigan oʻzaro hisob-kitoblar bilan bogʻliq har bir operatsiya qonun hujjatlarida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim.
Qimmatli qogʻozlar yuzasidan tuzilgan bitimlar ular amalga oshirilgan vaqtda roʻyxatdan oʻtkazilishi va savdo qilingan joyda qimmatli qogʻozlarni sotib olish va sotish (kliring) kontraktlari boʻyicha hisobot tarzida rasmiylashtirilishi lozim.
Yuridik shaxslar oʻrtasida egasi yozilgan qimmatli qogʻozlar, shuningdek egasi yozilmagan qimmatli qogʻozlar boʻyicha tuzilgan bitimlar roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Tashkiliy yoʻsinda yoʻlga qoʻyilgan bozorda oldi-sotdi bitimlari tuzish chogʻida bitim tuzish va unga oid hisob-kitoblar sanasi oʻrtasidagi vaqt qimmatli qogʻozlar kim oshdi savdosining tashkilotchisi qoidalari, boshqa hollarda esa oldi-sotdi shartnomalari asosida belgilanadi. Belgilangan muddatlar buzilgan taqdirda bitim haqiqiy emas deb hisoblanadi va sotuvchiga yetkazilgan zarar uchun xaridor aybdor ekanligi aniqlansa, uning javobgarligiga sabab boʻladi.
